Muhammad Hakimbiy qoʻshbegi
Muhammad Hakimbiy qoʻshbegi (1769-yil, Buxoro — 1840-yil, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligining harbiy va davlat arbobi, 1812—1837-yillarda bosh vazir (qoʻshbegiyi bolo).
Tarjimayi holi
Muhammad Hakimbiy 1769-yilda Buxoro amirligining poytaxti Buxoro shahrida Oʻtkurbiy xonadonida tavallud topgan. Oʻzbeklarning mangʻit urugʻidan boʻlgan. Amir Haydar davrida (1800—1826) qoʻshbegi katta taʼsirga ega boʻladi. 1800-yilda qoʻshbegi Qarshi beki etib tayinlanadi.
Amir Nasrulloh davriga (1827—1860) kelib, qoʻshbegi oʻzining lavozimini saqlab qoladi, oʻgʻli Ibrohimbekga esa Qarshi beki lavozimi beriladi. Vitkevichning yozishicha, 1835-yilda amir Nasrulloh hokimiyatiga Muhammad Hakimbiy qoʻshbegi kuchli taʼsir koʻrsata boshlagan. Bunga sabab amir Haydar vafotidan soʻng amir farzandlari oʻrtasida taxt uchun oʻzaro kurashlar avj oladi. Tarixchi Mirzo Abdulazim Somiyga koʻra, amirga Buxoro taxtini egallashda qoʻshbegi katta yordam koʻrsatgan, amir Buxoroni qamal qilayotgan paytda qoʻshbegi shahar darvozalarini amir qoʻshinlariga ochib bergan. Qoʻshbegi butun buxoroliklardan va hattoki, amirning oʻzidan ham boyroq boʻlgan. Qoʻshbegi davlatning bosh mansabdori hisoblangani uchun bojxona va soliqlarni ham nazorat qilardi. Bundan tashqari, amirning sogʻligiga javobgar boʻlgani tufayli bozorda amir uchun olib kelinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini, amirni zaharlamasliklari uchun har kuni uning ovqati va ichimligini maxsus idishda berilishini shaxsan nazoratiga olgan. Ayrim saroy aʼyonlarining fitnasi sabab Muhammad Hakimbiy qoʻshbegi va amir Nasrullohning oʻrtasida ziddiyatlar kelib chiqadi. Natijada qoʻshbegi 1837-yilda Qarshiga, soʻngra Nurotaga surgun qilingan, surgundan soʻng Buxoroga chaqirilib, qamoqqa oilngan. 1840-yilda esa qoʻshbegi amir Nasrullohning buyrugʻi bilan qatl etilgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org