Muhammad Bazoum




Muhammad Bazoum (arabcha: محمد بازوم; tugʻ.: 1960-yil 1-yanvar) — nigerlik siyosatchi, 2021–2023-yillar orasida Nigerning 10-prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan. 2020–2021-yillardagi prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonib, muvaffaqiyatsiz davlat toʻntarishidan soʻng, 2021-yil aprel oyida bu lavozimga kirishgan. 2023-yil iyul oyida roʻy bergan prezident gvardiyasi va qurolli kuchlar boshchiligidagi davlat toʻntarishidan soʻng lavozimidan chetlatilgan.

Prezidentlik kursisiga kelishidan avval Niger demokratiya va sotsializm partiyasi (PNDS-Tarayya) raisi boʻlib ishlagan. 1995–1996- hamda 2011–2016-yillarda tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2016-yilda qisqa muddat davomida hukumat rahbari — bosh vazir boʻlgan, keyinroq 2016-yildan to 2021-yilda prezident etib saylangunga qadar ichki ishlar vaziri etib tayinlangan. Shundan soʻng 2020–2021-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga eʼtibor qaratish maqsadida isteʼfoga chiqqan. Bazoum prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida sobiq prezident Mahaman Usmonga qarshi 55,67% ovoz bilan gʻalaba qozongan edi. Bazoum sunniy musulmon boʻlib, Nigerning birinchi arab (Diffa arablari) prezidenti hisoblanadi.

Prezidentlik davri




Bazoum Niger hukumatining yuqori martabali aʼzosi sifatida 2020–2021-yilgi Niger prezidentlik saylovlarida oʻz partiyasi nomidan Issoufouning oʻrniga prezidentlikka nomzod sifatida koʻrsatiladi. Uning prezidentlik kompaniyasi Nigerdagi demografik muammolarni oilalar sonini cheklash hamda qizlarga koʻproq taʼlim berish orqali savodxonlik va gender tengligini oshirish orqali hal qilish kabi gʻoyalarga qaratilgan edi. Bazoum, shuningdek, Nigerdagi IShID isyonkorlarini nishonga olishga, qoʻshni Maliga bu jarayonda yordam berishga, davlat mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlashga va mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurashishga vaʼda bergan. 2020-yil 27-dekabrda boʻlib oʻtgan saylovning birinchi bosqichida atigi 39,30% ovoz toʻplagan. Biroq, 2021-yil fevralida 55,67% ovoz bilan ikkinchi bosqich saylovlarida gʻalaba qozondi va 2-aprel sanasida prezident sifatida qasamyod qiladi. Uning gʻalabasi rasman 21-mart kuni tasdiqlandi. Bazoum 2022-yil dekabr oyida Gʻarbiy Afrika Iqtisodiy va valyuta ittifoqining (inglizcha qisqartmasi: UEMOA) amaldagi prezidenti sifatida tashkilotga aʼzo davlat va hukumat rahbarlarining Abidjan shahrida boʻlib oʻtgan 23-odatdagi sammitida tayinlanadi.

Davlat toʻntarishi




2023-yil 26-iyulda general Abdurahmon Chiyani qoʻmondonligidagi Prezident gvardiyasi askarlari Bazoumni agʻdarish maqsadida prezident saroyini blokirovka qilishdi. Toʻntarish Afrika Ittifoqi va G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) tomonidan qoralandi. ECOWAS fitnachilardan Bazoumni zudlik bilan ozod qilishni talab qilishdi. 2023 yil 13 avgustda Niger hukumati "vakolatli milliy va xalqaro hokimiyat organlari Muhammad Bazoum va uning mahalliy va xorijiy sheriklarini davlatga xiyonat qilish va Nigerning ichki va tashqi xavfsizligiga putur etkazganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortmoqchi" ekanligini e'lon qildi.[1].

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj
Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish

Uzpedia.uz