Mugua
Mugua (milloddan avvalgi II—I asrlar) – qadimgi Dovon davlati hukmdorlaridan biri, boshqa manbalarga koʻra Axsikent hokimi. Mugua Xitoydan kelgan elchini sababsiz qatl ettirgani tufayli, Xan sulolasi imperatori U Di Dovon – Farg‘onaga qarshi urush eʼlon qilgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra elchi Fargʻonaning mashhur samoviy otlarini soʻrab kelgani uchun oʻldirilgan. Nikita Bichurinning maʼlumot berishicha, Mugua jasur va qatʼiyatli hukmdor bo‘lib, miloddan avvalgi 104-yili Xitoy qoʻshinlarini tor-mor qilgan. Biroq bu mag‘lubiyatdan Xitoy hukmdori qattiq gʻazablanib, ikkinchi bor askar jo‘natgan. Ikkinchi yurishda shahar qirq kun qattiq qamal ostiga olinadi. Og‘ir ahvol yuzaga kelgandan soʻng shahar oqsoqollari kengashi urush aybdori boʻlgan Muguani qatl qilish haqida qaror chiqarishga majbur boʻlgan. Qatl qilingan Mugua oʻrniga oqsoqollardan biri boʻlgan Motsay taxtga oʻtirgan. Motsay xitoyliklarga 3 mingta ot berish orqali tinchlik oʻrnatgan. Biroq xitoyliklar ortga qaytgandan soʻng aholi tomonidan agʻdarilgan va taxtga Muguaning ukasi oʻtqazilgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org