Monashe Abramov




Monashe Mishailovich Abramov (1926-yil 20-dekabr, Samarqand, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR — 1998-yil 13-oktyabr, Samarqand, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston) — sovet va oʻzbekistonlik sharqshunos, tarixchi. Professor, tarix fanlari doktori.

Tarjimayi holi



Monashe Abramov 1926-yil 20-dekabrda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Monashe Abramov kelib chiqishi Buxoro yahudiylariga borib taqaladi. 1933−1941-yillarda Samarqand shahridagi 25-oʻrta maktabda oʻqigan. 1941−1944-yillarda Samarqand pedagogika institutida, 1944−1946-yillarda Samarqand davlat universiteti tarix fakultetitda tahsil olgan.

1949-yil iyul oyida Samarqand shahridagi Maksim Gorkiy nomidagi pedagogika institutiga ishga qabul qilingan, keyinchalik O‘zbekiston davlat universiteti dotsenti vazifasini bajaruvchi boʻlib ishlagan. 1960–1982-yillarda Monashe Abramov Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekan muovini lavozimida ishlagan. 1982–1998-yillarda Monashe Abramov tarix fakultetining O‘zbekiston xalqlari tarixi kafedrasini boshqargan.

Vafoti



Monashe Abramov 1998-yil 13-oktybarda Samarqandda vafot etgan. Samarqanddagi yahudiylar qabristoniga dafn etilgan.

Ilmiy faoliyati



Monashe Abramovning ilmiy-tadqiqot faoliyati Samarqand tarixi va Buxoro yahudiylari tarixini oʻrganishga qaratilgan edi. 100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi boʻlgan. Monashe Abramov professor Ivan Umnyakov ilmiy rahbarligida 1958-yilda „Samarqand viloyatidagi „Qoʻshchi“ uyushmasining faoliyati (1919–1927)“ (ruscha: «Деятельность союза „Кошчи“ в Самаркандской области (1919–1927 гг.)») mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

1989-yilda tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun ruscha: „Социально-экономическая и культурная жизнь Самарканда в XVI- первой половине XIX вв.“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Eng mashhur ilmiy asarlari: ruscha: „Из истории Самарканда 30-40 годов XIII века“, „Из истории Самарканда конца XIII века“, „Из истории производства самаркандской бумаги“, „История Самарканда в его микротопонимах“, „Культура народов Средней Азии XIII-XV вв., „Гузары Самарканда“ (1989), „Бухарские евреи в Самарканде (1843-1917 гг.)“ (1993), „Улугбек и благоустройство городов Узбекистана“ (1991), „Samarqand qabristonlari“ (1995), „Tazkirai adabiyoti yahudiyoni buxori“ (1997) kitoblari hisoblanadi.

1994-yil 16-dekabrda Samarqand davlat universiteti tomonidan „faxriy professor“ ilmiy unvoni berilgan.

Mukofotlari



Monashe Abramov 1947-yilda „1941−1945-yillarda Ulugʻ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun“ medali, 1994-yilda „Shuhrat“ medali, 1998-yilda „Doʻstlik“ ordeni, 1977-yilda „Xalq taʼlimi aʼlochisi“, 1987-yilda „Oliy taʼlim aʼlochisi“ koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz