Moida surasi




Moida surasi (arabcha: سورة المائدة, nomining maʼnosi — Dasturxon[8][9]) — Qurʼonning 5-surasi. Madaniy suralardan biri, 120 oyatdan iborat. Bu sura Qurʼonning 106–127-sahifasida va 6-7-juzida joylashgan. 112-boʻlib nozil boʻlgan.

Asosiy maʼnosi



Qurʼonning eng soʻnggi suralaridan sanaluvchi bu sura Madinada nozil qilingan boʻlib, bir
yuz yigirma oyatdan iboratdir. Unda shariat ahkomlari batafsil bayon etilishi bilan
birgalikda, eʼtiqod mavzui va ahli kitob haqida ham soʻz yuritiladi. Ushbu surada kishilar
oʻrtasidagi aqd (bitim, kelishuv) muomalalari; goʻshti halol boʻlgan hayvonlarni soʻyish
masalalari; ov haqidagi hukmlar: haj va umra kabi ibodatlar uchun shart boʻlgan ihrom
bayoni; ahli kitoblardan boʻlgan ayollarga uylanish joizligi xususidagi xukmlar; tahorat oʻgʻrilik, zoʻravonlik va buzgʻunchilik jinoyatlarining jazolari; ichkilik va qimor toʻgʻrisidagi soʻnggi-qatʼiy xukm va shariati islomiyyaning yana boshqa koʻpdan-koʻp hukm va qonunlari haqida mufassal maʼlumot beriladi.

Bundan tashqari bu surada bizlarga pand-nasihat va ibrat boʻladigan qissalar hikoya
qilinadi. Shunday qissalardan biri Bani Isroilning oʻz paygʻambarlari Muso alayhis-salom
bilan boʻlgan mojarolari boʻlib, unda yahudiylar iymonsiz va qoʻrqoqliklari sababli
paygʻambar soʻziga kirmay, oqibatda qirq yillab choʻlu sahrolarda sarson-sargardon
boʻlib yurganlari aytiladi.

Yana bir qissada esa Odamning ikki farzandi — Qobil va Hobil oʻrtasida boʻlib oʻtgan
mujodala — Qobil oʻz birodari Hobilni nohaq oʻldirgani toʻgʻrisida xabar berilib, bu qissa
orqali yaxshilik bilan yomonlik oʻrtasidagi doimiy kurash tasvirlanadi. Bu fojea yer
yuzidagi nohaq qon toʻkilish fojealarining birinchisi edi.

Yana Iyso paygʻambarga berilgan moʻʻjizalardan biri — osmondan moida (dasturxon)
tushgani voqeasi ham borki, suraning „Moida“ deb atalishining boisi shudir.

Manbalar




Moida surasi (Wayback Machine saytida 2012-06-30 sanasida arxivlangan) — Oʻzbek tilida

uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz