Mixail Kurzin
Kurzin Mixail Ivanovich (1888-yil, Barnaul, Rossiya imperiyasi – 1957-yil, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – rassom, oʻqituvchi, sibir va oʻzbek avangard rassom yetakchilaridan biri.
Hayoti
Mixail Kurzin 1888-yilda Barnaul, Rossiya imperiyasida tugʻilgan.
1904—1907-yillarda Qozon rassomlik bilim yurtida tahsil olgan. 1908-yildan boshlab Moskva rassomlik, haykaltaroshlik va arxitektura institutida oʻqigan. Uning ustozi K. Korovin boʻlgan. 1910—1912-yillarda Sankt-Peterburgda rassom Brenshteynning qoʻlida ishlagan. 1916-yilda u armiya safiga chaqiruv xati olgan. 1918-yilda xizmatni oʻtab Barnaulga qaytgan. U oʻz atrofida bir guruh rassomlarni birlashtirib Oltoy oʻlkasidagi badiiy-texnika ustaxonalarida dars bergan. 1919-yilda Toshkent va Xitoyga sayohat qilgan. 1921—1922 yillarda u Moskva davlat institutida materiallar texnologiyasidan dars bergan.
1923-yilda rafiqasi Yelena Korovai bilan birga Qrimga koʻchib oʻtgan. 1924-yilda Toshkentga koʻchib kelgan va umrining oxirigacha shu yerda yashagan. U Toshkentdagi teatrlaridan birida rassom boʻlib ishlagan. 1927-yilda u Mastera Novogo Vostoka rassomlar guruhini tuzgan. 1929-yilda Toshkent tasviriy sanʼat hodimlari uyushmasining raisi boʻlib ishlagan.
1930-yilda V. P. Markovaga uylangan. Uning xotini ham rassom boʻlgan.
1936-yilda sud qilinib, besh yilga qamalgan. 1945-yildan boshlab Buxoroda yashagan. 1948-yilda u yana sud qilinib Krasnoyarsk oʻlkasiga surgun qilingan. 1956-yilda u ozodlikka chiqarilgan, 1957-yilda esa Toshkentda vafot etgan.
Mixail Kurzinning saqlanib qolgan asarlarining aksariyati Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyida va Toshkentdagi Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi, shuningdek, ayrim asarlari Rossiya davlat muzeyi, Barnaul va Omsk muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org