Mirsaid Shomirboyev
Mirsaid Shomirboyev (1901-yilda Namanganda tugʻilgan — 1938-yil) — qatagʻonga uchragan oʻzbek harbiy kadrlaridan biri. 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasini boshqargan.
Tarjimayi holi
Mirsaid Shomirboyev 1901-yil Namanganda savdogar oilasida tugʻilgan. Otasi tujjor boʻlishiga qaramay, oʻrta maktabni tamomlagach, shoʻrolarning siyosiy hayotida faol shaxsga aylanadi. 1927—1937-yillarda VKP(b) ning aʼzosi boʻlgan. 1937-yil 10-sentyabrgacha 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi 42-otliq polki maktabining rahbari boʻlgan. Harbiy unvoni — kapitan. M.Shomirboyev 1937-yil 11-sentyabrda Oʻrta Osiyo harbiy okrugi Ichki ishlar Xalq komissarligi (NKVD) maxsus boʻlimi tomonidan milliy aksilsovet tashkilotiga aʼzo sifatida gumon qilinib, qamoqqa olingan.
1937-yilning 29-dekabrda boʻlib oʻtgan soʻroq paytida Shomirboyev oʻziga qoʻyilgan barcha aybllar va koʻrsatmalarni rad etadi. 1938-yil 11-fevralda 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining sobiq qoʻmondoni Mirkomil Mirsharopov bilan yuzlashtirilganda, Mirsharopov 1933-yilda Shomirboyevni diviziyadagi milliy aksilinqilobiy tashkilotga jalb etganligi haqida koʻrsatma bergan. Lekin Mirsharopovning bu koʻrsatmasi Shomirboyev tomonidan rad etilgan. 1938-yilning 3-oktyabrda boʻlgan soʻroq jarayonida Shomirboyev 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi tarkibida hech qanday milliy aksilinqilobiy tashkilotni bilmasligi toʻgʻrisida koʻrsatma bergan va boshqa soʻroqqa chaqirilmagan. 1938-yilning 10-oktyabr kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasida Mirsaid Shomirboyevning ishi koʻrib chiqiladi. Uni 19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining koʻplab aʼzolariga qoʻyilgan Oʻz SSR Jinoyat kodeksining 57-2, 64 va 67-moddalari boʻyicha aybdor deb topilib otuvga hukm qilingan.
19-oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining bir qator taniqli harbiy kadrlari „xalq dushmani“ sifatida nohaq qamoqqa olingach, ular bilan faoliyat yuritgan boshqa harbiy hamkasblari ham tergovga jalb qilingan.
Oqlanishi
Mirsaid Shomirboyevning tergov ishi 1956-yilda qayta koʻrib chiqiladi. 1956-yilning 31-iyulida Turkiston Harbiy okrugi prokurori Shomirboyevning faoliyatida jinoyat unsurlari yoʻqligi va uning ishi harakatdan toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi xulosani bosh prokurorga yuborgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org