Mirishkor tumani
Mirishkor tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 2003-yil 6-yanvarida Usmon Yusupov va Bahoriston tumanlarining birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan. Mirishkor tumani Qashqadaryo viloyatining janubi-gʻarbida joylashgan. Tuman shimoldan Muborak, sharqdan Kasbi, Qarshi, Nishon tumanlari, gʻarbdan Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari, janubdan Turkmanistonning Lebap viloyati bilan chegaradosh. Mirishkor tumanida 40 fuqarolar yigʻini (Avazchoʻl, Vori, Guliston. Gulshanbogʻ, Jeynov, Mirishkor, Navbahor, Obod, Pomuq, Chamanzor, Chandir, Yangiobod) bor. Maydoni 3,1 ming km. Mirishkor tumani hududi jihatidan Qashqadaryo viloyatida 3 oʻrinda turadi. Aholisi 124,100 kishi (2022-yil 1-yanvar). Eng yirik aholi punti -Jeynov shaharchasi (26,4 ming kishi) Tuman markazi - Yangi Mirishkor qishlogʻi. Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, arab, turkman, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 kmʼ ga oʻrtacha 28,1 kishi (2005).
Tabiati
Tuman hududi Qarshi choʻli zonasida joylashgan. Relyefi, asosan, tekisliklardan iborat boʻlib, sharqdan janubi-gʻarb tomon biroz pasayib boradi (Qorabuloq botigʻida 280 m gacha pasayadi). Mirishkor tumani huludidagi qirlardan chorva uchun yaylov sifatida foydalanilali.
Tumanning gʻarbiy va janubiy hududi yarim mustahkamlangan qumli maydonlar bilan band. Koʻchma qum barxanlari, eol-akkumulyativ, yaʼni shamol yotqiziqli qumtepa-joʻyakli relyef shakllari, gil yotqiziqli yassi yuzali tekisliklar bor. Toʻrtlamchi davrning choʻkindi yotqiziqlari tagida neogen va paleogen davrining giltosh, qumtosh, ohaktosh, gips-angidritli dengiz yotqiziqlari, boʻr va yura davrlarining issiq va sernam sharoitli dengiz yotqiziqlari uchraydi. Mirishkor tumanida bir qancha berk botiqlar: Qorabuloq, Dengizkoʻl, Xoʻjam Sayot, Qirqchashma va boshqa bor. Ularda shifobaxsh balchiqlar, tuz qatlamlari hosil boʻlgan. Tuman hududida Alang, Pomuq, Kultogʻ, Koʻkdumaloq, Oʻrtabuloq, Zevarda, Dengizkoʻl kabi neft, gaz va kondensatga boy konlar mavjud.
Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati 2°, iyulniki 28°— 29,5°. Yozi issiq, quruq, davomli. Eng past harorat —28°, eng yuqori harorat 47°. Yozda garmsel shamoli taʼsirida oʻt-oʻlanlar qurib qoladi. Vegetatsiya davri 242 kun. Yillik yogʻin 130–200 mm. Tuproqlari gil, shoʻrxok, oʻtloq, oddiy boʻz tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan °juzgʻun, iloq, silen, shayton-kovush, karrak, qizil qandim, yetmak, saksovul, shuvoq, shoʻra, tuyaqorin, yantoq, qoʻngʻirbosh, ]lolaqizgʻaldoq, qamish, yalpiz, isiriq, chitir, chuch-moma, zira va boshqa oʻsadi. Yovvoyi xayvonlardan tulki, chiyaboʻri, jayron, sichqon, kalamush, tipratikan, yumronqoziq, sudraluvchilardan echkemar, kaltakesak, har xil ilonlar; qushlardan tustovuq, kaptar, chumchuq, burgut, turna, laylak, qaldirgʻoch, musicha, sassiqpopishak va boshqa bor. Tuman yerlari Amudaryodan suv oladigan Mirishkor kanalidan sugʻoriladi.
Mahallalar
Mirishkor tumani 40 ta mahalla fuqarolar yigʻinidan tashkil topgan.
Moddiy madaniy meros obyektlari
Mirishkor tumanida 18 ta obyekt Oʻzbekiston Respublikasining Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Arxeologiya yodgorliklari
Tumanda jami 9 ta arxeologiya yodgorligi davlat muhofazasiga olingan.
Arxitektura yodgorliklari
Tumanda jami 6 ta arxitektura yodgorligi davlat muhofazasiga olingan.
Monumental sanʼat yodgorliklari
Tumanda jami 2 ta monumental sanʼat yodgorligi milliy roʻyxatga kiritilgan.
Diqqatga sazovor joylar
Tumanda jami 1 ta diqqatga sazovor joylar milliy roʻyxatga kiritilgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org