Mir Sarbarahna
Mir Sarbarahna, Sayid Shamsiddin Muhammad Andijoniy (Andijon – 15-asr – Hirot) – shayx, mutavalliy, sadr.
Ilm olish uchun Samarqandga keladi, tolibi ilmlar davrasiga qoʻshiladi. Hirotga kelgach, Alisher Navoiyning inoyati va tarbiyati bilan kamolot kasb etib, katta hurmat-eʼtibor qozongan. Xondamir “Xulosat ul-axbor” asarida:
“Feʼlining xushligi, soʻzlarining muloyimligi, fahmining tezligi hamda zehnining oʻtkirligi bilan zamon fozillari va davronning ziyrak kishilari orasida tamom ajralib turadi. Hammavaqt soʻzlari shirin va maʼnoli hikoyatlari, goʻzal, suhbatlari ajoyib va gʻaroyibdir”, deb uning taʼrifini keltiradi.
Ilmi va xulqi bilan Husayn Boyqaroga ham maʼqul keladi va sadrlik mansabiga koʻtariladi. Yigirma yilga yaqin Shayx Luqmon mozorida shayx va mutavalliy boʻladi. Keyin oʻz ixtiyori bilan isteʼfo beradi.
“Majolis un-nafois”da Navoiy Mir Sarbarahna oʻz vazifasini sidqidildan, halol ado etgani, biror kishi uning ishidan ayb topa olmaganini qayd etadi. Unga koʻra, Mir Sarbarahna tirziq – bir-biriga munosabatsiz ravishda birikkan soʻzlar, vositasiz bogʻlangan sheʼr aytmoq qoidasini kashf qilgan. Baʼzi-baʼzida yaxshi tirziqlar ham ijod qiladi deb, bir maʼrakada aytgan quyidagi ruboiysini keltiradi:
Onan, ki parastandai xurshid-u mahand,
Az chashmi tu dar orzoʻyi yak nigahand.
Kungur agar in ast, ki man mebinam,
Xuboni digar pitangi taʼlimgahand[3].
Manbalar
uz.wikipedia.org