Mir Ixtiyoriddin
Mir Ixtiyoriddin (15-asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan xurosonlik shoir. Arab tili va fiqhni mukammal darajada bilgan. Alisher Navoiy uning nomini “Majolis un-nafois”ning toʻrtinchi majlisida tilga olib, yaxshi sheʼriy tabʼi borligi, xush xulq-atvorli yigit ekanini aytadi. Mavlono Nizomiddin qozilik qilgan paytida uning mahkamasidagi barcha hukmnoma va farmonlar Mir Ixtiyoriddinning tasarrufida boʻlgan. Fiqh ilmiga doir risola ham bitgan. “Majolis un-nafois”da uning “Poyi Hisor” hovuzi qurilishi munosabati bilan yozgan quyidagi taʼrixi keltirilgan:
Havze, ki chu xoham az safoyash goʻyam,
Sad bor dahan ba obi hayvon shoʻyam.
Har chand, ki hast manbaash chashmayi Xizr,
Taʼrixi vay az “soqiyi kavsar” joʻyam[2].
(Mazmuni: Bu hovuzning tozaligidan soʻzlamoqchi boʻlganimda, ogʻzimni yuz marta obi hayot bilan yuvaman. Garchi, Xizr chashmasi boʻlsa ham taʼrixini “Kavsar soqiysi”dan axtaraman).
Sheʼrning taʼrix moddasi “soqiyi kavsar” iborasi boʻlib, undagi harflar abjad hisobi boʻyicha aniqlanganda, 897-hijriy-qamariy/1486–87-milodiy yilga toʻgʻri keladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org