Mir Boqiy tim madrasasi qoldiqlari
Mir Baqoboy madrasasi (Xoja Mullo Mir Baqo madrasasi; Mir Boqiy tim madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida saqlanib qolmagan 2 qavatli madrasa. 1905–1911-yillarda qurilgan.
2019-yildan davlat himoyasidagi, lekin 2009—2010-yillarda yoʻq qilib yuborilgan "Oʻzbekiston madaniy meʼrosi obyekti".
Madrasani qayta tiklash va taʼmirlash uchun 2010-yilgi davlat dasturiga koʻra mablagʻlar ajratilganligiga qaramay, u nomaʼlum sabablarga koʻra butkul buzib tashlangan va uning oʻrnida uy-joy qurilgan.
Yoʻq qilib yuborilgan madrasa 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga boshqa Mir Boqiy Tim madrasasi nomi ostida kiritilgan.
Tarixi
Madrasa 1905–1911-yillarda Buxoro amirligi poytaxtining Toʻpxona guzarida, oʻzbek hukmdorlari Abdulahadxon (1885–1910) va Said Olimxon (1910–1920) hukmronligi davrida, Mir Baqoboy ismli shaxs mablagʻlari evaziga bunyod etilgan.
Mir Baqoboy Abdulahadxon davrida Buxoroning katta boylaridan biri boʻlgan. U asosan gilam va baxmal matosi bilan tadbirkorlik qilgan. Abdullaxon timida uning doʻkoni bor edi. Tijorat orqali orttirgan mablagʻi evaziga ushbu madrasani qurdirgan. Bizgacha madrasaning vaqf hujjatlari yetib kelgan.
Sovetlar hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng, madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.
2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2015-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, yoʻqotilgan qismini qayta tiklash, konstruktiv mustahkamlash va restavratsiyalash ishlari rejalashtirilgan va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 100 million soʻm mablagʻ ajratilganligiga qaramay, meʼmoriy yodgorlik 2009—2010-yillarda butkul buzib tashlangan va uning oʻrnida uy-joy qurilgan.
Yoʻq qilib yuborilgan bino 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga boshqa Mir Boqiy Tim madrasasi nomi ostida kiritilgan.
Buxoro shahridagi Mirzo Ulugʻbek MFYga qarashli Toʻpxona nomli koʻchada joylashgan edi.
Meʼmorchiligi
Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan boʻlgan, 22 hujra, darsxona va masjiddan iborat boʻlgan.
Manbalar
Havolalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org