Milliy blok
1919-yil noyabr oyida urushdan keyin birinchi
marta parlamentga saylov o‘tkazildi. Saylovgacha
o‘ng partiyalar «Milliy blok» deb ataluvchi ittifoqqa birlashdi. Blokni o‘ta o‘ng partiyalar —
«Milliy respublikachilik partiyasi», Respublikachi-demokratik partiya» —
tuzgan edilar. Radikallar va Respublikachilar partiyalari ularga qo‘shilgan. Uning ichki va tashqi siyosati
Versal shartnomasi Fransiyaga juda katta foyda keltirgan bo‘lsa-da, o‘ta
o‘ng kuchlarni u qanoatlantirmas edi. Shuning uchun ular Versal
shartnomasini Fransiya diplomatiyasining muvaffaqiyatsizligi deb
hisobladilar. Shu bois saylov oldidan o‘ta o‘ng partiyalar mamlakatda
millatchilik g‘oyalarini zo‘r berib avj oldirdilar. Ayni paytda ular aholining
ma’lum qismini «bolshevizm xavfi» bilan ham cho‘chitishga erishdilar.
Bu omillar «Milliy blok»ning saylovda g‘alaba qozonishini ta’minladi.
Ular Millat Majlisidagi jami o‘rinlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini
egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Bu o‘ng kuchlar g‘alabasining rekord darajasi edi. «Milliy blok» hukumatini A. Milyeran (1859—1943) boshqardi.
«Milliy blok»ning ichki siyosatdagi asosiy vazifasi mamlakatda inqilob
ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy harakat to‘lqinini pasaytirish edi.
Shuning uchun ham u saylovchilarga ishchilarning daromadidan o‘z
ulushlarini olishlariga imkoniyat yaratish, ularga korxonalarni boshqarishda
qatnashish huquqini berish kabi chuqur ijtimoiy islohotlarni amalga
oshirishga va’da berdi.
Biroq tez orada boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi bu va’dalarni
bajarishga imkon bermadi. Aksincha, A. Milyeran hukumati, yirik kapital
xohishi o‘laroq, 8 soatlik ish vaqti joriy etish to‘g‘risidagi qonunni amalda
joriy etishga to‘sqinlik ham qildi. Soliqlar yukini kamaytirmadi. Ish haqi
oshirilishi haqidagi talablarga qarshilik ko‘rsatdi. Bunday siyosat mamlakatda kuchli ish tashlash harakati avj olishiga olib keldi. 1919-yilda bu
harakatlarda 1,2 mln dan ortiq ishchi qatnashdi.
O‘ta o‘ng partiyalar siyosatiga qarshi pozitsiyada turadigan yirik siyosiy
kuch Fransiya sotsialistik partiyasi (FSP) edi. Biroq uning safida ham birlik
yo‘q edi. Bu partiyada o‘ng, markaz va so‘l qanot deb ataluvchi guruhlar
o‘rtasida o‘zaro ichki kurash davom etmoqda edi.
1920-yilning dekabr oyida FSPda bo‘linish yuz berdi. Bo‘linib chiqqan
qism yangi siyosiy partiya — Fransiya Kommunistik partiyasini (FKP)
tuzdi. Ijtimoiy harakatda ana shunday bo‘linishlar, shuningdek, kasaba
uyushmalarida hukumat bilan kelishishga intiluvchi tomon kuchli mavqega
egaligi hukumatni mamlakatda tub ijtimoiy islohotlarni o‘tkazishga majbur
etish imkonini bermadi.
«Milliy blok» tashqi siyosatida Fransiyaning Yevropada yetakchi davlat
bo‘lib qolishi uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rdi. Chunonchi,
u Germaniyani mumkin qadar kuchsizlantirishga intildi. 1920—1921-yillarda
Fransiya ta’siri ostida Chexoslovakiya — Ruminiya — Yugoslaviya ittifoqi
tuzildi. U tarixda «Kichik Antanta» nomi bilan ham ma’lum. Bundan
tashqari, 1921-yilda ham Sovet Rossiyasi, ham Germaniyaga qarshi
qaratilgan Fransiya — Polsha harbiy ittifoqi tuzildi.
Bunga javoban Germaniya va Rossiya 1922-yilda Rapallo shartnomasi
deb atalgan savdo-iqtisodiy shartnomani imzoladilar. Shartnoma har ikkala
mamlakatning xalqaro mavqeyini mustahkamladi.
Fransiyaning Yevropada o‘z gegemonligini butun choralar bilan qaror
toptirishga urinishi uning Buyuk Britaniya va AQSH bilan munosabatlarini
sovuqlashtirdi. Buyuk Britaniya Yevropada Fransiyaning gegemon bo‘lishini
aslo istamas, aksincha, bu mavqega o‘zi da’vogarlik qilardi.
Xalqaro maydonda gegemonlikka da’vogar AQSH ham Fransiyaning
yanada kuchayib ketishini xohlamas edi. Shuning uchun Buyuk Britaniya
va AQSH Germaniya Fransiyaga to‘lashi lozim bo‘lgan tovon miqdorini
mumkin qadar kamaytirishga intilganlar. Buning ustiga, Germaniya tovonni
hamisha ham vaqtida va belgilangan miqdorda to‘lash qobiliyatiga ega
bo‘lmagan. Germaniya tovonning bir qismini ko‘mir bilan to‘lash
majburiyatini ham olgan edi. 1922-yilda Rur viloyatidan Fransiyaga ko‘mir
yuborishni to‘xtatdi.
Bu hodisa Fransiya metallurgiya sanoati rivojiga katta salbiy ta’sir
ko‘rsatdi. Buning oldini olish maqsadida «Milliy blok» hukumati (bu vaqtda
uni ashaddiy militarist va shovinist R. Puankare boshqarar edi) 1923-yil
yanvarda Rur viloyatiga qo‘shin kiritdi va uni bosib oldi. Biroq Fransiya
o‘z maqsadiga erisha olmadi. Rur ko‘mir konlari ishchilari (nemislar)
Germaniya hukumatining chaqirig‘i bilan ko‘mir qazib chiqarish va uni
vagonlarga ortishdan bosh tortdilar. Natijada Fransiyaning o‘nlab metallurgiya zavodlarida ish to‘xtab qoldi. Ayni paytda istilochi qo‘shinni saqlab
turish hukumatni ma’nosiz katta xarajat qilishga majbur etdi. Bu xarajat
soliqlarni yanada oshirish evaziga amalga oshirildi. Mamlakatda pul
qadrsizlandi. Bu esa Fransiyada ichki siyosiy vaziyatni keskinlashtirib yubordi.
Rur istilosi xalqaro munosabatlarda tanglik yuz berishiga olib keldi. Buyuk
Britaniya Germaniyaning yonini ola boshladi. AQSH va Buyuk Britaniya
Fransiyaning Yevropa qit’asida gegemonlik o‘rnatish xomxayolini butunlay
chippakka chiqarish yo‘llarini qidira boshladilar. Bu yo‘lni topdilar ham.
Bu yo‘l Germaniya iqtisodiyotini tiklash va bu bilan Germaniyaning Yevropa
siyosiy hayotidagi rolini oshirishga xizmat qiluvchi Daues rejasini hayotga
tatbiq etish edi.
Shu tariqa Rur istilosi aslida hukumatning kaltabin siyosati bo‘lib chiqdi.
Bu istilo Fransiyaning ichki va tashqi ahvolini yomonlashtirib yubordi. Bu
esa oxir-oqibatda «Milliy blok»ning 1924-yildagi saylovda mag‘lubiyatga
uchrashiga olib keldi.
Blokning qulashi
Sotsialistik partiya bilan orani ochiq qilgan Radikallar partiyasi o‘nglar
bilan hamkorlik yo‘liga o‘tdi. O‘ng kuchlar radikallar bilan koalitsion
hukumat tuzdilar. Bu hukumat «Milliy blok» hukumati deb ataldi va unga
yana R. Puankare (1860 — 1934) boshchilik qildi. Parlament R. Puankarega
moliyaviy islohot uchun cheklanmagan vakolatlar berdi. Chunonchi,
hukumat soliqlarni 9 mlrd frankka ko‘paytirdi. Davlat xarajatlarini
qisqartirdi. Urush nogironlariga to‘lanadigan nafaqalar kamaytirildi.
1926-yilda frankning barqarorlashuviga erishildi (1 dollar avvalgi 47
frank o‘rniga 24,8 frankka teng bo‘ldi). Inflatsiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan
mayda mulkdorlar R. Puankarega frank xaloskori deb qaray boshladi. Bundan
tashqari, shu yilning o‘zida davlat budjeti daromadlari ilk bor urushdan
keyingi xarajatlardan ortiq bo‘ldi.
Moliyaviy barqarorlik, o‘z navbatida, iqtisodiyotning umumiy yuksalishi
boshlanganini anglatar edi. Fransiya sanoati mahsuloti hajmi birinchi bor
urushdan oldingi darajadan ortiq bo‘ldi. 1930-yilga kelganda Fransiyada
ikki jahon urushi oralig‘idagi eng yuqori sanoat ishlab chiqarishiga va savdo aylanmasiga erishildi. U sanoat taraqqiyotining o‘sish surati bo‘yicha
Buyuk Britaniya va Germaniyani ortda qoldirdi. Iqtisodiyotda davom etgan
barqaror taraqqiyot aholi turmush darajasi o‘sishiga ham ijobiy ta’sir
ko‘rsatdi. Chunonchi, 1926-yildan boshlab ishsizlik, keksalik nafaqalari
hamda kasallik, nogironlik va homiladorlik yordam pullari joriy etildi.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org