Mifologiyada xizr obrazi
MIFOLOGIYADA "XIZR" OBRAZI Mifologik obrazlar mifologik dunyoqarash hosilasi bo‘lib, ular ibtidoiy insonning mental faoliyati jarayonida uning qiziqishi va bilish ehtiyoji natijasida o‘zi uchun mavhum bo‘lgan hodisalar (masalan, tabiat voqeliklari, turli kasalliklar)ni idrok etishi, tushunishi va umumlashtirishi orqali yuzaga kelgan.
Qadimgi ajdodlarimizning ibtidoiy tasavvur-tushunchalari, e'tiqodiy qarashlari, diniy-mifologik dunyoqarashi zamirida kelib chiqqan hamda o‘zida mifik inonchlar mohiyatini ifoda etgan an'anaviy personaj yoki obraz
"mifologik personaj" yoki
"mifologik obraz" deb yuritiladi.
Xizr obrazining genetik ildizlari qadimiy kultlar va inonchlar bilan aloqadordir. "Xizr" so‘zi arab tilidagi
"Xazara" ("doimiy yashillik") so‘zidan kelib chiqqan. Xizr - turkiy xalqlarning suv, olov, issiqlik, bahor, hosildorlik, yashillik va hayot suvi to‘g‘risidagi mifologik tasavvurlari asosida yaratilgan. Ozarbayjon olimi M.Seyidov "Xizr" so‘zining etimologiyasini "olov", "o‘t"(o‘simlik) so‘zlari bilan aloqador ekanligini qayd etadi.
O‘zbek folklorshunoslaridan M.Afzalov Xizr obrazining qadimgi pir-homiylar to‘g‘risidagi xalq qarashlari zamiridan o‘sib chiqqanligini. G‘.Akramov esa uning ajdodlar homiyligi bilan bog‘liq e'tiqodlar va shomonizm ta'sirida yuzaga kelganligini ta'kidlagan.
B.Sarimsoqov "kinnachilikning pirlaridan biri Xizr bo‘lib, islomga qadar juda ko‘p turkiy xalqlar unga sig‘inganlar" deydi.
F.Nurmanovning Xizr obrazi genezisi va uning o‘zbek folkloridagi talqini masalasiga bag‘ishlangan tadqiqot ishida islom diniga e'tiqod qiluvchi turkiy xalqlar folklorida keng tarqalgan bu timsol mifologik homiy, madadkor ruh, chol qiyofasidagi g‘ayrioddiy ko‘makchi sifatida tasavvur qilingani aytiladi.
Umuman aytganda, xalqimiz orasida xizr hamisha ezgu homiy sifatida tasavvur qilinadigan mifologik personajdir. Xizrning abadiy yashashi, ya'ni hech qachon o‘lmasligi bilan bog‘liq mifologik qarashlar "Xizr umri" tushunchasida ham o‘z aksini topgan.
O‘zbek mifologiyasida tabiatning erta bahorgi uyg‘onishi, qor va muzlarning erishi hamda o‘simliklarning o‘sa boshlashi ham Xizr obrazi bilan bog‘lab tasavvur qilingan.
Jo‘rayev M, O‘rayeva D - O‘zbek mifologiyasi, Toshkent "O‘qituvchi" nashriyoti, 2019
uz.wikipedia.org