Maymanoq
Maymanoq (ruscha: Майманак) — Oʻzbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati Kasbi tumaniga qarashli shaharcha hisoblanadi. 2009-yil 13-martda Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan shaharcha maqomi berilgan.
Etimologiyasi
Shaharcha nomi arab tilidan oʻzlashtirilgan boʻlib, maymana soʻzi qoʻshinning oʻng tomoni sifatida qoʻllaniladi. Lugʻatshunos olim Suyun Qorayevning izlanishlariga koʻra, qirgʻiz xalqining manaq nomli urugʻi ayni shu hudud nomi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Maymanoq asli qadim tarixiy eron tillariga mansub nom hisoblanadi. Shaharcha nomini may + man + (-) aq yoki may + manak dan tarkib topgan. Manaq yoki manak soʻzlari qishloqcha maʼnosida qoʻllanilgan. Maymanak bu kichik Manak qishlogʻi hisoblanadi.
Oʻxshash joy nomlari
Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida Manaq nomli qishloq bor. Afgʻonistonda esa bir shahar nomi Maymana deb ataladi.
Joylashuvi
Maymanoq shaharchasi Kasbi tumanining shimoliy qismida, ayni tuman chegarasida joylashgan. Hududga yaqin aholi punktlari Olchin va Koʻhna Qatagʻon shaharchalari hisoblanadi. Maymanoqtogʻ togʻ tizmasi shaharning janubiy-gʻarbiy qismida joylashgan va shahar hududiga kirmaydi.
Iqlimi
Shaharchaga yaqin hududda Maymanoq togʻ tizmasi mavjudligi shahar iqlimiga taʼsir qiladi. Maqmanoqning iqlimi keskin kontinental boʻlib, yozi issiq, quruq va uzoq davom etadi. Bahor va kuzda yogʻin kam miqdorda tushadi. Qishda qor juda oz yogʻadi, qattiq sovuq boʻlmaydi. Yanvar oyining oʻrtacha harorati 0° C dan 6° C gacha, iyul oyiniki esa 28,2°-31,6° C ga yetadi. Yil davomida yogʻingarchilik kunlari 58-60 kundan oshmaydi.
Aholisi
2013-yildagi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, Maymanoq shaharchasida 19517 nafar kishi yashagan. 2016-yil 1-yanvardagi xatlov natijasiga koʻra esa bu koʻrsatkich 21 mingdan ortiqroq boʻlgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org