Mayda gulli oksitropis
Mayda gulli oksitropis ( lotincha: Oxytropis tyttantha ) — dukkakdoshlar (Fabaceae) oilasiga mansub ikki pallali oksitropis o‘simliklar turi. Birinchi marta rossiyalik botanik Nikolay Fedorovich Goncharov tomonidan ifodalangan .
Tarqalishi va o‘sish joyi
Ushbu o‘simlik turi O‘zbekiston janubidagi endemik, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan topilgan. Hisor tizmasi va Qashqadaryo, Sangardak, To‘palang daryolari havzalarida uchraydi.
Tog‘ning o‘rta va yuqori qismlaridagi toshli va mayda tuproqli yonbag‘irlarda, yuzasi ochilib qolgan qizil tuproqlarda o‘sadi.
Botanik tavsifi
Quyoshsevar ko‘p yillik mazkur o‘simlikning balandligi 10-12 sm.
Bu o‘simlikning poyasi yo‘q. Barglari murakkab, oval yoki cho‘zinchoq bo‘lib, 15-25 juft dag‘al gulbargchalardan iborat, keng ovalsimon yoki uzunchoq tuxumsimon shaklda uchraydi .
Uning gulpopuklari deyarli yumaloq yoki tuxumsimon uzunchoq bo‘lib, har birida 10-15 ta gulchalari bor. Gulpopugi kalta, zich, tuxumsimon yoki yumaloq, uzunligi 1,5–2 sm, eni 1–1,5 sm, 10–15 gulli. Kosachasi qo‘ng‘iroq yoki naysimon qo‘ng‘iroq, uzunligi 5 mm, dag‘al yarim yotiq tukli. Dukkagining bandi 2 mm atrofida cho‘zinchoq yashil yoki qo‘ng‘ir tusda,, uzunligi 10–15 mm, tumshuqchasi 2–3 mm uzunlikda, sal egilgan, bigizsimon. Avgust-sentyabr oylarida gullab, mevasi sentyabr oyida yetiladi.
Ahamiyati
Dekorativ o‘simlik sifatida yetishtiriladi .
Muhofaza choralari
O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan .
Manbalar
uz.wikipedia.org