Mavlono Riyoziy (Samarqandiy)
Mavlono Riyoziy I, Imomiddin Riyoziy Samarqandiy (1479-yilda vafot etgan) – shoir, olim, xattot. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”ida maʼlumot berilishicha, Mavlono Riyoziy yetti xil arab yozuvi (suls, muhaqqiq, taqviʼ, rayhon, riqoʼ, nasx, taʼliq)da mohir, Qurʼonni yetti xil qiroat bilan oʻqiydigan hofiz sifatida shuhrat topgan. Musiqa va nujum ilmida tengsiz, obroʻ-eʼtiborli kishi boʻlgan va bundan maʼlum maʼnoda kibr-u havo, gʻurur paydo qilgan. Mavlono Riyoziyning shunday bayti bor edi:
Sitorayest duri goʻshi on hilol obroʻ,
Zi roʻyi husn ba xurshed mezanad pahloʻ.
(Mazmuni: U hilol qoshlining qulogʻidagi dur yulduzga oʻxshaydi, quyosh bilan husn talashadi).
Alisher Navoiy bu yerda, ikki misrani oʻzaro bogʻlash uchun “ki” bogʻlovchisi zarurligini aytib, ushbu baytni quyidagicha tuzishni taklif etadi:
Zi roʻyi husn duri goʻshi on hilolabroʻ
Sitorayest, ki bo moh mezanad pahloʻ.
(Mazmuni: U hilol qoshlining qulogʻidagi dur (shunday) bir yulduzdirki, oy bilan husn talashadi).
Navoiy tahriridan soʻng qoʻshilgan “ki” bogʻlovchisi ham ikki misrani bir-biri bilan bogʻlash, ham tashbehni mantiqan toʻgʻri qoʻllash imkonini beradi. Lekin Mavlono Riyoziy bu maslahatni toʻgʻri qabul qilmay jahli chiqadi. Yaqinlari qancha insofga chaqirmasin qabul qilmaydi.
Manbalar
uz.wikipedia.org