Mavlono Baqoiy




Mavlono Baqoiy (15–16-asr) – xurosonlik zullisonayn shoir. Nomi “Majolis un-nafois”ning uchinchi majlisida tilga olinadi. Alisher Navoiy uning kamon otishda mashhur ekanligini aytib, muammo ilmida ham shuhrat qozonishga uringanligini, lekin aytishga arzigulik muammo bita olmaganligini, keyinchalik sheʼrning boshqa navʼlarida ham ijod qilishga kirishganligi, lekin hozircha muvaffaqiyatga erishmaganligini yozadi.

Hasanxoja Nisoriyning oʻzidan soʻrab aniqlashicha, uning kamongarlikda mashhur boʻlishiga quyidagi voqea sabab boʻlgan ekan: “Bu sohada bizning sanʼatimiz yoʻq. Bu shikastaga mazkur laqabni mana bu sababdan taqqanlar. Bir paytlar Muzaffar barlos bilan Hirotga borgan edik. Oʻshanda kamongarlik doʻkoniga kirib, ustalar orasida bir goʻsha tutib, oʻz kamonimizga goʻshagir qoʻyayotgan edik va bu ishlar b-n boʻlib, amir kabir Alisherning yoʻli shu yerdan tushib, kimyoasar nazarlarini menga solajak va gʻaflat sababli roʻy bergan beadabligimiz uchun malomat oʻqigʻa qolajaklarini bilmay qolibman”.

Nisoriy bergan maʼlumotlarga koʻra, Mavlono Baqoiy Shayboniylar sulolasi vakili Ubaydullaxonga yaqin qishi boʻlib, ikki til – forsiy va turkiy tillarda ijod qilgan. Lirik janrlardagi asarlaridan tashqari “Nozu Niyoz” nomli masnaviy ham yozgan.

Balxda vafot etib, Sulton Ahmad Xizravayh maqbarasiga dafn etilgan.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz