Matu-grosu-du-sul
Matu-grosu-du-sul - Braziliyaning jan.-gʻarbiy qismidagi shtat, Boliviya va Paragvay bilan chegaradosh. Maydoni 358,1 ming km². Aholisi 2,07 mln. kishi (2000). Maʼmuriy markazi — Kampu-Grandi shahri Shtat Braziliya yassitogʻligining jan.-gʻarbiy chekkasi va Pantanal botigʻining jan.da joylashgan. Yozi sernam, tropik iqlim. Oʻrtacha oylik temperaturalar 22—26°. Yillik yogʻin 1000–1800 mm. Shtat jan.da tuprogʻi toʻq qizil laterit tuproq. Oʻsimliklari past boʻyli savannalar, daryo vodiylari oʻrmonlar, Pantanal tropik botqoqliklardan iborat. Iqtisodiyotining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki boqiladi. Sholi, soya, makkajoʻxori, bugʻdoy, dukkakli ekinlar ekiladi, kofe plantatsiyalari bor. Baliq ovlanadi. Korumba shahri yaqinida yirik temir va marganets rudasi konlari topilgan. Toʻqimachilik, koʻn-poyabzal, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari va sopol buyumlar ishlab chiqariladi. Asosiy sanoat markazlari: Kampu-Grandi va Korumba shaharlari. Asosiy aloqa Parana va Paragvay daryolari va ularning irmoqlari, temir yoʻl va havo transporta orqali amalga oshiriladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org