Markaziy Osiyo ittifoqi
Markaziy Osiyo Ittifoqi (CAU) — (inglizcha: Central Asian Union; qozoqcha: Орталық Азия одағы; qoraqalpoqcha: Orayliq Aziya odaǵı; qirgʻizcha: Борбордук Азия биримдиги; tojikcha: Иттиҳоди Осиёи Марказӣ; turkmancha: Merkezi Aziýa birligy; oʻzbekcha: Markaziy Osiyo ittifoqi) — 2007-yil 26-aprelda Qozogʻiston birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan taklif etilgan beshta postsovet Oʻrta Osiyo respublikalarini siyosiy va iqtisodiy birlashtirish boʻyicha amalga oshirilmagan va faraziy loyiha hisoblanadi. Ittifoqqa Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston kirishi kerak edi. Loyihani amalga oshirish Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida „Abadiy doʻstlik shartnomasi“ imzolanishi, shuningdek, erkin savdo zonasini tashkil etish rejalaridan nariga oʻtmadi. Loyiha Oʻzbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan qoʻllab-quvvatlanmagani uchun qisqartirildi.
Hududi va aholisi
Markaziy Osiyodagi besh respublikaning umumiy maydoni 4 003 451 km² ni tashkil etadi — bu Hindiston hududidan katta deganidir. Markaziy Osiyo beshligi mintaqasining umumiy hududi shimolda Rossiya Federatsiyasi, sharqda Xitoy Xalq Respublikasi, janubda Eron Islom Respublikasi va Afgʻoniston Islom Amirligi bilan chegaradosh boʻlib, gʻarbiy qismini esa Kaspiy dengizi suvlari bilan yuvib turadi.
2020-yil oxiriga kelib, Markaziy Osiyoning besh respublikasi aholisining umumiy soni qariyb 75 million kishini tashkil etdi. Bu Fransiya aholisidan koʻp — aholi soni boʻyicha dunyoda 20-davlat, shuningdek, Markaziy Osiyo beshligining aholisi Buyuk Britaniya, Tailand, Italiya, Germaniya, Turkiya va Eron aholisiga yaqinlashmoqda. Taxminan Markaziy Osiyoning besh respublikasi aholisining 90 % ni turkiyzabonlar tashkil etadi — ular oʻzbek, qozoq turkman, qirgʻiz, qoraqalpoq, tatar tillarida gaplashadi. Boshqa 10 % tojik, rus va boshqa tillarda soʻzlashuvchilardir. Mintaqa aholisining 90 % dan ortigʻi islom dinining sunniy shakliga eʼtiqod qiladi.
Potentsial tarkibi
Fikrlar
Ittifoq tarafdorlari turizm, xavfsizlik va viza rejimi muvaffaqiyatli shakllansa, koʻplab masalalarni hal qilishni va KXShT va Xitoy-Rossiya Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga alternativa yaratishni rejalashtirgan edi. Qozogʻiston Prezidenti Markaziy Osiyoning beshta davlati yangi yagona bozor va yagona valyuta yaratishga erishishi mumkinligini va ularning birlashishi YeI davlatlarining birlashuvidan koʻra ancha yaqinroq boʻlishini taʼkidlagan edi. Tarafdorlar, shuningdek, Qozogʻiston davlatining ittifoqqa rahbar etilishi taklifini rad etishgan.
Ittifoq muxoliflarining fikricha, davlatlar manfaatlari beshta davlatning birlashishiga imkon berish uchun juda farq qiladi va hech kim birinchi qadamni tashlashga shoshilmayapti. Siyosiy barqarorlik va iqtisodiy farovonlik boʻyicha xalqaro reytinglarda mamlakatlar umuman yuqori oʻrinlarni egallamaydi. Tojikistonda bu loyiha Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamjamiyatini qayta jonlantirishga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinish sifatida tanqid qilindi.
Markaziy Osiyoda yaqin qoʻshnichilik va millatlar-aro tinchlikni saqlash borasida bir nechta tashabbuslar ishlab chiqilgan, jumladan mintaqa davlatlari orasida sport turlari boʻyшcha Markaziy Osiyo oʻyinlari bir necha bor oʻtkazilgan.
Shuningdek
Manbalar
uz.wikipedia.org