Marc-Vivien Foe
Marc-Vivien Foe (fransuzcha: Marc-Vivien Foé)—kamerunlik futbolchi, yarim himoyachi sifatida o‘ynagan. Fransiyaning „Lans“ va „Olimpik“ (Lion) klublari hamda Angliyaning „Vest Xem Yunayted“ va „Manchester Siti“dagi oʻyinlari, shuningdek Kamerun terma jamoasidagi oʻyinlari bilan tanilgan.Foe 2003-yilda Konfederaratsiyalar kubogi yarim finalida yurak xurujidan toʻsatdan vafot etdi va uning oʻlimi futbol olamini larzaga soldi.
Futbolchining faoliyati
Marc-Vivien Foe 1975-yil 1-mayda Kamerun poytaxti Yaunde shahrida tugʻilgan.U futbolchilik faoliyatini „Union Garoua“ jamoasida Kamerunning ikkinchi divizionidan boshlagan.Keyinchalik Foe mamlakatning eng yirik futbol klublaridan biri boʻlgan „Canon Yaounde“ga koʻchib oʻtdi va u bilan 1993-yilda mamlakat kubogini qoʻlga kiritdi.Oʻsha yili Kamerun terma jamoasi tarkibida 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga Jan Manga-Ongene boshchiligida Avstraliyaga boruvchi 18 kishilik qaydnomaga kiritildi.U terma jamoaning Rossiya (0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan),Kolumbiya (2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan) va Avstraliya (2:0 hisobida gʻalaba qilishgan) termalariga qarshi o‘tkazgan uchala o‘yinida ham maydonga tushgan.Kolumbiyaga qarshi oʻyinda Foe gol ham urdi va uning jamoasi chorak finalga chiqa olmay, guruhda 3-oʻrinni egalladi. Oʻsha yili 23-sentyabr kuni Marc-Vivien Foe milliy terma jamoa libosida debyutini Los-Anjelesdagi Memorial Kolizeyda oʻzining ilk uchrashuvini Meksikaga qarshi oʻtkazdi (1:0).
1994-yilda Foe Kamerun terma jamoasi bilan AQSHdagi jahon chempionatida oʻynadi va Kamerun uchun uchta oʻyinni ham oʻtkazdi. Moliyaviy muammolar va intizomsiz oʻyin tufayli kamerunliklar 4 yil avval Italiyada boʻlib oʻtgan mundialda chorak finalga chiqishgan holatni yaqiniga ham kelishmadi.Kamerunliklar Shvetsiya bilan durang oʻynadi (2:2),Braziliya (0:3) va Rossiyaga (1:6) magʻlub boʻldi. Shvedlarga qarshi oʻyinda Foe esa golli uzatmani amalga oshirdi.
Jahon chempionatidan soʻng Foe „Oser“ va „Lans“dan takliflar oldi va ikkinchisini tanladi (Lans Fransiya 1-ligasida oʻynadi).U debyut uchrashuvini 1994-yilning 13-avgustida "Monpelye”ga qarshi o‘tkazgan (2:1 hisobida g‘alaba qozongan).U „Lans“ bilan 5 mavsum oʻtkazdi va 1998-yilda Fransiya chempionligini qoʻlga kiritdi.Oʻsha 1998-yilda „Lans“ga Foeni "Manchester Yunayted"ga 3 million funt sterlingga sotishni taklif qilishdi, ammo fransuz klubi „qizil iblislar“ taklifini rad etdi va Fransiyada boʻlishi kerak boʻlgan jahon chempionatiga tayyorgarlikda Foe oyogʻidan ogʻir jarohat oldi va jahon chempionatini oʻtkazib yuborishiga toʻgʻri keldi.Shu bilan birga barcha muzokaralar butunlay toʻxtadi.
1999-yilning yanvarida xizmatga qaytganidan soʻng Foe „Vest Xem Yunayted“ jamoasi lageriga oʻsha paytdagi klub uchun rekord darajadagi 4,2 million funt sterlingga koʻchib oʻtdi.U „bolgʻachilar“ safida 38 ta oʻyinda maydonga tushib,Premer-liga doirasida „Sheffild Uensdey“ga qarshi oʻyinda va 1999/2000-yilgi UEFA kubogida „Osiek“ ga qarshi oʻyinda gol urgan.
2000-yilning may oyida oʻsha yili Kamerun bilan Afrika Millatlar Kubogini qoʻlga kiritgan Foe „Lion“ uchun Fransiyaga qaytdi,lekin bezgak tufayli mavsumning koʻp qismini oʻtkazib yubordi.2001-yilda u jamoa bilan Liga kubogini qoʻlga kiritgan,2002-yilda esa mamlakat chempioni boʻlgan.Oʻsha yili Kamerun termasi bilan faoliyatida ikkinchi marta Afrika Millatlar Kubogini qoʻlga kiritib,Koreya va Yaponiyada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati uchun qaydnomaga kiritildi.Jamoa Saudiya Arabistonini magʻlub etib,Irlandiya bilan durang oʻynab,Germaniyaga yutqazishdi.Guruhda 4 ocho toʻplab guruhdan chiqa olishmadi.
2002/2003-yilgi mavsumda Foe „Manchester Siti“da ijara asosida oʻynadi. „Shaharliklar“ uning ijarasi uchun 550 ming funt sterlingga toʻladi.Foening debyut uchrashuvi Premer-liganing birinchi turiga toʻgʻri keldi, oʻshanda Kevin Kigan shogirdlari „Lids Yunayted“ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.Oʻsha mavsumda Foe 41 oʻyinning 38 tasida oʻynadi va klub uchun birinchi golini 2002-yilning 9-dekabrida "Stadium of Light" „Sanderlend“ga qarshi oʻyinda kiritdi. Yanvar oyida u yana besh marta gol urdi va 2003-yil 21-aprelda u „Meyn Roud“ stadioni tarixidagi soʻnggi golini va „Sanderlend“ga qarshi oʻyinda (3:0 gʻalabasi) ikkinchi golini kiritdi.
Shahsiy hayoti
Marc-Vivien Mari-Luiza ismli qiz bilan turmush qurdi, ular Mark-Skott ismli oʻgʻilni tarbiyalashdi.Foe Rim-katolik diniga eʼtiqod qilgan va oʻz daromadlaridan katta miqdordagi mablagʻni xayriya ishlariga sarflagan.Yaqinlarining gaplariga qaraganda ruhi va hazil tuygʻusiga ega quvnoq odam sifatida tavsiflangan.U shuningdek vegetarian edi va hech qachon spirtli ichimliklar ichmagan, gollarini raqslar bilan nishonladi.
Uning o‘g‘li Mark-Skott 2015-yil noyabrida sudlov mahkamasida edi.Unga qarshi Lionda ruhoniy Lyuk Biketga qilingan hujum yuzasidan jinoiy ish ochilgan edi.Mark-Skott va uning sherigi Lionda tugʻilgan va erta otasiz qolgan Sofian Bardot uyiga ketayotgan ruhoniyni talon-toroj qilish uchun til biriktirgan.Qo‘liga kishan bog‘lab, to‘pponcha bilan urishgan, lekin katta miqdordagi pul topilmagan.Prokuror Mark-Skott uchun 8 yil va Bardo uchun 12 yil qamoq jazosini talab qildi.Himoyachi Mark Skottning otasining erta oʻlimi sabab tushkunligi sababli (bundan tashqari uni baʼzi bezorilar tomonidan kaltaklangan) Mark Skottning ruhiy kasalligi shaklida yengillashtiruvchi holatlarni talab qildi. Ruhoniyning ayblanuvchiga nisbatan daʼvolarini qaytarib olish shakli qoʻllanildi.Natijada Mark-Skott 2018-yilda 5 yil qamoq jazosini oldi.
Oʻlimi
Foe 2003-yilda Fransiyada boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan Konfederasiyalar kubogi uchun Kamerun terma jamoasi qaydnomasiga kiritilgan.Guruh bosqichida milliy terma jamoa tarkibida u Braziliya va Turkiyaga qarshi oʻyinlarda (har ikkala uchrashuvda Kamerun 1:0 hisobida gʻalaba qozongan) va AQSHga qarshi oʻyinda (0:0 durang) maydonga tushmagan.2003-yil 26-iyunda Liondagi „Stad de Gerland“ stadionida Kamerun tarkibida Marc-Vivien Kolumbiyaga qarshi oʻynadi.Kamerun terma jamoasi 9-daqiqadayoq gol urdi va bu hisobni final hushtagigacha saqlab qoldi.
Oʻyinning 72-daqiqasida u markaziy doirada turib toʻsatdan maydonga yiqilib tushdi.Yaqin atrofda boshqa oʻyinchilar yoʻq edi.Shifokorlar futbolchini hushiga keltirishga harakat qilishdi, ammo natija boʻlmadi.Uni zambilda maydondan olib chiqib ketishdi va uning oʻrniga Valeri Mezaguet maydonga tushdi.Jarohat olgan futbolchiga sunʼiy nafas berildi va kislorodli niqob taqildi.45 daqiqadan soʻng yurak yana ura boshladi va Marc-Vivienni stadion yaqinidagi kasalxonaga olib borishdi, ammo futbolchining hayotini saqlab qolishning iloji boʻlmadi va u koʻp oʻtmay vafot etdi.
Birinchi otopsiya hech qanday natija bermadi va oʻlim sababini darhol aniqlashning iloji boʻlmadi.Ammo ikkinchi urinishda shifokorlar Foedagi yurak-qon tomir tizimining irsiy kasalligi boʻlgan gipertrofik kardiyomiyopatiya jismoniy mashqlar paytida oʻyinchining toʻsatdan oʻlimiga olib kelishi mumkinligini aniqladilar.Kolumbiyaga qarshi oʻyinda yuz bergan yurak xuruji Foe uchun halokatli edi.Kamerun terma jamoasi bosh murabbiyi Uinfrid Shefer fojiadan bir necha daqiqa oldin Foeni almashtirmoqchi ekanligini aytib, futbolchi charchagan koʻrinishini taʼkidladi.Biroq Marc-Vivien oʻyinda davom etishini aytdi.Marc-Vivienning rafiqasi Mari-Luizning aytishicha, oʻyindan biroz oldin Foeda dizenteriya va oshqozon bilan bogʻliq muammolar borligi aniqlangan, ammo Marc-Vivien Kamerun terma jamoasi bilan oʻziga jonajon boʻlib qolgan Lion stadionida oʻynashni orzu qilganini aytib, uchrashuvni oʻtkazib yuborishdan bosh tortgan.
Xotira
Marc-Vivien Foening oʻlimi futbol olami uchun dahshatli voqea boʻldi.Futbolchilar, murabbiylar, muxlislar, klublar, rasmiylar va jurnalistlar futbolchining oila aʼzolari va doʻstlariga hamdardlik bildirdilar.Fransiyaning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan Fransiya va Turkiya o‘rtasidagi ikkinchi yarim final o‘yinidayoq Tyerri Anri turklar darvozasiga gol urib, buni barmog‘ini osmonga ko‘tarib nishonladi va shu tariqa fransuzlarning Marc-Vivien Foning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.Oʻsha uchrashuvda boshqa oʻyinchilar ham shunday qilishdi.Kamerun va Fransiya termalarining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan final o‘yini boshlanishidan oldin kamerunliklar maydonda Foening katta portretini ko‘tarib yurishdi va o‘yindan so‘ng portret bilan uchta aylana yasashdi.Taqdirlash marosimida fransuzlar va kamerunliklar futbolchining portretini ushlab bir joyga toʻplanishdi.U vafotidan keyin kumush medal bilan taqdirlandi.
2003-yil 7-iyulda Foe Yaounde shahrida yosh futbolchilar tayyorlanayotgan sport majmuasi yoniga hurmat bilan dafn qilindi.Dafn marosimi davlat televideniyesi orqali namoyish etildi.Mamlakat prezidenti Pol Biyaning farmoni bilan Marc-Vivien Foe vafotidan keyin Milliy Jasorat ordeni qoʻmondoni lavozimiga koʻtarildi.Marc-Vivien Foega bir nechta yodgorliklar oʻrnatilgan.Manchesterda Etihad stadioni yonida va Lionda „Stade Gerland“ stadioni devorida oʻrnatilgan yodgorliklardir."Lans" klubining taklifiga koʻra „Bollar Delelis“ yaqinidagi koʻcha Foe sharafiga oʻzgartirildi.Keyinchalik uchala klub ham oʻz oʻyin raqamlarini muomaladan olib tashlashdi."Lion" va „Lans“ 17-raqamni, „Manchester Siti“ esa 23-raqamni olib qoʻyishdi. Biroq 2008 yilda kamerunlik Jan Makun „Lion“ni unga 17-raqamni berishga koʻndirdi.Bu futbolkani birinchi navbatda „Marc xotirasiga va barcha ulugʻvor Kamerun sharafiga“ kiyish uchun dedi .
2009-yilda Marc-Vivienning 14 yoshli oʻgʻli Mark-Skott AQSH va Braziliya oʻrtasidagi Konfederasiyalar kubogi musobaqasi finali boshlanishidan oldin nutq soʻzladi. Bundan oldin ham Konfederatsiyalar kubogi musobaqasini Marc-Vivien Foe nomiga qoʻyish haqida mish-mishlar tarqaldi, ammo bu mish-mishlar darajasida qoldi .
Mukofotlar va yutuqlar
Klub miqyosida
Terma jamoa miqyosida
Manbalar
uz.wikipedia.org