Mansurbek Chashemov
Mansurbek Xolboyevich Chashemov (1983-yil 22-iyunda tugʻilgan, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek ogʻir atletikachisi va murabbiyi, Oʻzbekiston terma jamoasi a’zosi. XXIX yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, Osiyo chempionatlari va Osiyo oʻyinlari gʻolibi.
Sportdagi faoliyati
2008-yilda Pekinda (Xitoy) boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida 85 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida dast koʻtarishda 165 kilogramm, siltab koʻtarishda esa 202 kilogramm va jami 367 kilogramm natija bilan beshinchi oʻrinni egalladi. Kanazavada (Yaponiya) ogʻir atletika boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida siltab koʻtarishda oʻz vazn toifasida 191 kg tosh koʻtardi, bu uchinchi urinish boʻldi, biroq unga qit’a birinchiligi chempionatida umumiy hisobda medal olish uchun yetarli boʻlmadi.
2009-yilda Qozogʻistondagi Toldiqoʻrgʻon shahrida ogʻir atletika boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 85 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida dast koʻtarishda 164 kilogramm, siltab koʻtarishda esa 198 kilogramm natija koʻrsatib, jami 362 kilogramm natija bilan birinchi kumush medalni qoʻlga kiritdi. 2009-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
2010-yilda Xitoydagi Guanchjouda boʻlib oʻtgan Yozgi Osiyo oʻyinlarida 85 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida jami 372 kilogramm natija koʻrsatib, hamyurtimiz yana kumush medalni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi.
2016-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabida ishlab, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy unvoni bilan taqdirlangan. 2018-yilda ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasida murabbiy boʻlib ishlaydi. 2019-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org