Ma’naviyatshunoslik




Maʼnaviyatshunoslik - Oʻzbekiston taʼlim tizimida XX asrning 90-yillarida shakllangan yangi yoʻnalishlardan biri. Maʼnaviyatshunoslikning maxsus bilim sohasiga aylanishi mamlakatimiz hayotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, kishilarning ongi va tafakkurida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, dunyoqarashning yangilanishi bilan bogʻliq jarayonning tarkibiy qismidir.

Tarixi



Maʼnaviyatni tashkil etuvchi axloq, nafosat, ruhiyat, gʻoya, mafkura, madaniyat va maʼrifat kabi sohalar bilan bogʻliq masalalar tahlili qadim zamonlardan boshlangan. Lekin, koʻpchilik shu paytga qadar ana shu juz’iy sohalarning oʻzi ham maʼnaviyatni toʻla-toʻkis aks ettiradi, uning nima ekanini ular timsolida bilib olish mumkin, binobarin bu keng miqyosli tushunchani maxsus fan doirasida tadqiq etish shart emas, degan bir yoqlama qarash bilan kifoyalanib yurar edi. Maʼnaviyatshunoslikning alohida va maxsus oʻquv fanlari tizimiga aylanishi mumkin emasligi toʻgʻrisidagi tasavvur va tushuncha ham ana shunday qarashlarning natijasi edi. Bu esa sobiq ittifoq davrida yuqorida sanab oʻtilgan yoʻnalishlarning bir-biri bilan uzviy aloqadorligiga yetarli eʼtibor berilmasligi, ularning har biri boʻyicha alohida fanlar oʻqitilishiga sabab boʻldi.
Maʼnaviyatni yaxlit hodisa sifatida talqin eta olmaslik, u toʻgʻrisida umumiy tasavvur hosil qilish, umumiy dunyoqarash va tafakkurni shakllantirish imkonini bermas edi. Bugungi kunga kelib ahvol tubdan oʻzgardi, istiqlol yillarida bu soha jadal rivojlandi, alohida ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishga aylandi. Mazkur yoʻnalishning mustaqil ilmiy tadiot sohasi va oʻquv fani sifatida oʻz oʻrnini topayotgani uning tadqiqot obyekti, mavzulari va tushunchalarining umumiy tizimi tobora yaqqolroq aniqlashayotganidan dalolat beradi. Ayni holda Maʼnaviyatshunoslikning „Maʼnaviyat“ tushunchasidan boshqa „Axloq“, "Madaniyat, „Qadriyat“, „Maʼrifat“, „Gʻoya“, „Mafkura“ kabi asosiy universal kategoriyalarini mazkur yoʻnalish nuqtai nazaridan ilmiy tavsiflash yoʻlidagi izlanishlar davom etayotganini qayd etish mumkin.https://n.ziyouz.com/portal-haqida/xarita/yangi-kitoblar/ma-naviyat-asosiy-tushunchalar-izohli-lug-ati

Nomalnishi



Hozirgi davrda koʻpchilik aksariyat fanlarning nomlari chetdan kirib kelishiga oʻrganib qolgan. Ammo „Maʼnaviyatshunoslik“ bilan bogʻliq bugungi amaliyot bundan keskin farq qiladi. Bizning mamlakatimizda bu sohada mustaqil fanning shakllanishi uchun barcha nazariy va metodologik asoslar yaratilgan.
Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishdagi fanlarni taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha muayyan tajriba toʻplandi. Yuqorida taʼkidlangani kabi, oʻtgan asrning 90 yillaridan boshlab „Odobnoma“, „Vatan tuygʻusi“, „Maʼnaviyat asoslari“ kabi fanlar taʼlim tizimiga joriy etildi, „Milliy istiqlol gʻoyasi“ fani yaratildi. Bu sohada bakalavrlar va magistrlar tayyorlanmoqda, qator oliy oʻquv yurtlarida kafedralar tashkil qilingan. Bugungi kunda ushbu fanlar boʻyicha oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalar nashr qilinmoqda. Mazkur soha ilmiy tadqiqotlarning maxsus yoʻnalishga aylanmoqda.
Maʼnaviyatshunoslik fanlari tizimining tarkibiy qismlari sifatida gʻoyashunoslik (ideologiya), qadriyatshunoslik (aksiologiya), axloqshunoslik (etika), nafosatshunoslik (estetika), madaniy va ijtimoiy ruhshunoslik, dinshunoslik va madaniyatshunoslik (kulturologiya) kabilarni koʻrsatish mumkin. Ammo bundan Maʼnaviyatshunoslik ana shu sohalarni oʻrganuvchi xilma xil fanlar yigʻindisidan iborat degan xulosaga kelish masalani oddiy va joʻn tushunishdir.
Avvalo, Maʼnaviyatshunoslik- bu maʼnaviyat tarixi, nazariyasi, amaliyoti, falsafasi va sotsiologiyasining umumiy majmuidir. Uning negizini tashkil etuvchi soha va yoʻnalishlardan qatʼi nazar, bu yerda gap Maʼnaviyatshunoslikning integrativ, yaʼni umumlashtiruvchi fan sifatidagi murakkab tizimi haqida bormoqda. Shu bilan birga, jamiyatdagi axloq talablari, urf-odatlar va anʼanalar, ularning amaliyoti, odamlarning hayot kechirishi va turmush tarzini belgilaydigan maʼnaviy tamoyillar va mezonlar ham Maʼnaviyatshunoslikning asosiy mavzulari qatoriga kiradi. Maʼnaviyatshunoslikga doir bilimlarning insonni anglash bilan bogʻliq ana shu jihati ayniqsa muhim ahamiyatga ega boʻlib, u taʼlim va maorif tizimida bu fanga nisbatan talab va ehtiyojni belgilaydi.

Vazifalari



Mamlakatimiz taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan Maʼnaviyatshunoslik boʻyicha oʻquv fanlari koʻplab muhim vazifalarni bajaradi. Ular jamiyat va insoniyat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlarni maʼnaviyat nuqtai nazaridan baholash, shu sohadagi qonun-qoidalar, tushuncha va tamoyillarning mazmun-mohiyatini chuqur oʻrganish imkonini yaratadi.
Mazkur fanlarning muhim xususiyatlaridan biri hozirgi zamondagi ijtimoiy jarayonlar, davrning oʻzi kun tartibiga qoʻyayotgan yangi vazifalar va maʼnaviy muammolarning mazmun-mohiyatini anglab yetish, bu sohadagi bilimlarni hosil qilishga qaratilgan. Ushbu fanning muhim muammolarini, maʼnaviyatning oʻziga xos xususiyatlari va rivojlanish bosqichlarini, namoyon boʻlish shakllarini chuqur bilib olish bu sohada ilmiy dunyoqarashning vujudga kelishiga, yoshlarning bugungi amaliyot uchun zarur boʻlgan qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga yordam beradi. Maʼnaviyatshunoslikga doir turli yondashuvlarni rang-barang hodisalar va ijtimoiy jarayonlarni bilishning samarali vositalaridan biri sifatida oʻzlashtirish jamiyatni demokratlashtirish va yangilashga xizmat qiladigan maʼrifiy tadbirlar va maʼnaviy tarbiya bilan bogʻliq ustivor vazifalarni amalga oshirishga koʻmaklashadi.
Ulug ajdodlarimiz asrlar davomida shakllantirgan milliy maʼnaviyatimiz ruhida tarbiyalash, maʼnaviyatning mustaqil O’zbekistonda jamiyatni yangilash va mamlakatni isloh etish, yosh avlodni tarbiyalashdagi o’rni va ahamiyatini to’gʻri anglab etishiga erishish bu fanning asosiy maqsadi va vazifasi hisoblanadi.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz