Ma’mar ibn Roshid
Maʼmar ibn Roshid (
معمر بن راشد ) — VIII asrda yashagan muhaddis. Fors mavlosi bo‘lib, u olti sahih hadis to‘plamlarining barchasida ishonchli roviy sifatida tilga olingan.
Hayoti
Ma’mar ibn Roshid 96-hijriy/714-milodiy yil Basrada tug‘ilgan. U Azd qabilasidagi Huddan urugʻining fors mavlosi boʻlib, ularning nomidan mato va boshqa narsalar bilan savdo qilgan. Shunga qaramay, u basralik olimlardan Hasan Basriy va Qatoda ibn Diomadan tahsil olishga muvaffaq bo‘lgan.
U Hishom ibn Abdulmalikning Rusafodagi saroyida savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotganida keksa olim Ibn Shihob Zuhriyni uchratib qoladi va unga shogird bo‘ladi. Ma’mar Zuhriydan ko‘plab hadislarni o‘rgangan.
Ma’mar Zuhriy vafotidan keyin Rusafoda qolgan. Valid II o‘ldirilgandan so‘ng, marhum ustozining qo‘lyozmalari Umaviylar saroyidan olib tashlanganiga guvoh bo‘lgan. Keyingi fuqarolar urushlarining notinch davrida Ma’mar Yamanga jo’nab ketgan va u yerda mahalliy aholi vakillaridan bir ayolga uylangan. Bir nechta talabalarga dars bergan. Ulardan eng ko‘zga ko‘ringanlari Abdurazzoq San’oniy bo‘lib, Ma’mar umrining so‘nggi yetti-sakkiz yilida unga dars bergan. Abdurazzoq o‘zining musannafida Ma’marning rivoyatlarini saqlab qolgan, xususan, ustozining
“G‘azotlar kitobi” (
كتاب المغازي - Kitob al-Mag‘oziy )ni o‘z asariga joylagan . Shuningdek, Ma’marga tegishli “al-Jome’” hadislar to‘plamining Abdurazzoq tarafidan qilingan tahriri ham saqlanib qolgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org