Mahsa Aminiyning oʻlimi
2022-yil 16-sentyabr kuni
Mahso Aminiy (forscha: مهسا امینی) ismli 22 yoshli eronlik ayol vafot etgan. U
Jina Aminiy (kurdcha: Jîna Emînî) nomi bilan ham tanilgan, Eronning Tehron shahrida politsiya mahkamasida boʻlganida, politsiya zoʻravonligi sabab ogʻir tan jarohati olib, vafot etgani taxmin qilinmoqda.
Aminiy Eron Islom Respublikasi Huquq-tartibot qoʻmondonligining jamoat joylarda hijob o‘rash qoidalari bajarilishini nazorat qiluvchi „Hidoyat“ patruli uni hijobi islom me’yorlariga mos o‘ralmagani uchun hibsga olgan. Politsiya aytishicha, u toʻsatdan yurak yetishmovchiligi xuruji sabab yerga yiqilgan va ikki kun komada yotganidan keyin vafot etgan. Guvohlarga koʻra, u kaltaklangan va boshi politsiya mashinasi yon tomoniga urilgan, bu uning tibbiy koʻrikdan oʻtganidan tashqari, miyaga qon quyilishi va insult tashxisini qoʻyishiga sabab boʻlgan.
Baʼzi axborot manbalariga koʻra, Eron Islom Respublikasida ayollarga nisbatan zoʻravonlik ramziga aylangan Aminiyning oʻlimiga dunyoning turli burchaklaridan koʻplab odamlar munosabat bildirgan.
Oʻlim holatlari
Eron gʻarbidagi Kurdiston viloyatining Saqqez (fors. سقز, курд. سەقز) shahridan oilasi bilan Tehronga borgan 22 yoshli Mahso (Jino) Aminiyni 13-sentyabrda Shahid Haqqoniy shossesiga kiraverishda rejim qoʻshinlari hibsga olgan. U akasi Kiyorash Aminiy bilan birga ketayotganida „Hidoyat“ patruli deb nomlangan va „Maʼnaviy xavfsizlik“ agentligi yonidan oʻtgan. Unga „yoʻriqnoma“ berish uchun tergov izolyatoriga olib ketilishi va bir soatdan keyin qoʻyib yuborilishi aytilgan. Buning oʻrniga u tez yordam mashinasida Kasra kasalxonasiga olib ketilgan.
Aminiy ikki kun davomida Tehrondagi Kasra kasalxonasida komada boʻlgan, bu esa Eronda keng miqyosda „Hidoyat“ patruliga va hijobga oid qonunga qarshi norozilik namoyishlariga sabab boʻldi. U 16-sentyabr kuni reanimatsiya boʻlimida vafot etgan.
Zoʻravonlik dalillari
Aminiy davolangan klinika ma’muriyati Instagram’da u yotqizilganida miya oʻlimi qayd etilgani haqida bayonot berdi. Shundan keyin Instagram posti oʻchirib tashlangan.
Aminiyning akasi Kiyorash uning boshi va oyoqlarida koʻkargan joylar borligini koʻrgan. Aminiy bilan birga hibsga olingan ayollar aytishicha, u oʻzini hibsga olgan zobitlarning haqoratlariga qarshilik koʻrsatgani uchun ayovsiz kaltaklangan.
Bir qator shifokorlar Aminiyning quloqlardan qon ketganini, koʻzlari osti koʻkarganini va miyasidan jarohati olganini aytdi. Bu, shuningdek, Mahso bosh suyagi tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilganda tasdiqlangan, hakerlar topgan maʼlumotlarga koʻra, suyak sinishi, qon ketishi va miya shishi boʻlgan.
Noroziliklar
Koʻchalarda
Uning oʻlimidan soʻng bir qator norozilik namoyishlari, jumladan, tugʻilgan shahri Saqqezda ham boshlandi. Baʼzilar „Jin — Jiyan — Azadi: Ayollar — hayot — Ozodlik!“ va fors tilida „Diktatorga oʻlim!“ kabi kurd feministik shiorlarini aytib hayqirgan. Eron maxsus politsiya kuchlari namoyishlarni bostirdi. Namoyishlar Tehrondagi Kasra kasalxonasi oldida ham boʻlib oʻtdi, ayrim namoyishchilarni xavfsizlik kuchlari hibsga oldi, ularga qarshi qalampir qoʻshilgan gaz ham ishlatilgan.
Mahsoning oʻlimi munosabati bilan turli shaharlarda norozilik namoyishlari va yurishlar kundan-kunga avj oldi. Kurdiston voloyati markazi Sanandaj shahri koʻchalari qisman yopildi va xavfsizlik kuchlari qattiq kiyinish qoidalariga qarshi kechasi boʻlib oʻtgan norozilik namoyishlari ortidan butun shahar boʻylab tarqalib ketdi.
19-sentyabrda Eronning Kurdiston viloyatida xavfsizlik kuchlari namoyishlar chogʻida oʻt ochishi oqibatida besh kishi halok boʻldi. Kurd inson huquqlarini himoya qolish tashkiloti maʼlumotiga koʻra, mamlakat boʻylab gʻazabni qoʻzgʻatgan voqeaning uchinchi kunida tartibsizliklar roʻy bera boshlagan. Hengaw inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining Twitter sahifasida aytilishicha, Aminiy tugʻilib oʻsgan Sakkez shahrida xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata oʻt ochishi oqibatida ikki kishi halok boʻlgan. Taʼkidlanishicha, yana ikki kishi Divandarra shahrida xavfsizlik kuchlarining „toʻgʻridan-toʻgʻri otishmasi“dan oʻlgan, beshinchisi esa kurdlar mintaqasidagi Dehgolanda halok boʻlgan. Ommaviy namoyishlar Eronning turli shaharlarida, jumladan, Tehron, Rasht, Isfahon, Karaj, Mashhad, Sanandaj, Saqqez, Ilom va boshqa koʻplab hududlarda tarqaldi va Eron hukumatining maxsus politsiyasi noroziliklar namoyishchilarini ayab oʻtirmadi, oqibatda koʻpchilik yaralangan va qurbon boʻlgan, ayrim siyosiy faollar hibsga olingan.
20-sentyabrda namoyishlar davom etdi hamda Tehron, Sari, Tabriz, Mashhad, Qum, Kermon, Hamadon, Sanandaj va Kish kabi turli shaharlarda va boshqa koʻplab hududlarda majburiy hijob va islomiy hukumat tutumlariga qarshi shiorlar bilan yurishlar oʻtkazildi. Sarida ayollar hijoblarini gulxanda yoqdi va namoyishchilarni qoʻllab-quvvatladi. Toronto, Istanbul, London va boshqa Yevropa va Amerika shaharlarida namoyishchilar yigʻilib, hukumatning Eronda ayollarga qarshi jinoyatlarini qoraladi. Hukumat namoyishlarda uch kishi halok boʻlganini tasdiqladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda
Mahso Aminiyni Hidoyat patruli hibsga olgani va kaltaklashi va oʻldirilishi ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning noroziligiga sabab boʻldi. Bu vaqt ichida #MahsaAmini heshtegi forscha Twitter’da eng koʻp takrorlandi. Ushbu heshteglarning tvitlari va retvitlari soni 10 milliondan oshdi. Ayrim eronlik ayollar ijtimoiy tarmoqlarda norozilik sifatida sochlarini qirqib tashlagani tasvirlangan videolarni joylashtirdi.
Tekshiruv
Prezident Ibrohim Raisiy ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiydan „hodisa sabablarini zudlik bilan va alohida eʼtibor bilan tekshirishni“ soʻradi.
Munosabat
Mahsoning otasi Amjad Aminiy turli chet el ommaviy axborot vositalariga qizining fojiali oʻlimi haqida intervyu berdi va Eron hukumati rasmiylarining daʼvolariga javob qaytardi. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy u bilan telefon orqali suhbatda Mahsoning oʻlimidan afsusda ekanini bildirdi. Shuningdek, Kurdiston viloyati gubernatori shaxsan Amjad Aminiyning uyiga borib, qizining oʻlimi yuzasidan unga tasalli berdi.
Xalqaro institutlar
Siyosatchilar
Boshqa fikrlar
Manbalar
uz.wikipedia.org