Magnit (Rossiya)




Magnit (ruscha: Магнит, „Magnet“) – Rossiyadagi eng yirik oziq-ovqat chakana savdo tarmoqlaridan biri. 1994-yil Krasnodarda Sergey Galitskiy tomonidan tashkil etilgan. 2016-yil mart oyi holatiga koʻra kompaniyaning 2385 ta joyda 12434 ta doʻkonlari bor edi. Ular orasida 9 715 ta doʻkon, 225 ta gipermarket, 2 337 Magnit Cosmetics doʻkoni va 157 Magnit oilaviy doʻkoni mavjud. Kompaniyada 140 000 dan ortiq kishi ishlaydi va har oy bir necha oʻnlab doʻkonlar ochadi.

2006-yildan beri kompaniya Rossiyaning koʻplab shahar va shaharchalarida „Magnit“ gipermarketlari tarmogʻini ishlab chiqdi. U Garchi hali ham Moskvada keng tanilmagan boʻlsa-da, 2013-yil aprel oyida sotuvlar hajmi boʻyicha raqibi X5 Groupni ortda qoldirib, Rossiyadagi eng yirik chakana sotuvchiga aylandi. 2014-yil iyul holatiga koʻra, u bozor kapitallashuvi boʻyicha dunyoda toʻrtinchi yirik chakana sotuvchi hisoblanadi. Biroq, 2017-yil holatida Rossiyadagi eng yirik chakana sotuvchi X5 Groupdir.

2021-yil noyabr oyidan beri Aleksandr Vinokurovga tegishli Marathon Group kompaniyaning eng yirik aksiyadorga aylandi.

Tarixi



Magnit chakana savdo tarmogʻi asoschisi Sergey Galitskiy 1995-yilda „Tender“ AJni tashkil qilgan.

2004-yilda chakana savdo tarmogʻi piyoda borish mumkin boʻlgan masofadagi doʻkon formatini qabul qilib, „qayta ishga tushirildi“. Shu bilan birga, kompaniya maishiy kimyo va parfyumeriya mahsulotlarini tarqatish boʻyicha oʻzining ulgurji faoliyatini yakunladi va quvvatni Krasnodardagi savdo markazidan Kropotkindagi tarqatish majmuasiga oʻtkazdi. Tashkil etilganidan olti yil oʻtgach, Magnit chakana savdo tarmogʻi butun mamlakat boʻylab 1000 ta doʻkonga yetdi. 2005-yilda doʻkonlar soni allaqachon 1500 tani tashkil qilar, kompaniya umumiy daromad boʻyicha Pyaterochka mini-marketlar tarmogʻini ortda qoldirdi.

2010-yilda Deloitte transmilliy konsalting provayderi Magnitni dunyodagi eng yaxshi 250 ta chakana sotuvchilar roʻyxatiga kiritdi. Xuddi shu yili kompaniya drogerie formatidagi birinchi doʻkoni – Magnit Kosmetikni ochdi.

2014-yilda Magnit Rossiyaning eng yirik importyoriga aylandi. Oʻsha yilning oʻzida uning doʻkonlari naqd pulsiz hisob-kitob terminallari bilan jihozlandi va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish kassalarini ocha boshladi. Kompaniya Krasnodar oʻlkasida oʻzining issiqxona majmuasini qurishni boshladi. 2015-yilda Magnit doʻkonlari soni 10 000 taga yetdi va rekord darajada oʻsish sur’atlarini namoyish etgan birinchi rus tarmogʻi boʻldi. Tahliliy maʼlumotlar shuni koʻrsatdiki, rus xonadonlari tomonidan sarflangan har 10 rubldan 1 rubli Magnitga toʻgʻri keladi.

2017-yilda Magnit oʻzining tarqatish markazlari sonini 36 taga yetkazdi. Kompaniya, shuningdek, birinchi Magnit Pharmacy va Magnit Cash&Carry doʻkonlari faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Xuddi shu yili Rossiyadagi eng yirik qoʻziqorin ishlab chiqarish zavodida ish boshlandi. 2017-yilda Magnit Baker Tillyning eng yuqori intellektual kapitalga ega Rossiya korxonalari roʻyxatida 3-oʻrinni egalladi. 2018-yilda kompaniya „Rossiya pochtasi“ ofislarida oʻz shoxobchalarini ochdi. Oʻsha yili Magnit Forbes 'Global 2000da dunyodagi eng yirik jamoat kompaniyalari qatoriga qoʻshildi va bu roʻyxatdagi yagona rus chakana sotuvchisi boʻldi.

2018-yilda Marathon Group VTB dan Magnitning 11,82% ulushini sotib oldi.

2018-yil iyun oyi boshida Magnit SIA Groupning farmatsevtika distribyutori boʻlgan „SIA International Ltd“ AJni qoʻshib olish boʻyicha Marathon Group bilan muzokaralar boshlaganini maʼlum qildi. Keyinchalik, oʻsha yilning oktyabr oyida, qoʻshib olish Magnit direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlandi. Taʼkidlanishicha, 5,7 milliard rubl yoki undan kam miqdorda koʻrsatilgan bitim summasi Magnit aksiyalari bilan toʻlanadi. Shuningdek, kelishuvga koʻra, Marathon Group Magnit aksiyalarini bitim yopilgandan keyin kamida 3 yil davomida sotmaslik majburiyatini oldi. Qoʻshib olish Magnit Cosmetic va Pharmacy biznesini rivojlantirish strategiyasining bir qismi edi.

2018-yil iyun oyida Magnit va Rossiya pochtasi Moskva, Krasnodar oʻlkasi va Ryazan viloyatida pochta boʻlimlari ichidagi doʻkonlar sinov loyihasini boshladi.

2019-yil 29-fevralda Magnit chakana savdo tarmogʻi oʻz brendini yangi kross-formatli konsepsiyaga muvofiq yangilashini eʼlon qildi. Yangilanishdan soʻng barcha doʻkonlar bir xil vizual uslubga va shiorga – „Oilalarni birlashtiramiz!“ ega boʻladi.

2019-yil may oyidan boshlab Marathon Group prezidenti Aleksandr Vinokurov Magnit direktorlar kengashi aʼzosi boʻldi.

Magnit 2023-yilgi rivojlanish strategiyasini 2018-yil sentyabr oyida eʼlon qildi. Kompaniya Rossiya bozoridagi ulushini 6 foizdan 15 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda.

2021-yil may oyida Magnit barcha Dixy doʻkonlarining nazorat paketini 92,4 milliard rublga sotib olishini eʼlon qildi. „Dixy“ tarmogʻiga 2,6 ming doʻkon kiradi, ularning yarmi poytaxt Moskva va Moskva viloyatida joylashgan. Taxminlarga koʻra, „Dixy“ mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyatini davom ettiradi va barcha doʻkonlar oʻz brendi ostida ishlashda davom etadi. Iyul oyida Rossiya Federal antimonopol xizmati kelishuvni maʼqulladi, ammo ayrim cheklovlarni ilgari surdi: tarmoqlarni birlashtirish faqat Magnit ulushi 25% dan oshmaydigan munitsipalitetlarda mumkin. Natijada 142 ta „Dixy“ doʻkoni „Magnit“ tarmogʻiga kirmaydigan boʻldi.

2021-yil oktyabr oyida „Magnit“ Krasnodarda 30 ga yaqin dorixonadagi onlayn talabni qondirish maqsadida kengaytirilgan assortimentga ega birinchi dorixona darkstorini ochdi. Mijozlar oʻz xaridlarini Moskva, Sankt-Peterburg, Kareliya, shuningdek Leningrad, Murmansk, Novgorod, Pskov va Tver viloyatida buyurtma qilishlari mumkin. 2021-yil davomida „Magnit“ dorixonalar bozorlari bilan ham hamkorlik qila boshladi.

2021-yil noyabr oyida Marathon Group oʻz ulushini 29,2 foizga oshirdi va eng yirik aksiyadorga aylandi.

2023-yilning iyun oyida Magnit xorijiy investorlarga aksiyalarini 50% diskont (chegirma) bilan qaytarib sotib olishni taklif qildi. Chunki chet elliklar bu aksiyalarini erkin bozorda sota olmaydilar. Kompaniya aksiyalarning 10 foizini 22,57 milliard rublga qaytarib sotib olishga tayyorligini eʼlon qildi. Hukumat tenderni maʼqulladi, investorlarga Rossiyadan dollar, yevro yoki yuanda olingan pulni qaytarib olish imkoniyati yaratildi. Taklif talabga ega ekanligi maʼlum boʻlgach, Magnit kvotani 29,8 foizga (30 370 000 ta aksiya) oshirdi.

Moliyaviy hisoboti



2019-yil 25-iyulda eʼlon qilingan 2019-yilning ikkinchi choragi uchun choraklik hisobotlarga koʻra, Magnit umumiy daromadi 342,9 milliard rublni, Moliyaviy hisobotlar xalqaro standartlari (MHXS) 16 boʻyicha tuzatilgan sof daromadi 2,5 milliard rublni tashkil qiladi.

Boshqaruvi



Sergey Galitskiy Magnit Group tashkil etilganidan beri va 2018-yilning fevraligacha bosh direktor lavozimida ishlagan. 2018-yil fevral oyida Galitskiy kompaniyadagi ulushlarining katta qismini VTB Bankka sotishga qaror qildi. Bitimdan soʻng yangi direktorlar kengashi saylandi, yangi boshqaruv jamoasi shakllantirildi.

2018-yil may oyida Magnit Olga Naumovani bosh direktor lavozimiga ishga oldi. 2019-yil 26-iyundan boshlab Yan Dunning Magnit bosh direktoriga (2019-yilning ikkinchi choragida kompaniyani tark etgan Olga Naumova oʻrniga) aylandi. Dunning shuningdek, 2019-yil 17-yanvarda tayinlangan tarmoq prezidenti lavozimini ham egallaydi.

Ishlab chiqarish obyektlari



2015-yilda Sochida boʻlib oʻtgan Xalqaro investitsiya forumida Magnit Krasnodar oʻlkasidagi Dorojniy qishlogʻida sanoat parkini rivojlantirish boʻyicha investitsiya shartnomasini imzoladi. Park 236 gektardan ortiq maydonni egallaydi va 20 dan ortiq ijarachilarga ega boʻlib, 2020-yil oxirigacha 40 milliard rubldan ortiq investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilgan. 2018-yilda birinchi ishlab chiqarish korxonasi – Kuban non mahsulotlari kombinati (ruscha: Кубанский комбинат хлебопродуктов) (Rossiyada oʻz sektorida eng yiriklaridan biri)da ish boshladi. Uning ishlab chiqarilishi tarmoqning makaron, non va non mahsulotlariga boʻlgan talabining 60 foizini qoplaydi.

Xodimlari



Forbes maʼlumotlariga koʻra, Magnit Rossiyaning eng yirik ish beruvchilaridan biri boʻlib, 2017-yil holatiga koʻra 280 mingdan ortiq odamni ish bilan taʼminlagan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz