Lutfulloh Nasafiy
Lutfulloh Nasafiy Fozil Kaydoniy (vafoti 1349-yil) — fiqhshunos olim.
Hayoti va ijodi
Lutfulloh Nasafiy Nasafda tavallud topgan. Bugungi kungacha yetib kelgan manbalarda uning hayoti va ilmiy merosiga oid maʼlumotlar ko‘p emas. Xususan, biobibliografik manbalarda ham Nasafiy haqida qisqa va bir-birini doim takrorlab kelgan maʼlumotlar keltirilgan. Lutfulloh Nasafiy ilmiy merosi mamlakatimiz va xorijda yetarli darajada o‘rganilmagan. Manbalarda Lutfulloh Nasafiyning vafot etgan yili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uning tavallud sanasi uchramaydi. Qo‘lyozmalarda unga „Nasafiy‟ va „Kaydoniy‟ deb nisbat berilishi uning aynan o‘sha hududdan ekaniga ishora qiladi. Lutfulloh Nasafiyning bolalik va o‘smirlik davrini batafsil yorituvchi maʼlumotlar saqlanib qolmagan.
„Fiqhi Kaydoniy‟ asari
Lutfulloh Nasafiyning bizgacha „Fiqhi Kaydoniy‟ nomli yagona asari yetib kelgan. Muallifning asardagi asosiy maqsadlaridan biri, xalq orasidagi mavjud ijtimoiy, madaniy va ruhiy anʼanalarning mo‘g‘ullar davrida ham uzluksiz davom etishini taʼminlashdan iborat bo‘lgan. U o‘z o‘rnida mo‘g‘ullar davrida so‘nib borayotgan fiqh ilmini qayta jonlantira olgan. Zero, o‘sha paytda Movarounnahr hududida Nasafiyning „Fiqhi Kaydoniy‟ asari kabi ibodat masalalarini to‘liq qamrab olgan eʼtiborli asarlar juda kam yozilgan. Asar matnida zikr etilgan masalalar islom manbashunosligining faqat ibodat sohasiga oidligi bilan xarakterli. Unda ibodatga oid masalalarning eng nozik jihatlarigacha kirib borilgan. Muallif keng dunyoqarashi, masalalarni yoritishda hanafiylikka rioya qilishi va ibodatga oid amal turlarini talabaga yodlab oladigan darajada sodda, ravon uslubda mahorat bilan tushuntira olishi kabi mahoratlarini o‘z asarida namoyon eta olgan. „Fiqhi Kaydoniy‟ asari qariyb olti asr, yaʼni o‘tgan asrimizning o‘ttizinchi yillarigacha O‘rta Osiyo madrasalarida o‘qitildi va islom fiqhining asosiy qo‘llanmalaridan biri sifatida eʼtirof etildi. Asarning ko‘plab tarjima, taʼliqa, sharh va hoshiyalari Movarounnahr shaharlariga keng tarqaldi. Bu kabi omillar muallif asarining muhim ahamiyatga ega ekaniga ishora qiladi. Fiqhiy mavzuda yozilgan ushbu asarning yuzlab qo‘lyozma nusxalari jahonning turli qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Asarning o‘zbek tilidagi tarjimasi „Toshkent islom universiteti‟ nashriyot-matbaa birlashmasi bosmaxonasida 2009 va 2010-yillari chop etilgan. Ushbu asarda fiqhiy ilmlar ichidagi eng katta qismni tashkil etgan namoz va uning qoidalariga yo‘naltirilgan mavzularni qamrab olgan. Maʼlumki, Qur’on, hadis hamda tafsir kitoblarida ibodat va unga taalluqli masalalar haqida ko‘p zikr qilingan va bunga alohida eʼtibor qaratilgan. Davr talabidan kelib chiqqan holda, faqat ibodat masalalarini to‘liq qamrab olgan „Fiqhi Kaydoniy‟ kabi katta fiqhiy masalalar to‘plami mustaqil holda ham yaratilgan. „Fiqhi Kaydoniy‟ yozilgan davridan boshlab, to XIX asrning 2-yarmigacha taʼlim tizimida fiqh ilmi, xususan, ibodat masalalari bo‘yicha asosiy qo‘llanmalardan biri bo‘lib kelgan
Lutfulloh Nasafiy asarni yozishda o‘zidan avval yaratilgan ibodatga oid asarlarga tayangan, chunki ibodat masalalari diniy ilmlar ichida eng nozik va mazhab qoidalarini to‘liq talab qiluvchi ilmlar sirasiga kiradi. O‘z o‘rnida bu kabi jihatlar uni yorituvchilar uchun juda katta mas’uliyat yuklaydi. Nasafiy mana shu mas’uliyatni teran anglagan holda, o‘z ishini boshlagan. Bu bilan u aqida, hadis, fiqh va boshqa ilmlardan yetarlicha xabardor ekanini isbotlay olgan. Shu boisdan asar matnini boshqa ibodat masalalari yoritilgan asarlarga taqqoslansa, ularda o‘zaro o‘xshashlik jihatlari kuzatiladi. Maʼlumki, mazhablar yuzaga kelishi bilan fiqhiy istilohlar ham muomalaga kirdi. Jumladan, farz, vojib, sunnat, mandub, mustahab, maqbul, marg‘ub, muboh, harom, makruh, shart, illat, rukn kabi amal turlari mazhablar orasiga yoyilib, ular turli nomlarda qabul qilindi. Har bir fiqhiy atama mazhab asoschilari doirasida muayyan darajada ochib berildi. Shuningdek, rukn va shart, illat va sabab, fosid va botil orasidagi farqlar ham mazhablararo o‘z taʼriflariga ega bo‘ldi. Bu kabi istilohlar mazhabga ko‘ra baʼzi farqli o‘rinlarga ega. Masalan, farz bilan vojib hanafiylarda boshqa-boshqa (farz qatʼiy, vojib zonniy) sanalsa, sunniylikning qolgan mazhablarida vojibni qabul qilmasdan farz bilan kifoya etiladi.
„Fiqhi Kaydoniy‟ asari keltirilgan amallar:
„Fiqhi Kaydoniy‟ asarida yuqorida sanab o‘tilgan tarzda sakkiz amalga qisqacha taʼrif beriladi. Keyin mazkur amallarning har biriga alohida sharh beriladi. Barcha amallar alohida boblarga ajratilib, keng yoritiladi. „Fiqhi Kaydoniy‟ faqat namoz masalalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, undagi har bir amal keng va birma-bir yoritilgan. Zero, mavzu toraygan sari, uning ichiga chuqurroq kirish imkoniyati ko‘payadi.
Muallifning ibodat masalalarini yoritish uslubi va qo‘yilgan vazifalarni tushuntirishi ilmiy jihatdan asoslidir. Asarda amal turlarining taʼriflari keng qamrab olinsa-da, ular qisqa uslubda tushunarli tarzda ochib beriladi. Muallif asarni taʼlif etishda quyidagi o‘ziga xos uslublardan foydalangan:
Fiqhiy matnlar tahlili bu sohaga oid asarlarning deyarli barchasi o‘ziga xos uslubda yozilganini ko‘rsatdi. Ularda matn qisqa, lo‘nda va yodlash uchun qulay bo‘lishiga eʼtibor qaratilgan. Asar matni anʼanaga muvofiq „basmala‟ bilan boshlangan. Har bir ishni „Bismillahir rohmanir rohim‟ kalimasi bilan boshlash Muhammad (a.s.)ning „Allohning ismi bilan boshlanmagan har-bir ish kesikdir‟ mazmundagi hadislari bilan hujjatlangan. „Bismilloh‟ning fazilati haqida va uni sharhlab, turli davrlarda ko‘plab asarlar yozilgan. Ilmiy tilda uni „Tasmiya‟ yoki „Basmala‟ deb aytiladi. Asarning kirish qismida hamd, naʼt va salovatlar berilgan. Asosiy matn — „Bilginki‟ so‘zi bilan boshlanadi. Har qanday asarning birinchi jumlasi nihoyatda ahamiyatlidir. Asarning taʼkid maʼnosidagi so‘z bilan boshlanishi undagi mavzularni yodda olib qolish zarurligiga ishora qiluvchi bir vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu hol fiqhiy va grammatik asarlarda keng uchraydi. Uning bu kabi ko‘rinishi keyinchalik badiiy va sheʼriy uslublarda ham namoyon bo‘la boshladi.
„Fiqhi Kaydoniy‟ning Movarounnahr madrasalarida qo‘llanma sifatida o‘qitilgani asarga ko‘plab sharhlar yozilishiga sabab bo‘lgan. Bu sharhlarning aksari Movarounnahr va Xuroson olimlari qalamiga tegishli bo‘lib, asosan „Sharhi Fiqhi Kaydoniy‟ nomi bilan keng tarqalgan. Quyidagi olimlar „Fiqhi Kaydoniy‟ga turli hajmda sharh yozganlar:
Asarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalarini qator Sharq qo‘lyozma fondlarida, jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida uchratish mumkin. Ushbu markaz qo‘lyozma va toshbosma asar matnlari hoshiyasiga bitilgan nusxalar bilan salmoqli o‘rin tutadi. Mana shunday holatlar „Fiqhi Kaydoniy‟ matni va sharhlarida ham ko‘zga tashlanadi. Asarning izohli nusxalari asosan hoshiya va jadval tashqarisiga ko‘chirilgan.
Lutfulloh Nasafiyning „Fiqhi Kaydoniy‟ asari ko‘p jihatlari bilan hanafiy fiqhiga mansub quyidagi fiqhiy asarlarga matn jihatidan yaqin turadi:
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org