Lucid Motors
Lucid Group, Inc. – hashamatli sport elektromobillarini ishlab chiqaruvchi AQSH brendi boʻlib, shtab-kvartirasi Kaliforniyaning Nyuark shahrida joylashgan. Lucid avtomobillari Kaliforniyada loyihalanadi va Lucidning Arizonadagi zavodida ishlab chiqariladi. Kompaniya 2007-yilda tashkil etilgan.
Birinchi Lucid avtomobili, Lucid Air 87400 dollardan boshlanadigan Lucid Air Pure kabi bir nechta versiya va modifikatsiyalarda taklif etiladi. Lucid Air seriyasi Lucid Air Touring va Grand Touring kabi versiyadagi modellarni ham oʻz ichiga oladi va ular mos ravishda 629 va 811 ot kuchiga ega motorlar bilan jihozlangan.
Kompaniyaning ikkinchi modeli „Lucid Gravity SUV EV“ yoʻl tanlamas avtomobillar sinfiga mansub boʻlib, 2024-yilda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Tarixi
Lucid kompaniyasiga 2007-yilda Tesla Motors sobiq vitse-prezidenti Bernard Tse, Astoria Networks asoschisi Sam Veng va ixtirochi Sheaupyng Lin tomonidan Atieva nomi bilan asos solingan. Kompaniya dastlab boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun elektr avtomobil akkumulyatorlari va quvvat uzatmalarini yaratishga ixtisoslashgan edi.
Lucid kompaniyasining bosh ijrochi direktori va texnik direktori Piter Raulinson ilgari Tesla, Inc. da muhandislik boʻyicha vitse-prezident va Model S modelining bosh muhandisi boʻlib ishlagan. Kompaniyaga Tsing Capital, Mitsui, Venrock, JAFCO kabi shirkatlar sarmoya kiritgan.
Atieva 2016-yil oktabr oyida Lucid Motors nomini oldi va yuqori unumdorlikda toʻlaqonli elektr bilan harakatlanuvchi hashamatli avtomobillar ishlab chiqish maqsadini rasman eʼlon qildi.
Avtomobillari
Lucid asosan oʻzining dastlabki yillarida akkumulyator ishlab chiqish bilan shugʻullandi, biroq 2014-yilda oʻzining birinchi avtomobilini ishlab chiqishni boshladi.
Lucid Air
Lucid Air toʻliq elektr avtomobilining prototipi 2016-yilning dekabrida taqdim etilgan. Lucid Air ishlab chiqarilishi 2021-yilning bahorida boshlanishi kutilgan edi. 2020-yil noyabr oyida Lucid Air Pure 480 ot kuchi va 653 kilometr masofani bosib oʻtish imkoniyati bilan taqdim etildi va boshlangʻich narxi 77 400 AQSH dollari deb eʼlon qilindi. Lucid Air seriyasi Lucid Air Touring, Grand Touring va Dream Edition versiyalarini oʻz ichiga oladi.
Ishlab chiqarish obyektlari
2019-yil dekabr oyida Lucid Arizona shtatining Casa Grande shahridagi zavodga asos soldi. 2020 yil 1-dekabrda Lucid AMP-1 deb nomlangan va yiliga 400 000 tagacha elektromobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻlgan zavod qurilishini yakunladi.
Manbalar
Qoʻshimcha havolalar
uz.wikipedia.org