Let It Be
„
Let It Be “ (tarjimasi „Shunday boʻlaversin“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. 1970-yilning 6-martida sing oʻlaroq chiqarilgan. Shuningdek, bir oz farqli mikslangan versiyasi guruhning ayni nomli albomiga kiritilgan. Qoʻshiqni Paul McCartney yozgan va ijro etgan, ammo muallif oʻlaroq Lennon–McCartney koʻrsatilgan. McCartney „Let It Be“ qoʻshigʻini yozish fikri 1968-yilda „The Beatles“ albomini yozish davrida onasi tushiga kirganidan keyin kelganini aytgan. Qoʻshiqning singl versiyasi George Martin tomonidan hozirlangan boʻlib, unda gitara solosi yumshoqroq hamda orkestr ijrosi ovozi pastroqdir. Albom uchun Phil Spector hozirlagan versiyada esa gitara solosi hamda okrestr partiyalari balandroqdir.
„Let It Be“ qoʻshigʻi „Billboard Hot 100“ xit-paradida oltinchi pogʻonada debyut qilib, birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. Tarona McCartney „The Beatles“ guruhini tark etishidan oldin eʼlon qilingan yakuniy singldir. Lekin shunga qaramay, qoʻshiqning albom versiyasi hamda AQSh uchun moʻljallangan „The Long and Winding Road“ singli McCartney guruhni tark etganidan keyin eʼlon qilingan. 1972-yilda Sovet Ittifoqida „Melodiya“ leyblida chiqarilgan mini-albom „The Beatles“ guruhining SSSRda eʼlon qilingan ilk relizidir. Sovet Ittifoqida eʼlon qilingan plastinkaga „Let It Be“ qoʻshigʻi bilan qatorda „Across the Universe“ hamda „I Me Mine“ kompozitsiyalari ham kiritilgan.
Qoʻshiqqa ayrim tanqidchilar salbiy baho bergan. Guruh aʼzosi John Lennon esa oʻzini qoʻshiqdan uzoqlashtirgan va uni McCartneyning oʻzi yozganini urgʻulagan. Shunga qaramay, tarona bir necha eng yaxshi qoʻshiq roʻyxatiga kiritilgan. Xususan, qoʻshiq CILQ-FM radiostansiyasi 2000-yilda tuzgan „Asrning eng yaxshi 500 ta sof rok qoʻshigʻi“ roʻyxatida ikkinchi oʻrinni egallagan „Mojo“ jurnali esa 2006-yilda qoʻshiqni „101 eng yaxshi Beatles qoʻshigʻi“ roʻyxatida 50-oʻringa qoʻygan. „Rolling Stone“ jurnali 2010-yil tuzgan shunga oʻxshash roʻyxatda qoʻshiq 8-oʻrinni egallagan. Shuningdek, „Let It Be“ jurnalning tarixdagi 500 eng buyuk qoʻshiqlar roʻyxatida 20-oʻrinni egallagan.
Manbalar
Snoskalar
Adabiyotlar
Havolalar
uz.wikipedia.org