Left 4 Dead 2




Left 4 Dead 2 — 2009-yilda Valve tomonidan ishlab chiqarilgan va nashr etilgan birinchi shaxs otishma oʻyini. Turtle Rock Studiosʼning Left 4 Dead (2008) oʻyiniga sikvel va Left 4 Dead seriyasining ikkinchi o‘yinidir. Oʻyin 2009-yil noyabrda Microsoft Windows va Xbox 360 uchun chiqarilgan boʻlsa, 2010-yilning oktyabr oyida Mac OS X va 2013-yilning iyul oyida Linux uchun ommaga taqdim etiladi.

Left 4 Dead 2 oʻyin jarayoni oʻzaro hamkorlik va jamoaviy hamjihatlikka asoslangan boʻlib, Valve’ning xususiy Source yuritkichida yaratilgan. Ushbu yuritkich Left 4 Dead’da ham ishlatilgan. Oʻyin voqea-hodisalari apokaliptik pandemiyadan soʻng yuz beradi. Oʻyinning diqqat markazida toʻrtta tirik qolgan, zararlanganlar deb atalmish tajovuzkor va ogʻir psixozli zombilar oʻrdasiga qarshi kurash olib boradi. Oʻyinda beshta kampaniya mavjud va kampaniyalar boʻlimlarga boʻlingan. Kampaniyadagi boʻlimlar nazorat nuqtasi vazifasini bajaradigan boshpanalar orqali bir-biri bilan bogʻlangan. Bosh maqsad esa har bir kampaniyaning soʻnggi boʻlimidagi qutqaruv nuqtasiga yetish. Oʻyin jarayoni oʻyinchilarning harakatlarini nazorat qiladigan va oʻyin ssenariysini vaziyatga qarab tuzadigan „AI Director 2.0“ tomonidan protsedurali generatsiyalanadi. Boshqa yangi xususiyatlar orasida maxsus zararlanganlarning yangi turlari va sovuq qurollar arsenali mavjud.

Oʻyinning jahon premyerasi E3 2009 dagi Microsoft matbuot anjumanida treyleri bilan koʻrinish beradi. Oʻyin chiqarilishidan oldin muqovasidagi tasviri uchun tanqidchi va jamoatchilik tomonidan turli bahs-munozaralarga sabab boʻlgandi. Bunga javoban oʻyin muqovasiga oʻzgartirishlar kiritildi, biroq Avstraliya ham, Germaniya ham oʻyinni reliz chogʻida baholashdan bosh tortdilar. Shunga qaramay, oʻyin tanqidchilar tomonidan ijobiy sharhlarga ega boʻladi va barcha yaratilgan oʻyinlarning buyuklaridan biri sanaladi.

Mazmuni



AQShda nomaʼlum virus epidemiyasi tarqaladi, unga chalinganlarda ( Zararlanganlar ) quturish alomatlarini keltirib chiqishi bilan birga tanani mutatsiyaga uchratib, odamlarni maxluqlarga aylantiradi. Ikki hafta ichida epidemiya bir necha shtatlarga tarqaldi, hukumat esa zararlangan hududlarda ommaviy evakuatsiyani boshlab, favqulodda choralar koʻradi. Toʻrtta bosh qahramon ( Tirik qolganlar ) boshqalar bilan evakuatsiya qilinishga ulgurolmay qolishadi va endi qutqarilish uchun Zararlanganlar oʻrdasidan oʻtib yoʻl topishlariga toʻgʻri keladi. Oʻyin oʻn toʻrtta kampaniyadan tashkil topgan. Ularning oltitasi birinchi qismdagi kampaniyalar boʻlib, oʻsha qismdagi qahramonlarning hikoyasini soʻzlaydi („Mehr yoʻq“, „Toʻqnashuvli parvoz“, „Soʻnggi kurash“, „Oʻlim jarangi“, „Oʻlik havo“, „Qonli hosil“ va „Qurbonlik“). Yana oltita kampaniya esa yangi tirik qolganlar toʻrtligiga bagʻishlangan boʻlib, voqea-hodisalari AQShning janubida, Savannadan boshlanib, Yangi Orleangacha boʻlib oʻtadi. Oʻn uchinchi kampaniya boʻlmish „Sovuq oqim“, hamjamiyat tomonidan yaratilgan va oʻyinning syujeti bilan umuman bogʻliqlik yeri yoʻq. Oʻn toʻrtinchi kampaniya „Soʻnggi kurash“ 2020-yilning 24-sentyabrida qoʻshilgan boʻlib, birinchi qismning Tirik qolish rejimidagi yagona xarita, „Mayoq“ning alternativ tugashini soʻzlab beradi.

Kampaniyalarning nomi:

Oʻyindagi birinchi kampaniyaning voqea-hodisalari Savanna shahridagi (Jorjiya shtati) The Vannah otelining tomida, evakuatsiya nuqtasidan boshlanadi. Qutqaruv vertalyoti tirik qolganlar yetib kelmasidan oldin uchib ketganligi uchun ular yangi yoʻl izlashga kirishadi. Maslahatlashgandan soʻng, ular mustaqil ravishda eng yaqin evakuatsiya nuqtasiga, savdo markaziga borishga qaror qilishadi. U yerga yetib borgach, tirik qolganlar hech kimni topa olishmaydi, chunki barcha hodimlar oʻlib boʻlishgandi. Shunda ular otelda koʻrgan stendlaridan Yangi Orleanda evakuatsiya nuqtasi borligini bilib olishadi va oʻsha yerga otlanishadi. Transport vositasi oʻlaroq esa Jimmy Gibbs Jr.ʼning poyga mashinasini tanlashadi (toʻqima poygachi).

Ikkinchi kampaniyada tirik qolganlar vertikal koʻtarilgan koʻprikdan mashinada qanday oʻtishni rejalashtirayotgan boʻlishadi. Birinchi qismdagi qahramonlardan biri bosh qahramonlarga koʻprikni narigi tomondagi koʻtarma mexanizm orqali tushirish mumkinligini aytadi. Tirik qolganlar kanalizatsiyadan narigi tomonga oʻtib, koʻprikni quvvat bilan taʼminlovchi dizelli generatorgacha yetib borishadi, lekin uning ichi boʻsh boʻladi. Left 4 Deadʼdagi personajlarning panasi ostida tirik qolganlar generatorga yonilgʻi quyishadi va koʻprikni tushirib, Jimmy Gibbs Jr.ʼning mashinasida yoʻlda davom etishadi.

Uchinchi kampaniya avtomagistralda boshlanadi, u yerda tashlandiq mashinalar bilan yuzaga kelgan tirbandlik sababli tirik qolganlar transport vositasini tashlab ketishga majbur boʻlishadi. Tirik qolganlar Whispering Oaks koʻngilochar bogʻidan oʻtib, Midnight Ridersʼning (toʻqima musiqa guruhi) konserti boʻlishi kerak boʻlgan sahnaga chiqishadi. Tirik qolganlar sahnadagi chiroqlarni yoqib mushakbozlik uyushtirish va fonogramma ijro etish orqali vertalyot eʼtiborini tortishadi va unda joʻnab ketishadi.

Oʻyin jarayoni



Oʻtmishdoshi kabi, Left 4 Dead 2 — birinchi shaxs otishmasi boʻlib, qoʻshma oʻyinga katta urgʻu beradi. Oʻyin beshta yangi kampaniyani taqdim etadi, ularning har biri uchtadan beshtagacha boʻlimlarni ichiga olgan. Birinchi oʻyinda boʻlgani kabi, har bir kampaniya menyu va yuklash ekranlarida huddi filmlardagidek toʻrtta „Tirik qolganlar“ning tasviri koʻrsatiladi. Kampaniya tugatilgandan so‘ng esa oʻyinchilarning yakuniy statistikalari filmlardagi titrlarda boʻlgani kabi pastdan yuqoriga qarab yozib oʻtiladi. Kampaniyalardagi deyarli barcha boʻlimlarda tirik qolganlar boshpanaga yetib borib, ichkari xavfsiz boʻlishi bilanoq, eshikni yopishlari kerak. Faqatgina kampaniyalarning soʻnggi boʻlimida tirik qolganlar qutqaruvchilar bilan bogʻlanib, ular yetib kelgunga qadar zararlanganlar oʻrdasining hujumlariga qarshi turishi yoki ular orasidan oʻtib, oʻzlari qutqaruv transportigacha yetib borishi kerak. „Oʻlik markaz“ va „Oʻtish“ kampaniyalarida esa tirik qolganlar yonilgʻi kanistrlarni yigʻib foydalangan holda qochishlari shart boʻladi.

Qurol-yarogʻ va buyumlar



Oʻyinda besh xil toifadagi yarogʻlar mavjud. Har bir tirik qolgan bitta toifadan bitta yarogʻ olib yuroladi, bular — asosiy qurol, yordamchi qurol, uloqtiriladigan qurol, asosiy tibbiy vositalar (yoki maxsus taʼsirga ega oʻq-dorilar) va ikkilamchi tibbiy vositalar. Asosiy qurollar kamyobligi va xususiyatlariga qarab toʻrt darajaga boʻlingan. Birinchi darajali qurollar (masalan, toʻpponcha-pulemyot va xromli sochma miltiq) nisbatan sekin shikast yetkazadi va asosiy hujum quroli oʻlaroq xizmat qiladi. Ikkinchi darajali qurollar (masalan, avtomat va jangovar miltiq) tezroq shikast yetkazadi va koʻpincha boʻlimning soʻnggi xaritalarida paydo boʻla boshlaydi. Uchinchi darajali qurollarning ikkitasi (Granataotar va M60) kamyobligi bilan birinchi va ikkinchi darajali qurollardan ajralib turadi. Yana bir farq qiladigan tomoni shundaki, oʻyinchilar bu darajadagi qurollarni oʻq-dori qutilaridan oʻqlay olishmaydi. Cheklangan oʻq-dori hisobiga ular tezkor shikast yetkaza oladi. Toʻrtinchi darajali qurollar oʻrnatma tizimli qurollar boʻlib, ularni joyidan qoʻzgʻatib boʻlmaydi. Oʻrnatma qurollarning oʻq-dorilari cheklanmagan, shikast yetkazish tezligi boʻyicha esa oʻyindagi eng yuqori. Biroq bunday quroldan maʼlum muddat davomida uzluksiz oʻt ochish tez qizib ketishga olib keladi. Uning yana bir kamchilik tomoni orqadan keladigan dushmanlarga oʻt ochib boʻlmasligida. Oʻrnatma qurollar xaritalarga avvaldan oʻrnatiladi va otish tumshugʻi biror bir tomonga mahkamlab qoʻyiladi. Ularni boshqa qurollarda boʻlgani singari maxsus taʼsirga ega oʻq-dorilar bilan oʻqlab boʻlmaydi. Lazerli moʻljallarni ham bunday qurollarga oʻrnatib ishlatishning imkoni yoʻq. Yordamchi qurollarning uch xil turi bor: sovuq qurollar, kichik kalibrli toʻpponchalar (ikki qoʻlda ikkitasini olib yurish mumkin) va katta kalibrli toʻpponchalar. Tirik qolganlar istalgan toifadagi qurol yoki buyumlar bilan zararlanganlarni urishi yoki nari itarishlari mumkin, lekin zararlanganlarga sovuq qurol bilan urilsa, qoʻshimcha miqdorda katta shikast yetkaziladi. Shu bilan birga, oʻyinchilar qorongʻida koʻrish imkonini beruvchi cheksiz quvvatli fonarcha ham olib yurolishadi (yomon tomoni, oʻyinchi zararlanganlar eʼtiborini tez tortadi). Shuningdek, tirik qolganlar asosiy tibbiy vositalar katagida bitta tibbiy toʻplam, maxsus oʻq-dorilar komplekti yoki defibrillyator olib yurishlari mumkin boʻlsa, ikkilamchi tibbiy vositalar katagida bir doza adrenalin yoki ogʻriqsizlantiruvchi dori olib yurolishadi. Bundan tashqari, uloqtiriladigan qurollar ham mavjud — tevarak atrofni oʻtga berish uchun Molotov kokteyli; yon tevarakdagi zararlanganlarni lipillovchi chiroq va tovush orqali oʻziga jalb etib portlatib yuboradigan quvursimon bomba; va tekkan narsasiga (oʻt, maxsus zararlanganlar, bir-birlari va h.k.) oddiy zararlanganlarni jalb etuvchi Baqaloqning qusugʻi bilan toʻldirilgan banka.

Oʻyin rejimlari



Left 4 Dead 2 beshta asosiy oʻyin rejimini taqdim etadi:

Left 4 Dead 2ʼda Realizm deb ataladigan rejim ham boʻlib, uni olishuv rejimida ham, kampaniya rejimida ham istalgan qiyinlik darajasida ishga tushirish mumkin. Ushbu rejim oʻyin jarayonining bir qancha jihatlarini olib tashlaydi: tirik qolganlar bir-birlarining siluetlarini koʻra olishmaydi, oʻlgan jamoadoshlarni esa faqatgina defibrillyator yordamida hayotga qaytarish mumkin. Qurollar va boshqa buyumlar boʻlsa, oʻyinchi bir necha metrga yaqin turganidagina yonib turadi. Bu esa bosqichlarni sinchkovlik bilan tintishga majburlaydi. Dushmanlarning boshiga otish boshqa tana qismlariga otishdan koʻra koʻproq shikast yetkazadi. Odatda oʻyinchilarni faqat yerga qulatishi mumkin boʻlgan Jodugar endi bitta zarba bilan oʻldira oladi(oson qiyinlik darajasidan tashqari). Rejim oʻyinchilarni hamjihatlikda va oʻzaro ovozli muloqotda oʻynashga majbur qilish uchun tuzilgan.

Vanihoyat, oʻyinning soʻnggi versiyalarida 30 tacha variatsiyani ichiga olgan „Mutatsiya“ tanlovi bor: baʼzilari yolgʻiz oʻyinchili, baʼzilari koʻp oʻyinchili (oxirdagilarining baʼzilar esa qoʻshma oʻyin, olishuv yoki unisiyam bunisiyam).

Bosh qahramonlar



Oʻyinning toʻrtta bosh qahramoni bor: Coach, Nick, Rochelle va Ellis.

Oʻyinga The Sacrifice qoʻshimcha kontenti (DLC) chiqarilganidan soʻng, oʻyinchilarda birinchi qismdagi qahramonlar uchun ham oʻynash imkoni yaraldi.

Zararlanganlar



Zararlanganlarni zombi deb ham atash mumkin boʻlsa-da, ular baribir mutatsiyali infeksiya yuqtirgan odamlardir. Faqat oʻyinda „Yashil gripp“ deb ataladigan ushbu infeksiyaning na manbasi va na tabiyati koʻrsatilgan. Tirik qolganlar eng koʻp toʻqnash keladigan zararlanganlar bu — oddiy zararlanganlar. Ular yolgʻiz holatda kuchsiz boʻlishi mumkin, biroq ular toʻdalashib oʻrdaga aylanishsa, tirik qolganlarni, ayniqsa jamoasidan uzilib qolganlarni, har tomondan siquvga olib yer bilan yakson qilishadi. Zararlanganlarga shikast yetkazish ancha reallikka yaqin qilib tasvirlangan: oʻqlar va sovuq qurollar terilarni tilishi, baʼzan esa qoʻl-oyoqlarni boʻlib tashlashi mumkin. Left 4 Dead 2ʼning yangi qoʻshimchalaridan biri har bir kampaniya uchun oʻziga xos noodatiy zararlanganlarning qoʻshilishidir. Infeksiya boshlanguniga qadar koʻtarib yurgan yarogʻi va joylashuvining taʼsiri tufayli ular oddiy zararlanganlardan ajralib turadigan qobiliyatlarga ega. Masalan, „Oʻlik markaz“ kampaniyasida himoya kostyumidagi CEDA agentlarini uchratish mumkin, bu esa ularni yongʻinga chidamli qiladi. „Qorongʻi karnaval“ kampaniyasida esa masqarabozlar bor. Ularning chiyildoq oyoq kiyimlari bir qancha oddiy zararlanganlarni jalb qilishi mumkin. „Cherkov“ kampaniyasida maxsus himoya aslahalarida yuruvchi xususiy qoʻriqlash xizmatining zararlangan hodimlarini koʻrish mumkin. Bunday aslahalar ularni old tomondan oʻq oʻtmas qiladi.

Birinchi oʻyinda boʻlgani singari, bu safar ham oʻyinda maxsus Zararlanganlar qaysidir maʼnoda boss vazifasini oʻtaydi. Mutatsiyaga uchrash oqibatida yuzaga kelgan maxsus qobiliyatlar ularni oʻta xavfli qilib qoʻygan. Har bir maxsus Zararlanganning yaqin orada yurganini bildiruvchi oʻziga xos tovush effekti yoki musiqali signali boʻladi. Birinchi oʻyindagi beshta maxsus Zararlanganlar Left 4 dead 2ʼga qaytadi (baʼzilarining feʼl-atvori va modeli oʻzgartirilgan). Shunday qilib, oʻyinda maxsus Zararlanganlarning 8 xil sinfi mavjud:

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz