Langston Hughes




Jeyms Merser Langston Xyuz (1901-yil 1-fevral — 1967-yil 22-may) — amerikalik shoir, jamoat arbobi, yozuvchi, dramaturg va kolumnist, Joplin, Missuri . Jazz sheʼriyati deb ataladigan adabiy oqimning novatorlaridan biri Xyuz Garlem Uygʻonish davrining yetakchisi sifatida tanilgan.

Bir qator Oʻrta Gʻarbning shaharlarida bolaligi oʻtgan Xyuz yoshligidanoq sermahsul yozuvchiga aylandi. U oʻsmirligida Nyu-York shahriga koʻchib, oʻz karyerasini boshladi. U Ogayo shtati Klivlend shahrida oʻrta maktabni tugatgach, tez orada Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida oʻqishni boshladi. Oʻqishni tashlab ketgan boʻlsa-da, Nyu-Yorkdagi koʻplab nashriyotlarning, dastlab The Crisis jurnali, soʻngra kitob noshirlarining eʼtiboriga tushdi va Garlemdagi ijodiy hamjamiyatda shuhrat qozondi. U keyinchalik Linkoln universitetini tamomlagan. Sheʼrlar bilan birga Xyuz pyesalar va hikoyalar yozgan. Shuningdek, u bir qancha badiiy boʻlmagan asarlarni nashr ettirgan. 1942-yildan 1962-yilgacha, fuqarolik huquqlari harakati kuchayib borayotgan bir paytda, u qora tanlilarning nufuzli gazetasi The Chicago Defenderda maqolalar yozish bilan shugʻullanadi.

Hayoti



Oila va bolalik



Koʻpgina afro-amerikaliklar singari, Xyuzning ham oilasi metistlardan hisoblangan. Xyuzning ikkala buvisi ham afrikalik qul boʻlgan, ikkala bobosi ham Kentukkida oq tanli quldorlar edi. Xyuzning soʻzlariga koʻra, ulardan biri Genri okrugidagi shotland-amerikalik viski distillovchisi Sem Kley boʻlib, davlat arbobi Genri Kleyning qarindoshi boʻlgan. Xyuz tilga olgan yana bir taxminiy ajdodi Silas Kushenberri, Klark okrugidagi qulfurush edi. Xyuz Kushenberri yahudiy qulfurush boʻlganini yozgan, ammo XIX asrda Kushenberri oilasining genetikasini oʻrganish natijasida uning yahudiylarga aloqasai yoʻqligi aniqlagan. Xyuzning ona tomonda buvisi Meri Patterson afro-amerikalik, fransuz, ingliz va asl amerikalik nasablariga mansub edi. Oberlin kollejida oʻqigan birinchi ayollardan hisoblangan buvisi Lyuis Sheridan Liri ismli xuddi oʻzi kabi aralash nasabli kishiga turmushga chiqadi ammo birinchi turmush oʻrtogʻi 1859-yilda Gʻarbiy Virjiniyada dahshtali darajada yaralanadi.

Oʻn yildan soʻng, 1869-yilda beva Meri Patterson Liri yana elita, siyosiy faol Langston oilasiga turmushga chiqdi. Uning ikkinchi eri afro-amerikalik, yevroamerikalik va toza amerikalik nasablariga ega boʻlgan Charlz Genri Lengston edi. U va ukasi Jon Merser Langston abolitsionizm harakati jonkuyarlari boʻlgan va 1858-yilda Ogayo shtatidagi qullikka qarshi jamiyat boshqaruviga yordam berishgan.

Turmush qurishganidan soʻng Charlz Langston oilasi bilan Kanzasga koʻchib oʻtdi, u yerda muallim va afro-amerikaliklar huquqlarini himoya qiluvchi jamoat arbobi sifatida faol ishladi. Uning va Merining qizi Karolin (Kerri nomi bilan tanilgan) oʻqituvchilik kasbini tanladi va Jeyms Nataniel Xyuzga (1871—1934) turmushga chiqdi. Ularning ikki farzandi bo;lib, Lengston Xyuz kenjasi edi; (garchi Xyuzning oʻzi tarjimai holida 1902-yilda tugʻilganligini daʼvo qilsa-da) aksariyat manbalarga koʻra u 1901-yilda Missuri shtatining Joplin shahrida tugʻilgan degan maʼlumot uchraydi.

Langston Xyuzning bolaligi Oʻrta Gʻarbning bir qator shaharchalarida oʻtgan. Xyuz tugʻilganidan koʻp oʻtmay otasi oilani tark etadi va Kerri bilan ajrashdi. Katta Xyuz AQShda davom etayotgan irqchilikdan qochish uchun Kubaga, keyin esa Meksikaga sayohat qildi.

Ajrimdan soʻng Xyuzning onasi ish izlab yurdi. Langston asosan Kanzas shtatining Lourens shahrida ona buvisi Meri Patterson Langston qoʻlida tarbiyalandi. Qora tanli amerikaliklarning ogʻzaki anʼanalari va oʻzi mansub avlodining faol tajribasidan foydalangan holda, Meri Lengston nabirasiga butun umr irqidan gʻururlanish tuygʻusini singdirdi. Buvisidan rqdoshlariga koʻmakchi boʻlishni oʻrgangan Xyuz butun umri davomida qarovsiz va ezilgan qora tanlilar bilan tanishdi, oʻz asarlarida ularni ulugʻladi. U bolaligining koʻp qismini Lourensda oʻtkazdi. 1940-yilgi "The Big Sea" (Katta dengiz) avtobiografiyasida u shunday deb yozgan edi: „Buvim bilan uzoq vaqt yolgʻiz va oʻyin-kulgisiz hayot kechirdim. Keyin hayotimga kitoblar kirib keldi, kitoblar va ularda tasvirlangan ajoyib dunyodan boshqa hech narsaga ishonmaydigan boʻldim — unda odamlar azob cheksa ham, Kanzasdagi kabi qisqa soʻzlar bilan emas, goʻzal tilda azob chekishardi.

Buvisining vafotidan keyin Xyuz ikki yil davomida oilaviy qarindoshlari Jeyms va xolasi Meri Rid bilan yashaydi. Keyinchalik Xyuz yana onasi Kerri bilan Illinoys shtatining Linkoln shahrida yashashni boshlaydi. Chunki onasi u oʻsmirlik chogʻida qayta turmushga chiqqan edi. Oila Ogayo shtatining Klivlend shahridagi Fairfaks mahallasiga koʻchib oʻtadi, Xyuz shu Markaziy oʻrta maktabda oʻqiydi va ustozi Helen Mariya Chesnuttdan bilim oldi.

Yigitlik



Xyuz 1923-yilda SS Malone bortida ekipaj aʼzosi sifatida qisqa muddat xizmat qilish va olti oy davomida Gʻarbiy Afrika va Yvropaga sayohat qilishdan oldin turli xil joylarda ishlagan. Xyuz Parijda vaqtincha qolish uchun SS Maloneni tark etdi. xyuz u yerda Oltin qirgʻoqdagi boy oilaga mansub, Britaniyada tahsil olgan afrikalik Anni Mari Kusi bilan uchrashib, ishqiy munosabatda boʻldi; ular keyinchalik ham xat yozishi turishardi, lekin Anni oxir-oqibat Trinidadlik advokat Xyu Vuding bilan oila qurdi. Vuding keyinchalik Gʻarbiy Hindiston universiteti rektori boʻlib ishlagan.

1920-yillarning boshlarida Angliyada boʻlgan vaqtlarida Xyuz qora tanlilar hamjamiyatining baʼzosiga aylandi. 1924-yil noyabr oyida u onasi bilan Vashingtonda yashash uchun AQShga qaytib keldi. 1925-yilda afro-amerikaliklarni hayoti va tarixini oʻrganish assotsiatsiyasida tarixchi Karter G. Vudsonning shaxsiy yordamchisi boʻlish kabi obroʻli ishga joylashdi.

Keyingi yili Xyuz Pensilvaniya shtatining Chester okrugidagi tarixan qora tanlilar universiteti boʻlmish Linkoln universitetiga oʻqishga kirdi. Shuningdek, Omega Psi Phi birodarligiga qoʻshildi.

Xyuz 1929-yilda Linkoln universitetida bakalavr darajasini olgandan soʻng, Nyu-Yorkka qaytib keldi. Sovet Ittifoqi va Karib dengizining baʼzi qismlariga sayohatlarini istisno qiladigan boʻlsak, umrining qolgan qismini asosan Garlemda oʻtkazdi. 1930-yillarda homiysi Sharlotta Osgud Meyson yordami bilan bir muddat Nyu-Jersi shtatining Vestfild shahrida istiqomat qildi.

Oʻlim



Xyuz 1967-yil 22-mayda Nyu-York shahridagi Stuyvesant poliklinikasida 66 yoshida prostata saratoni bilan bogʻliq qorin boʻshligʻidagi operatsiyadan keyingi asoratlar tufayli vafot etdi. Uning xoki Garlemdagi Shomburg qora tanlilar madaniyatini oʻrganish markazining foyesi oʻrtasida joylashgan pol medalyoni ostiga qoʻyilgan. Bu auditoriyaga kirish ismi uning nomi bilan ataladi.

Faoliyat



Birinchi marta 1921-yilda Qora tanlilarni rivojlantirish milliy assotsiatsiyasining (NAACP) rasmiy jurnali The Crisisda nashr etilgan — „The Negro Speaks of Rivers“ sheʼri Xyuzning tashrif qogʻoziga aylandi va birinchi sheʼriy toʻplami „The Weary Blues“dan (1926) joy oldi. Xyuzning birinchi va oxirgi sheʼrlari "The Crisis"da nashr etilgan; umuman, uning sheʼrlari boshqa jurnallarga qaraganda koʻproq "The Crisis" jurnalida chop etilgan. Xyuzning hayoti va ijodi Zora Neale Hurston, Uolles Turman, Klod Makkey, Countee Kallen, Richard Bryus Nugent va Aaron Duglas kabi zamondoshlari bilan bir qatorda 1920-yillardagi Garlem Renessansiga juda katta taʼsir koʻrsatdi. Makkeydan tashqari, ular yosh negr rassomlariga bagʻishlangan qisqa umr koʻrgan Fire jurnalini yaratishda birga ishladilar!

Uning sheʼrlari va asarlari Amerikadagi qora tanli ishchilar hayotini, kurash, quvonch, kulgi va musiqaga toʻla hayotlarini tasvirlagan. Uning asarlarida tasvirlanish afro-amerikaliklar va ularning xilma-xil madaniyati uchun faxr hisoblanadi. „Mening maqsadim Amerikadagi qora tanlilarning va barcha insoniyatning ahvolini qalamga olish, dunyoga tanitish edi“, degan edi Xyuz. „Xalq shoiri“ irqiy stereotiplarga qarshi chiqdi, ijtimoiy sharoitlarga norozilik bildirdi va Afro-Amerikanlarning oʻzlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirdi; qora estetika nazariyasini haqiqatga tatbiq etib, tomoshabinni ham, sanʼatkorni ham qayta tarbiyalashga intildi.

1930-yilda uning birinchi romani "Not Without Laughter" adabiyot boʻyicha Harmon oltin medaliga sazovor boʻldi. Sanʼat grantlari keng tarqalmagan paytda Xyuz xususiy homiylar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va ushbu roman nashr etilguncha ikki yil davomida qoʻllab-quvvatlandi. Asarning bosh qahramoni Sandy ismli bola boʻlib, oilasidagi oʻzaro munosabatlardan tashqari, irqi va sinfi tufayli turli xil muammolarga duch kelib, ularni yengib oʻtishi kerak edi.

Xyuzning birinchi hikoyalar toʻplami 1934-yilda "The Ways of White Folks" nomi bilan nashr etilgan. U kitobni yana bir homiysi Noel Sallivan tomonidan bir yil davomida berilgan Karmel, Kaliforniya shtatidagi yozgi uyida yozib tugatdi. Bu hikoyalar oq va qora tanlilar oʻrtasidagi kulgili va fojiali munosabatlarni ochib beruvchi bir qator izohlardir. Umuman olganda, ular irqiy munosabatlarga nisbatan umumiy pessimizm va sardonik realizm bilan yondashgani sabab ajralib turadi. Xyuz yangi tashkil etilgan San-Fransisko ishchilar maktabining (keyinchalik Kaliforniya mehnat maktabi) maslahat kengashi aʼzosi boʻldi.

U romanlar, hikoyalar, pyesalar, sheʼrlar, operalar, esselar va bolalar uchun asarlar yozgan. Yaqin doʻsti, yozuvchi Arna Bontemps hamda homiysi Karl Van Vextenning daldasi bilan u "The big Sea" va "I Wonder as I Wander" nomli ikki jildlik avtobiografiyasini yozdi, shuningdek, bir qancha bdiiy asarlarni ingliz tiliga tarjima qildi. Bontemps bilan Xyuz 1949-yilda The New York Times tomonidan yuqori baholangan "Negro sheʼriyati" antologiyasiga muharrir qilishdi.

Unvon va mukofotlar



Hayotligida




Xotirasiga




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz