Koreya Xalq Demokratik Respublikasi
Rasmiy nomi — Koreya Xalq Demokratik Respublikasi. Poytaxti — Pxenyan. Hududi — 120538 km.kv. Aholisi – 23,1 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — koreys. Dini — budda va konfutsiylik (biroq diniy faoliyat amalda deyarli yo‘q). Pul birligi — von.Geografik joylashuvi va tabiati. Sharqiy Osiyodagi davlat. Koreya yarimorolining shimoliy qismida joylashgan. Shimolda Xitoy (chegara uzunligi — 1416 km), janubda Janubiy Koreya (238 km), shimoli sharqda Rossiya bilan (17 km) chegaradosh. G‘arbdan Sariq dengiz, sharqdan Yapon dengizi o‘rab turadi. Chegarasining umumiy uzunligi — 1671 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 3495 km. Mamlakat hududini asosan tepalik va tog‘lar tashkil qiladi, ulaming oralig‘i torgina vodiylardan iborat. Mamlakatning eng baland nuqtasi — Pektusan tog‘i (2750 m). Asosiy daryolari: Amnokkan, Tedongan, Tumangan. Asosiy tabiiy boyliklari: ko‘mir, qo‘rg‘oshin, volfram, temir rudasi, mis, oltin rux, grafit, magnezit. Hududining 20% i haydaladigan yerlar, 74% i o‘rmon va changalzorlar.Iqlimi — mo‘tadil mussonli. Mamlakatning tog‘li tumanlari uchun ignabargli o‘rmonlar xarakterli: qarag‘ay, archa, koreys oq qarag‘ayi, shuningdek, tol, terak, g‘ujumlar ko‘proq bo‘lgan aralash o‘rmonlar bor. Vodiylar amalda to`laligicha qishloq xo‘jalik ekinlari bilan band. Bu yerlarda sholi, soya, javdar, makkajo‘xori va boshoqli ekinlar ekiladi. Mamlakat hayvonot dunyosida yo’lbars, qoplon, ayiq, tulki, bo‘rilarni uchratish mumkin. Qushlar olamida burgut, bekas, tuma va qirg‘iylar bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz