Konstantin Kachurin
Konstantin Petrovich Kachurin (1892-yil 7-yanvar, Margʻilon, Rossiya imperiyasi — 1960-yil, London, Buyuk Britaniya) — rus imperatori armiyasi shtabs-rotmistri (ruscha: подъесаул), Oqlar harakati polkovnigi, Buyuk Britaniya Qurolli kuchlari leytenanti, Uzoq Sharq armiyasi 2-aviaotryad qoʻmondoni (1920).
Tarjimayi holi
Konstantin Petrovich Kachurin 1892-yil 7-yanvar (yulian taqvimi boʻyicha 1891-yil 26-dekabr) Marg‘ilonda Orenburg kazaklari oilasida tavallud topgan. Kachurin Orenburgdagi Neplyuev kadet korpusini tamomlagan, soʻngra Sankt-Peterburgdagi Nikolayev muhandislik maktabiga oʻqishga kirib, uni 1912-yilda tamomlaydi. 1917-yilda Kachurin Sevastopol aviatsiya maktabini bitirib, harbiy uchuvchi mutaxassisligini oladi.
Kachurin 1909-yil 1-sentyabrdan rus imperatori armiyasida xizmatni qilishni boshladi. 1912-yil avgust oyining boshida „xorunji“ (bayroqdor) harbiy unvoni berilgan, Birinchi jahon urushi davrida, yaʼni 1916-yil fevral oyining oxirida Kachuringa shtabs-rotmistr (ruscha: подъесаул) lavozimi beriladi. Rossiyadagi Fuqarolar urushi davrida Kachuringa serjant (1920-yil aprel) va polkovnik (1920-yil 10-oktyabr) harbiy unvoni beriladi.
1912—1916-yillari Kachurin 6-Orenburg kazak polkida xizmat qilgan. Rossiya imperiyasi 4-armiyasining 1916-yil 6-avgustdagi buyrugʻiga binoan Kachurin 7-korpus aviaotryadi tarkibiga kiruvchi toʻrtinchi qiruvchi otryadga kuzatuvchi-uchuvchi etib tayinlanadi. Fuqarolar urushi davrida Kachurin oqlar harakatining Shimoliy frontida xizmat qilgan. 1919-yil fevral oyining boshida Arxangelsk frontining Slavyan-Britaniya havo korpusiga (baʼzan legion deb ataladi) harbiy xizmatga qabul qilinib, Buyuk Britaniya Qirollik havo kuchlarining leytenanti unvoni beriladi. Soʻngra Rossiyaning Shimoliy mintaqasi qoʻshinlari qoʻmondonligi shtabiga xizmatga joʻnatiladi.
1919-yil 19-fevralda Kachurin podpolkovnik N. I. Balzamning otryadiga yuboriladi. Urushning soʻnggi davrida Kachurin Zabaykalyeda ataman Grigoriy Semyonov qoʻshinidagi 2-aviaotryadga qoʻmondonlik qilgan.
1922-yilga kelib Konstantin Petrovich Kachurin Buyuk Britaniyaga (Angliya) emigratsiya qiladi. 1925-yildan to umrining oxirigacha Londonda yashaydi, bu yerda ingliz ayoliga uylanadi va 1960-yilda vafot etadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org