Ko`lshunoslik
Koʻlshunoslik , limnologiya -gidrologiya fanining koʻllarni oʻrganadigan sohasi. K. koʻllarning kelib chiqishi, geografik joylashishi, morfologiya va morfometriyasini, ulardagi suvning fizik va kimyoviy xossalarini, koʻllarda uzluksiz sodir boʻlib turadigan jarayon va hodisalarning vujudga kelishi va rivojlanish qonuniyatlarini, ularning oʻzaro va atmosfera hamda litosferadagi boshqa jarayon va hodisalar bilan bogʻliqligini, koʻllarning oʻsimlik va hayvonot dunyosini oʻrganadi. K. geogr. fanlari qatoriga kiradi, shu bilan birga geofizika, gidrokimyo, gidrobiologiya, geomorfologiya, geobotaniqa, meteorologiya va geol. bilan uzviy bogʻlangan. Koʻllar ekspeditsiyalar uyushtirish va uzoq, yillar uzluksiz statsiovar kuzatishlar olib borish yoʻli bilan oʻrganiladi. K.da elektrometrik, fotometrik, akustik metodlar, aerofotosʼyomka qoʻllanadi. Ilmiy K.ka ilk bor 1901-yilda ushbu fan boʻyicha birinchi qoʻllanma yaratgan va uzoq yillar Jeneva koʻlida tadqiqotlar oʻtkazib kelgan shveysariyalik olim F. Forel tomonidan asos solindi. Oʻrta Osiyo koʻllarini oʻrganishga L. S. Berg, N. L. Korjenevskiy, N. G. Mallitskiy, A. M. Nikitin kabi olimlar oʻz hissasini qoʻshgan. Oʻrta Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekistondagi koʻllar va suv omborlarini har tomonlama oʻrganish hamda ulardan kompleks foydalanish masalalarini hal etish ustida Oʻrta Osiyo regioval gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot institutining 1964-yilda tashkil etilgan kullar va suv omborlari boʻlimida ilmiy izlanishlar olib borilmokda.
Koʻp sonli suv havzalarini tiplarga ajratish va tasniflash maqsadida oʻtkaziladigan tadqiqotlar katta ahamiyatga ega. Koʻl yotqiziklarining stratigrafiyasi va koʻllar suv sathining balandligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oldingi davrlarda iqlimning oʻzgarishi, okean va quruqlik oʻrtasidagi namlikning aylanishi va umumiy yer bilimiga doyr boshqa masalalarni oʻrganishda qoʻllaniladi.
K.ning yutuqlari xalq xoʻjaligining suv taʼminoti, baliqchilik, suv xujaligi, gidroenergetika, sugʻorish, foydali qazilma boyliklarini qazib olish, tibbiyotda va mehnatkashlarni dam olishini tashkil qilishda foydalaniladi.
Koʻllar va suv omborlarining ifloslanishi va ular tabiiy holatining oʻzgarib borishi munosabati bilan, suv havzalaridagi suvning sifatini baholash, bashoratlash va muhofaza qilishK.ning bosh yoʻnalishi boʻlib qoladi. Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida K. fani oʻqitilmokda.
Adabiyot
Manbalar
uz.wikipedia.org