Koʻhisim (Qoʻrgʻontepa)
Koʻhisim (Qoʻrgʻontepa) - Iloq davlatidagi qad. shahar harobasi (6 — 11-asrlar). Nishboshsoyning Ohangaron daryosiga quyilish yerida, Angren shahri yaqinida. 1960-yil D. P. Varxotova va V. A. Nilsen u yerda dastlabki qazish ishlarini olib borgan. Tadqiqotlar natijasida quyidagilar aniqlangan: K. 6—7-asrlarda yirik yer egasi — dehqon qoʻrgʻoni sifatida yuzaga kelgan. 8—9-asrlarga kelib, qalʼa-shaharga aylangan va maydoni 16 ga ni tashkil etgan. Bu davrda u 3 qism — qalʼa, shahriston hamda raboddan iborat boʻlgan. Ravnaq topgan davri 9—10-asrlarga toʻgʻri keladi. 1962 va 1963-yillarda olib borilgan qazishmalar vaqtida 10—11-asrlarga oid ik-kita mis va kumush tangalar xazinasi, paleolit davriga mansub chaqmoqtoshdan qilingan mehnat qurollari, sopol haykalcha boʻlagi, 10-asrga doir sopol va shisha idishlar siniklari topilgan. Shuningdek, Nishboshsoy boʻyidan qizil porfirit (togʻ jinsi) dan yasalgan tegirmon toshi boʻlagi ham topilib, uning rudalarni maydalashda ishlatilgani maʼlum boʻldi.
Adabiyot
Manbalar
uz.wikipedia.org