Kinik maktabi
Kiniklar , kinik maktabi — Yunonistondagi Sokrat falsafa maktablaridan biri. Miloddan avvalgi 4-asrda Antisfen asos solgan. Diogen Sinoplik, Kratet va boshqa uning vakillari boʻlgan. Antisfen Afinadagi Kinosarg tepaligida (K. nomi shundan) shogirdlari bilan shugʻullangan. K. Sokrat va Platonning yaxshilik, adolat, goʻzallik gʻoyalari kabi umumiy tushunchalarning obyektiv mavjudligi toʻgʻrisidagi taʼlimotini tanqid qildi va aniq, odamlar hissiy qabul qiluvchi narsalargina real mavjuddir, deb hisobladi. Etika masalalariga alohida eʼtibor berdi. Boylik, hashamdorlik, madaniyat yutuqlaridan voz kechib, "tabiiy holat"ga qaytishni talab qildi. K.ning axloqiy qarashlari insonning ijtimoiy hayotdan ajralib yashashi, biron-bir qonun, ijtimoiy meʼyorlarga boʻysunishdan voz kechishiga asoslangan edi. K. Yunonistonda axloqiy gʻoyalarning rivojlanishiga, xususan, antik stoiklarning qarashlariga taʼsir koʻrsatgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org