Kinematografiya agentligi
Oʻzbekiston Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi — kinematografiya sohasida faoliyat yuritadigan agentlik. U shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy kinokompaniyalar tomonidan film va videofilmlarni suratga olishga ruxsat beruvchi yagona davlat tashkiloti hisoblanadi. Agentlik kino sanʼati va kino-video sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi.
Tarixi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 9-martdagi PF-360-sonli Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-maydagi 214-sonli qaroriga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi tashkil etildi va ushbu tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidan chiqarildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 29-apreldagi farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-iyuldagi 247-sonli qaroriga muvofiq Davlat kinokompaniyasi va Kinematograflar uyushmasi „Oʻzbekkino“ davlat hissadorlik kompaniyasiga aylantirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 16-martdagi PF-3407-sonli Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-martdagi 126-sonli qaroriga binoan „Oʻzbekkino“ davlat hissadorlik kompaniyasi „Oʻzbekkino“ Milliy agentligiga aylantirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi farmoni bilan „Oʻzbekkino“ Milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlandi. Kino sanʼati va kino-video sohasidagi davlat siyosatini amalga oshira oladigan bu agentlikga „Oʻzbekkino“ Milliy agentligining bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Firdavs Abduxoliqov bosh direktor etib taʼyinlandi.
Agentlik har yili davlat budjetidan moliyalashtiriladigan 15 ta toʻliq metrajli badiiy film, 40 qismdan iborat 20 ta hujjatli va ilmiy-ommabop film, 10 ta multiplikasion kinofilm, 60 soatli maʼnaviy-maʼrifiy, oʻquv-uslubiy videofilmlarni ishlab chiqarish vazifasini olgan. Prezidentning Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq Kinematografiya akademiyasi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi.
Xronologiyasi
Rahbariyat
Firdavs Abduxoliqov — bosh direktor.
Shuhratilla Rizayev — direktorning birinchi oʻrinbosari.
Nizomi Mahmudov — direktor oʻrinbosari.
Bahrom Mahmadrayimov-direktor oʻrinbosari
Vazifalari
Faoliyati
2019-2021 yillarda jami 300 ta kino mahsuloti (63 ta badiiy, 126 ta hujjatli film, 10 ta serial, 24 ta multfilm, yosh kino ijodkorlari ishtirokidagi 60 ta qisqa metrajli film, 3 ta bolalar yumoristik kinojurnali, 14 ta videorolik) yaratilgan.Muhammad Imom Iso Termiziy, Hakim at-Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Abu Muʼin Nasafiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy toʻgʻrisida hamda yaqin oʻtmishimizdan hikoya qiluvchi “Islomxoʻja”, «Qoʻqon shamoli», “Avloniy” nomli badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan. Xorijiy davlatlarda „Oʻzbek kinosi kunlari“ tashkil qilinib, unda «Rangsiz tushlar», “Ilhaq”, “Ibrat”, Tutqunlik kabi filmlar namoyish etilgan. Hududlarda kino ijodkorlari ishtirokida filmlar namoyishini nazarda tutuvchi „Kinokarvon“ aksiyalari oʻtkazilgan. Shu bilan birgalikda 2018-yil 26-dekabrda „Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi“ NNT, „Oʻzbekkino“ Milliy agentligi hamkorlikda „Oltin humo“ kinotaqdimoti sifatida tashkil eʼtilgan va har yili „Oʻzbek kinematografiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi uchun“ "OLTIN HUMO" maxsus mukofoti bilan taqdirlanadi. „Buyuk ipak yoʻli durdonasi“ kinofestivali 2021-yilda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qayta tiklandi va har yili oʻtkazilishi belgilandi shu bilan birgalikda bu kinofestival tashkilotchisi Oʻzbekiston kinematografiya agentligi boʻldi. 2022-yilda oʻtkazilgan „Ipak yoʻli durdonasi“ XIV Toshkent xalqaro kinofestivali tanlov dasturida 1500 nafardan ortiq yosh kinoijodkorlar, dunyoning 19 yetakchi kino maktabi vakillari ishtirok etdi. Kinofestival arafasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi shahar va viloyatlarda bir qator yangi kinoteatrlar barpo etildi. Jumladan, poytaximizda 1500 yosh kinoijodkorlarni oʻz ichiga oladigan kinoklaster, 400 oʻrinli yozgi kinoteatr, „Kinochilar bogʻi“ barpo etildi. Hukumatning 2022-yil 31-avgustdagi 480-son qarori bilan „Kinematografiya fidokori“ koʻkrak nishoni taʼsis etilgan.
Filmlar
Xalqaro festivallarda oʻrin olgan filmlar
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org