Kempegovda xalqaro aeroporti
Kempegovda xalqaro aeroporti (IATA:
BLR , ICAO:
VOBL ) – Hindistonning Karnataka shtati maʼmuriy markazi Bangalor shahriga xizmat koʻrsatuvchi xalqaro aeroport. 4,000 acre (1,600 ha) hududni egallagan aeroport shahardan taxminan 30 kilometr (19 mi) shimolda, Devanahalli shaharchasida joylashgan. Bengaluru International Airport Limited (BIAL) davlat-xususiy sheriklik konsorsiumi aeroportga egalik qiladi va boshqaradi. Aeroport 2008-yilning may oyida ochilgan va oʻsha vaqtga qadar shaharga xizmat koʻrsatib kelgan asosiy fuqarolik aeroporti HAL aeroportining muqobil boʻlgan. Nomi Bangalor shahri asoschisi Kempe Govda I sharafiga qoʻyilgan. Kempegovda xalqaro aeroporti Karnataka shtatining toʻliq quyosh energiyasida ishlaydigan birinchi aeroportiga aylandi, quyosh energiyasi CleanMax Solar kompaniyasi tomonidan generatsiya qilinadi.
Aeroport odamlar yashaydigan barcha oltita qitʼa bilan bogʻlanadi, ulardan beshtasiga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni taklif etadi. 2021–2022-moliya yilida aeroport taxminan 16,2 million yoʻlovchi hamda 411,550 tonne (453,660 short ton) yuk tashigan. Aeroport yoʻlovchi tashish, parvozlar soni va ichki va umumiy yuk tashish boʻyicha Hindistondagi uchinchi eng gavjum aeroport (Dehli va Mumbay aeroportlaridan keyin) boʻlib, Osiyoda 29-oʻrinda turadi.
Aeroportda ikkita yoʻlovchi terminali bor, ular ham mahalliy, ham xalqaro parvozlarga xizmat koʻrsatadi va ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagi mavjud boʻlib, ulardan ikkinchisi 2019-yil 6-dekabrda foydalanishga topshirilgan. Ikkinchi terminal 2022-yil dekabr oyida Bosh vazir Narendra Modi tomonidan ochilgan va 2023-yilning yanvar oyida mahalliy parvozlarga xizmat koʻrsatishni boshlagan, sentyabrda esa barcha xalqaro qatnovlar yangi terminalga koʻchirilgan. Shuningdek, yuk shaharchasi va uchta yuk terminali mavjud. Aeroport AIX Connect, Alliance Air, Go First, IndiGo, Star Air va DHL Aviation aviakompaniyalari uchun hab boʻlib xizmat qiladi va Air India hamda SpiceJet uchun ikkilamchi havo tugunidir.
Tarixi
Rejalashtirilishi (1991–2004)
Bangalor shahri markazidan 5 kilometr (3.1 mi) masofada joylashgan HAL aeroporti shaharga xizmat koʻrsatuvchi dastlabki aeroport edi va 2008-yilgacha Bangalorning asosiy aeroporti boʻlib kelgan edi. Dastlab 1942-yilda harbiy va mudofaa maqsadlarida tashkil etilgan HAL birinchi marta 1970-yillarning oxirida mahalliy qatnovlarga xizmat koʻrsatishni boshladi. Mahalliy reyslar taklifining kutilmagan mashhurligi aeroportning tez kengayishiga turtki boʻldi. 1990-yillarning oxirida birinchi xalqaro reyslar amalga oshirildi. Air India Singapurga parvozi bilan xalqaro reyslarni taklif qilgan birinchi aviakompaniya boʻldi. 2000-yilda ilk xorijiy aviakompaniya HAL aeroportidan parvozlarni amalga oshirdi. Bu aviakompaniya Royal Nepal Airlines boʻlib, Katmanduga parvoz qildi, bir yildan keyin Germaniyadan Lufthansa A340 samolyotida aviaqatnovlarni boshladi. British Airways va Air France kabi bir qancha yirik xalqaro aviatashuvchilar 2005-yilga kelib HAL aeroportiga uchayotgan edilar.
Biroq Bangalor Hindistonning Kremniy vodiysiga aylangani va shaharga yoʻlovchilar oqimi oshgani sayin bitta uchish-qoʻnish yoʻlagi va cheklangan samolyotlar toʻxtash joyiga ega HAL aeroporti ortib borayotgan talabga javob bera olmay qoldi. 2007-yilda u yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha 8 millionlik marrani bosib oʻtdi, bu esa aeroportning dastlabki sigʻimi 3,6 milliondan ikki baravar koʻp. Aeroportni kengaytirish uchun boshqa joy yoʻq edi va perronda faqat oltita samolyot bir vaqtda toʻxtay olar edi. 1991-yil mart oyida Hindiston Milliy aeroportlar boshqarmasining (NAAI) oʻsha paytdagi raisi S. Ramanatan yangi aeroport oʻrnini tanlash uchun komissiya yigʻdi. Hay’at Bangalordan 30 kilometr (19 mi) shimoldagi Devanahalli qishlogʻini tanladi. Shtat hukumati aeroportni xususiy sherik ishtirokida qurish taklifi bilan chiqdi, Milliy hukumat 1994-yilda ushbu taklifni maʼqulladi. Nihoyat, 1995-yilda Hindiston aeroportlar boshqarmasi (AAI) va Karnataka shtati hukumati xalqaro konsorsiumlarni shaharning yangi aeroportiga egalik qilish, qurish va foydalanish uchun tenderda ishtirok etishga chaqirdi.
1995-yil dekabr oyida Tata Group, Raytheon va Singapur Changi aeroporti konsorsiumi shtat hukumati bilan loyihada ishtirok etish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. 1998-yil iyun oyida konsorsium hukumatning rozilik berishidagi kechikishlari tufayli loyihani tark etishini maʼlum qildi. Kechikish sabablari orasida aeroportning joylashuvi va HAL aeroporti taqdiri boʻyicha bahslar ham bor edi.
1999-yil may oyida Hindiston aeroportlar boshqarmasi (AAI) va Shtat hukumatining Karnataka davlat sanoat va infratuzilmani rivojlantirish korporatsiyasi (KSIIDC) loyihaning mohiyati boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Bu davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻlib, AAI va KSIIDC 26% ulushga, xususiy sheriklar esa qolgan 74% ulushga ega boʻladi. 2001-yil yanvar oyida Shtat hukumati Bengaluru International Airport Limited (BIAL) kompaniyasini maxsus maqsadli korxona sifatida tashkil qildi va xususiy sheriklar qidirishni boshladi. Noyabrga kelib, loyihaga Syurix aeroporti, Siemens Project Ventures va Larsen & Toubro kompaniyalari jalb qilindi. Qurilish 2002-yil oktyabr oyida boshlanishi kutilayotgan edi, shunga qaramay, hukumatning kechikishlari davom etdi. Shtat hukumati, Milliy hukumat va BIAL oʻrtasidagi konsessiya shartnomasi 2004-yil iyul oyida imzolandi. Shartnomada BIAL HAL aeroportini yopishni talab qilgan edi.
Yer ajratish va olishning dastlabki bosqichidan boshlab, 2002-yilda aksiyadorlik shartnomalari imzolanishigacha va qurilish boshlanishiga qadar qariyb oʻn yil vaqt oʻtdi. Huquqiy bazani shakllantirish jarayonida BIALning asosiy eʼtibori aviatsiya sanoati duch kelgan misli koʻrilmagan oʻsishda edi.
Dizayni
Loyihani dastlabki rejalashtirish bosqichida BIAL 2008-yilda – faoliyatning birinchi yilida 5 million atrofida yoʻlovchilar oqimini kutgan edi. Biroq yangi aeroport qurilishi boshlangan paytda HAL aeroporti allaqachon 8 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatib ulgurdi. Jarayonni qayta ishlab chiqish va kerakli ruxsatnomalarni olish uchun toʻqqiz oydan koʻproq vaqt kerak boʻldi va quvvati oshirilgan loyihani tasdiqlashga ruxsat berilganda qurilish ishlarining yarmi bajarilib boʻlgandi. Loyiha qiyinchilikka qaramay yaxshi yoʻlga qoʻyildi va dastlabki ochilish sanasida tayyor boʻlishi kutilgan edi.
Qayta koʻrib chiqilib quvvati oshirilgan loyiha yiliga oʻn bir million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallandi, bu dastlabki rejadagi yiliga 5 million yoʻlovchiga nisbatan 2,2 baravar koʻproq. BIALning kengaytirilgan loyihasida sakkizta yoʻlovchilar chiqish koʻprigi, bitta qoʻsh qoʻlli aerokoʻprik, toʻqqizta masofaviy avtobus darvozasi va samarali taksi yoʻllari boʻlgan 4000 metrlik uchish-qoʻnish yoʻlagidan iborat terminal qurish rejalari bor edi. BIAL shuningdek, 42 ta Code-C tasnifidagi samolyotlar uchun stendlar (sakkizta aloqa stendlari bilan), shuningdek, havo va quruqlik yoʻllari tizimiga ega apron qurishni rejalashtirdi. Butun loyihaning taxminiy qiymati 1930 kror rupiyani (taxminan $430 mln) tashkil qildi.
Qurilishi va ochilishi (2005–2008)
Qurilish nihoyat 2005-yil 2-iyulda boshlandi. Tadqiqotlar 2008-yilda aeroport 6,7 million yoʻlovchi qabul qilishini koʻrsatdi, havo bandargohining dastlabki sigʻimi 4,5 milliondan qayta loyihalanganidan keyin 11 million yoʻlovchiga koʻtarildi, terminal hajmi kengaytirildi va samolyot stendlari soni orttirildi. Aeroportning qiymati 19,3 mlrd rupiyaga ($240 mln) oshdi. Qurilish 32 oyda yakunlandi va BIAL aeroport ochilish sanasini 2008-yil 30-mart deb belgiladi. Biroq aeroportda havo harakatini boshqarish xizmatlarini tashkil etishdagi kechikishlar tufayli ishga tushirish sanasi dastlab 2008-yil 11-mayga va nihoyat 24-mayga koʻchirildi.
Aeroportning ochilish sanasi yaqinlashar ekan, jamoatchilik tanqidi asosan HAL aeroportining yopilishiga qaratilgan edi. 2008-yil mart oyida AAI xodimlari ishsiz qolishlaridan qoʻrqib, HAL aeroporti hamda Haydaroboddagi Begumpet aeroportining yopilishiga qarshi ommaviy ish tashlash oʻtkazdilar. Bir guruh fuqarolar va ishbilarmonlardan iborat Bangalore City Connect Foundation may oyi oʻrtalarida yangi aeroport soʻnggi talab prognozlari uchun juda kichik ekanligini daʼvo qilib, miting oʻtkazdi. 23-may kuni Karnataka Oliy sudida shahar va aeroport oʻrtasidagi aloqaning yomonligi yuzasidan sud majlisi boʻlib oʻtdi. Oxir-oqibat, Shtat hukumati yangi aeroportni ochishni va HAL aeroportini yopishni davom ettirishga qaror qildi.
Yangi aeroport birinchi reysni Mumbaydan ochilish kunidan oldingi kechada qabul qildi, chunki Air India 609-reysi yarim tundan keyin Singapurga parvozni davom ettirishi kerak edi. Samolyot 23-may kuni kechki 10:40 da qoʻndi. Kampegovda aeroporti Haydaroboddagi Rajiv Gandi xalqaro aeroporti va Kochin xalqaro aeroportidan keyin Hindistonda davlat-xususiy sheriklik doirasida ochilgan uchinchi aeroportga aylandi.
Qayta nomlanishi va kengaytirilishi (2009-yildan hozirgi kungacha)
Aeroportning dastlabki nomi „Bangalor xalqaro aeroporti“ edi. 2009-yil fevral oyida Shtat hukumati Milliy hukumatga aeroport nomini Bangalor asoschisi Kempe Govda I sharafiga qayta nomlash taklifini yubordi. Rasmiy Dehli reaksiya koʻrsatmagach, shtat hukumati 2011-yil dekabr oyida aeroport nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Milliy hukumat 2012-yilda taklifni qabul qildi va 2013-yil iyul oyida rasman tasdiqladi. 2013-yil 14-dekabrda kengaytirilgan terminal binosining ochilishi munosabati bilan aeroport rasman „Kempegovda xalqaro aeroporti“ deb oʻzgartirildi.
Kingfisher Airlines bir vaqtlar aeroportdan oʻzining habi sifatida foydalangan va Kempegovdadan parvoz qiluvchi eng yirik aviakompaniyalardan biri edi. 2012-yil oktyabr oyida aviakompaniyaning yopilishi ortidan, boshqa aviakompaniyalar koʻproq reyslarni qoʻshish orqali mahalliy qatnovlardagi Kingfisherning boʻshligʻini toʻldirishga kirishdilar. Bundan tashqari, Air Pegasus va AirAsia India aviakompaniyalari 2014-yilda aeroportda oʻz hablari faoliyatini boshladi.
Kengaytirishning birinchi bosqichi 2011-yil iyun oyida boshlandi va 2013-yil dekabrida yakunlandi. 15 mlrd rupiya ($190 mln) qiymatga ega bu bosqichda yoʻlovchi terminali hajmi ikki baravar oshirilib, 150,556 square metre (1,620,570 kv. ft)ga yetkazildi va roʻyxatdan oʻtish, immigratsiya, xavfsizlik va bagajni qaytarib olish uchun qoʻshimcha inshootlar qurildi. Shuningdek, bitta mahalliy va uchta xalqaro darvoza qoʻshildi. Katta, suriladigan tom dastlabki binoni kengaytirilgan maydonlar bilan bogʻladi. „1A-terminali“ nomini olgan kengaytirilgan terminal aeroportning yillik yoʻlovchi sigʻimini 25 million kishiga yetkazdi.
2022-yil sentyabr oyida Qantas Airbus A330 samolyotlari bilan Sidneyga ucha boshladi. Bu Bangalor va Avstraliya oʻrtasidagi birinchi toʻxtovsiz aviaqatnov sanaladi. Keyingi oyda Emirates Dubayga uchadigan parvozlaridan birida Airbus A380dan foydalanishni boshladi va bu Bangalorning dunyodagi eng katta yoʻlovchi samolyotini birinchi marta qabul qilishi hisoblanadi. Air India 2022-yil dekabr oyida Boeing 777 samolyotlarida San-Fransiskoga muntazam parvozlarni boshladi.
Egaligi
Aeroport Bengaluru International Airport Limited (BIAL) OAJ tomonidan egalik qilinadi va boshqariladi. Hindiston hukumati tomonidan BIALga aeroportni 30 yilga boshqarish huquqi berilgan, bu huquq yana 30 yilga uzaytirilishi mumkin. Kompaniya davlat-xususiy sheriklik konsorsiumi hisoblanadi. GVK hind konglomerati dastlab Bangalor aeroportining 43% aksiyalariga egalik qilgan. 2016-yilda GVK oʻzining BIALdagi 33% ulushini Kanadaning Fairfax Financial kompaniyasiga 2149 kror rupiyaga sotishga qaror qildi. 2017-yil mart oyida GVK bu oldi-sotdi amalga oshirilganini tasdiqladi.
Nihoyat, 2018-yil yanvar oyida GVK qolgan 10% aksiyalarini Fairfax Financial kompaniyasiga ₹1290 krorga ga sotishga va Bangalor aeroportidan butunlay chiqib ketishga qaror qildi.
Aeroportning 26% ulushi davlat korxonalari – Karnataka Davlat sanoat investitsiyalari va taraqqiyot korporatsiyasi (13%) va Hindiston aeroportlar boshqarmasi (13%), 74% esa xususiy kompaniyalarga – Fairfax Financial (54%) va Siemens Project Ventures (20%) tegishli.
2021-yil mart oyida Hindiston aeroportlari maʼmuriyati mablagʻ toʻplash uchun oʻzining 13% ulushini sotish rejalarini eʼlon qildi. 2022–2025-moliya yillari orasida hind hukumati aviatsiya orqali ₹20,782 kror miqdorida daromad olishni maqsad qilgan. Jarayon Bangalor aeroporti ulushlarini sotish bilan boshlanadi, undan keyin Haydarobod, Mumbay va Dehli aeroportlaridagi ulushlar sotuvga qoʻyiladi.
Aeroport infratuzilmasi
Uchish-qoʻnish yoʻlaklari
Kempegovda xalqaro aeroportida ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagi mavjud.
Uchish-qoʻnish yoʻlaklari yotqizilganidan toʻrt yil oʻtgach, birinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi (hozir 09L/27R deb nomlanadi) sifatining jiddiy pasayishi tufayli butunlay taʼmirlandi. 2012-yil 11-martdan 3-aprelgacha bu yoʻlak har kuni soat 10:30 dan 17:30 gacha yopiq holatda turdi. Natijada, BIAL Larsen & Toubro qurilish kompaniyasini uchish-qoʻnish yoʻlagini sifatsiz qurishda aybladi. 09L/27R uchish-qoʻnish yoʻlagining janubida toʻliq uzunlikdagi parallel taksi yoʻli va Blue Dart/DHL terminalidan yoʻlovchi terminaligacha choʻzilgan apron mavjud.
Aeroportda ikkinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi qurilishi tugallandi va 2019-yil 6-dekabrdan boshlab, IndiGo aviakompaniyasining Haydarobod reysi (6E 466) 09R uchish-qoʻnish yoʻlagidan havoga koʻtarilganida rasman foydalanilishi boshlandi. Uchish-qoʻnish yoʻlagi barcha turdagi samolyotlarni, jumladan Airbus A380 va Boeing 747-8 kabi Code-F tasnifidagi samolyotlarni qabul qila oladi va CAT IIIB ILS bilan jihozlangan. Yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi bitta parallel taksi yoʻli va ikkita koʻndalang taksi yoʻllari bilan bogʻlangan. Koʻndalang taksi yoʻllari uchish-qoʻnish yoʻlagini sharqda 1-va 2-terminallardagi apronlar hamda mavjud shimoliy uchish-qoʻnish yoʻlagi bilan bogʻlaydi. Birinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi (09L/27R) ham kengaytirish ishlari doirasida yangilandi.
Eski uchish-qoʻnish yoʻlagi (09L/27R) 2020-yil 22-iyundan reabilitatsiya va mustahkamlash maqsadida toʻqqiz oyga yopildi. 2021-yil 31-mart kuni uchish-qoʻnish yoʻlagi yana xizmat koʻrsatish uchun ochildi va janubiy uchish-qoʻnish yoʻlagi bilan foydalanishga topshirildi, bu esa KIAni Janubiy Hindistondagi parallel uchish-qoʻnish yoʻlaklaridan foydalanayotgan birinchi aeroportga aylantirdi.
Terminallari
1-terminal Yagona integratsiyalangan yoʻlovchi terminali mahalliy reyslarni qabul qiladi. U 150,556 m (1,620,570 kv. ft) hududni qamrab oladi va yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi. Roʻyxatdan oʻtish va bagajni qabul qilish joylari podvalda, uchib ketish eshiklari esa birinchi qavatda joylashgan. Birinchi qavatdagi 1, 2, 12–18, 28–30 eshiklar mahalliy qatnovlar uchun, 31–42 eshiklar xalqaro qatnovlar uchun moʻljallangan, 3–9 eshiklar Gʻarbiy va 19–25 eshiklar Sharqiy yoʻnalishlarda avtobus eshiklari hisoblanadi. 41–42-eshiklar dunyodagi eng yirik yoʻlovchi samolyoti Airbus A380 ga xizmat koʻrsatish uchun jihozlangan. Dam olish xonalari Travel Food Services tomonidan taqdim etiladi, bu terminalda tranzit mehmonxona ham ishlaydi. VIP yoʻlovchilar uchun alohida 930-square-metre (10,000 kv. ft) maydonga ega dam olish hududi mavjud.
1-terminalda ikkita kutish zali bor: 080 mahalliy va 080 xalqaro zallari. Bangalor shahrining magistral telefon raqami tufayli „080“ nomini olgan zallar Bangalor bogʻ-shahrining mahalliy sanʼati, madaniyatidan ilhomlanib yasatilgan interyer va botanika elementlariga ehtirom koʻrsatilgan holda bezatilgan hamda shaharning jonli hikoyalarini koʻrsatib beradi. Ikkala zalni ham Travel Food Services boshqaradi.
12-sentyabrdan boshlab 1-terminal faqat Indigo, Akasa Air, Alliance Air va SpiceJet tomonidan amalga oshiriladigan mahalliy reyslarga xizmat koʻrsatadi, bunda barcha xalqaro qatnovlar 2-terminalga oʻtkazilgan.
2-terminal Skidmore, Owings & Merrill tomonidan Bangalorning bogʻ-shahriga hurmat sifatida ishlab chiqilgan va Larsen & Toubro tomonidan qurilgan aeroportning ikkinchi terminali 2022-yil 11-noyabrda Bosh vazir Narendra Modi tomonidan ochilgan. Taxminan ₹5 000 kror miqdoridagi xarajat evaziga qurilgan terminal birinchi bosqichda 255 000 kv.m maydonga ega boʻlib, aeroport sigʻimini yiliga qoʻshimcha 25 million yoʻlovchiga koʻpaytirishga yordam beradi. 2-terminal qurilishining ikkinchi bosqichi rejaga kiritilgan va aeroport sigʻimini yiliga qoʻshimcha 20 million yoʻlovchiga koʻtarishi kutilmoqda, bu esa terminalning umumiy sigʻimini yiliga 45 milliondan ortiq yoʻlovchiga yetkazadi. 2-terminalning birinchi bosqichi qurilishi 2018-yilda boshlangan, biroq loyiha COVID-19 pandemiyasi tufayli kechikishlarga duch keldi.
2-terminalning uchib kelish zonasi birinchi qavatda, uchib ketish esa ikkinchi qavatda rejalashtirilgan. 2-terminalning birinchi bosqichida 95 ta roʻyxatdan oʻtish punkti, 17 ta xavfsizlik nazorati yoʻlagi, 9 ta yuk tashish kamarlari, 34 ta anʼanaviy va 6 ta elektron immigratsiya darvozalari mavjud. Airbus A380 va Boeing 747-8 kabi yirikroq samolyotlarni qabul qilish uchun Code-F tasnifidagi eshiklarni oʻz ichiga olgan asfalt va reaktiv koʻprikli eshiklari bor 2-terminalning birinchi bosqichi 2023-yil 15-yanvarda mahalliy qatnovlar uchun ochildi, Star Air yangi terminalda ishlaydigan birinchi aviakompaniya boʻldi. 2023-yil 12-sentyabrda 2-terminal barcha xalqaro qatnovlarni qabul qila boshladi, Saudia 2-terminalda xalqaro reyslarni amalga oshiradigan birinchi xorijiy aviakompaniyaga aylandi. 2-terminal xalqaro reyslardan tashqari, Air India, AIX Connect, Vistara va Star Air tomonidan amalga oshiriladigan ichki reyslarga ham xizmat koʻrsatadi.
Aviayoqilgʻi xizmatlari
Aeroportda 11 acre (4.5 ha) hududni egallaydigan yoqilgʻi fermasi yuk shaharchasi va yoʻlovchi terminalining gʻarbiy qismida joylashgan. U Indian Oil Skytanking Ltd (IOSL) tomonidan qurilgan, ammo bir nechta neft kompaniyalari tomonidan foydalaniladi. 2008-yil oktyabr oyida Indian Oil oʻzining Devanagontidagi saqlash terminali va Kempegovda aeroporti orasida 36-kilometr (22 mi)lik yonilgʻi quvurini foydalanishga topshirdi. Ilgari aviayoqilgʻi aeroportga sisternalarda olib kelinardi va bu transport va ifloslanish muammolarini keltirib chiqarardi.
Yuk tashish infratuzilmalari
Kempegovda aeroportida uchta yuk terminali mavjud. Ulardan biri AISATS (Air India Singapore Airport Terminal Services) Ltd tomonidan boshqariladi va 150,000 tonne (170,000 short ton) yuk tashish quvvatiga ega. Bu terminal farmatsevtika mahsulotlarini saqlash omborini ham oʻz ichiga oladi.
DHL va Blue Dart Aviation birgalikda 20,500-square-metre (221,000 kv. ft) maydonga ega terminalni boshqaradi.
Uchinchi yuk terminali Menzies Aviation va Bobba Group (Lufthansa Cargoning savdo agenti) oʻrtasidagi qoʻshma korxona – Menzies Aviation Bobba (Bangalore) Pvt. Ltd tomonidan boshqariladi. 170 000 kvadrat fut yuk terminali 2008-yilning may oyida ish boshlagan. Terminal yiliga 280,000 tonne (310,000 short ton) yukni qayta ishlash quvvatiga ega.
2008-yil dekabr oyida BIAL yuklarga xizmat koʻrsatish uchun alohida qishloq tashkil qildi. Qishloq 11 acre (4.5 ha) maydonni egallagan va ofis maydoni, konferensiya zallari, xodimlar uchun kafeterya va 80 ga yaqin yuk mashinalari uchun toʻxtash joyini oʻz ichiga oladi. U 2010-yilgacha faoliyat boshlamadi va dastlab yuk kamligi tufayli muammolarga duch keldi, baʼzi yuk agentlari ochilish kechikishini yuqori ijara haqi va cheklangan infratuzilma bilan bogʻlashdi.
Boshqa imkoniyatlari
IndiGo iFly taʼlim akademiyasi 2019-yil 4-sentyabr kuni Hindistonning yetakchi aviakompaniyasi IndiGo oʻzining iFly taʼlim akademiyasini Bangalorda ham qurishini maʼlum qildi. Bu aviakompaniyaning mamlakatdagi ikkinchi shunday muaassasasi hisoblanadi. Akademiya aeroport kampusida quriladi.
2019-yil 6-sentyabrdan boshlab iFly aviakompaniya xodimlarini oʻqitishni osonlashtirdi. Aviakompaniyaning 27 000 dan ortiq xodimlariga akademiyada 100 dan ortiq oʻqituvchilar doimiy ravishda seminarlar oʻtadilar.
IndiGo Airlines aviakompaniyasining iFly taʼlim akademiyasi oʻz xodimlariga yil davomida mijozlarga xizmat koʻrsatish, perronda va saralash boʻyicha oʻqitish, xavfsizlik va favqulodda holatlardagi tartib-qoidalar, uchib ketishdagi nazorat qilish tizimi, aloqa va yetakchilarni tayyorlash va masofaviy taʼlim kabi ish jarayonida zarur boʻlgan koʻnikmalar boʻyicha maxsus treninglar oʻtkazadi.
IndiGo taʼmirlash va qayta tiklash bazasi IndiGoning asosan Airbus samolyotlaridan iborat aviaparkiga xizmat koʻrsatuvchi ikkinchi obyekti Bangalor aeroportida joylashgan. 218 000 ft.² atrofida maydonga ega boʻlgan obyekt, tor fyuzelyajli samolyotlar uchun bir nechta va keng fyuzelyajli samolyotlar uchun bitta toʻxtash joyiga ega. MRO nihoyasiga yetdi va 2022-yil noyabr oyidan ishlamoqda.
Markaziy oshxona
Oziq-ovqat yetkazib beruvchi SATS xizmati 14 000 kvadrat metr maydondagi birinchi markaziy oshxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻydi, 210 kror rupiya miqdoridagi investitsiya hududdagi talabni qondirishga moʻljallangan. SATS aeroport bilan Taj SATS orqali bort keytering, AISATS orqali yerda ovqat yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatdan beri hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.
Aeroportga aloqador kelajakdagi rejalar
Hozirda kengaytirishning ikkinchi bosqichi davom etmoqda, bu bosqich ikkinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi va yoʻlovchi terminali qurilishini oʻz ichiga oladi. Kempegovda xalqaro aeroporti toʻliq qurib bitkazilgandan soʻng yiliga 55 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Taxminan 40 mlrd rupiya ($500 mln) qiymatidagi loyiha 2014-yil sentyabr oyida Atrof-muhit, oʻrmon va iqlim oʻzgarishi vazirligidan (MOEFCC) ruxsat oldi.
Ikkinchi uchish-qoʻnish yoʻlagidagi yerda amalga oshiriladigan ishlar 2016-yil fevral oyida boshlangan va uchish-qoʻnish yoʻlagi 2019-yil dekabrida ochilgan. 1-terminaldan janubda joylashgan uchish-qoʻnish yoʻlagi 09/27 uchish-qoʻnish yoʻlagiga parallel boʻlib, oʻlchami 4,000 by 60 metr (13,120 ft × 200 ft), birinchi uchish-qoʻnish yoʻlagidan kengroq, shuning uchun u kattaroq samolyotlarni qabul qila oladi. Yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, shuningdek, CAT III sertifikatiga ega boʻlib, bu samolyotlarga tuman va boshqa past koʻrish sharoitlarida qoʻnish imkonini beradi.
Aeroportning kutilayotgan oʻsishini taʼminlash uchun ikkinchi terminal qurildi. Ushbu terminal Skidmore, Owings & Merrill tomonidan ishlab chiqilgan va qurilish shartnomasi Larsen & Toubro kompaniyasiga topshirilgan. Birinchi bosqichda terminal yiliga 25 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi, ikkinchi bosqichda esa yiliga yana 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. 2-terminal 2022-yil dekabr oyida ishga tushirilgan va 2023-yil yanvarida ish boshlagan.
Hozirgi uchish-qoʻnish yoʻlagidan 1500 metr shimolda quriladigan uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi aeroportda havo qatnovining oʻsishini qondirish uchun quriladi. „Yangi Shimoliy parallel uchish-qoʻnish yoʻlagi“ deb nomlangan rasmiylar uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi bilan havo tirbandligini yumshatishga umid qilmoqda. Budan tashqari aeroport uchun uchinchi yoʻlovchi terminali qurish ham taklif qilingan. Uning qurilishi 2034-yildan boshlanishi va dekadaning oxirida yakunlanishi kutilmoqda.
Aviakompaniyalar va yoʻnalishlar
Yoʻlovchi tashish
Yuk tashish
Statistika
Yer usti transporti
Avtomobil yoʻli
Kempegovda aeroporti Bangalor shahri bilan milliy avtomagistral 44 (NH 44) orqali bogʻlangan. 2014-yil yanvar oyida Hebbala va aeroport oʻrtasida NH 44 orqali olti qatorli yoʻl oʻtkazgich qurib bitkazildi va bu aeroportdan shaharga va teskari yoʻnalishda safar vaqtini qisqartirishga yordam berdi. Shuningdek, aeroportga borish uchun ikki muqobil yoʻnalish qurilmoqda va 2017-yilning martigacha qurib bitkaziladi. Ulardan biri Tanisandra qishlogʻi orqali, ikkinchisi Hennur aholi punkti orqali oʻtadi. Aeroportning avtoturargohi yer ostida joylashgan boʻlib, 2000 ta mashinani sigʻdira oladi. Aeroportda bir nechta taksi va avtomobillar ijaraga beruvchi kompaniyalar oʻz xizmatlarini taklif qilishadi. Bundan tashqari, Ola Cabs va Uber taksi agregatorlari terminal yaqinida oʻzlarining qabul qilish zonalariga ega.
Bangalor Metropolitan Transport Corporation (BMTC) Vayu Vajra (kannada tilidan „Havodagi olmos“ deb tarjima qilinadi) xizmati orqali aeroportni shaharning asosiy qismlari bilan avtobus orqali bogʻlaydi. Vayu Vajra xizmati Volvo B7RLE avtobuslari parki orqali tashkillashtiriladi. Bundan tashqari, Karnataka davlat avtomobil transporti korporatsiyasi (KSRTC) „Flybus“ deb nomlangan Kempegovda aeroporti va Maysur oʻrtasida, shuningdek, Mangalor orqali Manipalga toʻxtovsiz avtobus qatnovlarini amalga oshiradi.
Temir yoʻl
2021-yil yanvar oyidan Kampegovda xalqaro aeroportida temir yoʻl vokzali oʻz faoliyatini boshladi. Vokzal va aeroport terminali oʻrtasida besh daqiqalik qisqa shattl-baslar qatnaydi. Har kuni shahardan Devanahalli tomon besh poyezd KIA vokzalida toʻxtaydi va besh poyezd orqaga qaytadi. Kelgusida qulay MEMU poyezdlari harakati uchun yoʻnalish elektrlashtirilishi rejalashtirilgan. Maysurdan Yelahankagacha boʻlgan MEMU poyezdlari qatnovini KIA vokzali orqali Devanahalligacha uzaytirish mumkin, bu esa Maysur, Channapatna, Ramanagaram va Bidadidan aeroportga boruvchi yoʻlovchilarga foydali boʻladi.
Metro
Bangalor va aeroport oʻrtasida metro qatnovini yoʻlga qoʻyish rejasi 2020-yilda qayta tiklandi va hozirda qurilish bosqichi davom etmoqda. Aeroportga xizmat koʻrsatish uchun 2 ta metro bekati quriladi. 2019-yil yanvar oyida Karnataka hukumati Bangalor aeroporti metro liniyasini tasdiqladi. Bangalor shahrini aeroport bilan bogʻlash uchun moʻljallangan loyiha Namma metrosining 2B bosqichida boʻlib, uzunligi 37 kmni tashkil etadi. Moviy yoʻnalish KR Puram, Nagavara, Hebbal va Yelahanka orqali 5-liniya (KR Puram-Hebbal-Kempegovda xalqaro aeroporti) davomi sifatida 17 ta bekatga uzayadi. Loyiha 2024-yilning dekabriga qadar yakunlanishi kutilmoqda.
Aeroport hududida ikkita metro bekati qurilmoqda, biri yangidan barpo etilayotgan „Aeroport Siti“ yaqinida, u qisman dengiz sathidan balandda boʻladi, ikkinchisi esa 2-terminal qarshisida qurilayotgan Multimodal transport markazida. Ikki bekatning qurilishiga 800 kror rupiya xarajat qilinishi hisoblangan. Metro loyihasining umumiy qiymati 14,788 kror rupiya boʻlishi kutilmoqda.
Metro bekatlaridan chiqqan yoʻlovchilar BMTC avtobuslarida terminalgacha yetkazilishi koʻzda tutilgan. Kengligi 6 m boʻlgan yoʻl qurish rejalashtirilmoqda.
Tezyurar temir yoʻl qatnovi (HSRL)
2021-yil avgust oyida Karnataka bosh vaziri Basavaraj Bommai aeroport va shaharni bogʻlaydigan tezyurar temir yoʻl liniyasini (inglizcha: High Speed railway line,HSRL) qurish rejalarini eʼlon qildi. Bu reja amalga oshsa, aeroport uchta turli temir yoʻl liniyalari – metro, elektrichka va tezyurar temir yoʻl bilan bogʻlanadi va bunday bogʻlanishga ega oʻziga xos aeroportga aylanadi.
Bu tezyurar temir yoʻl qurish bilan bogʻliq birinchi rejalashtirish emas. HSRL qurish rejalari avvalroq 2001-yilda maʼlum qilingan edi va 2013-yilda u qayta tiklandi, lekin yerlarni olish bilan bogʻliq muammolar va yuqori xarajatlar tufayli har ikki marta ham toʻxtatildi. Yaqinda reja qayta tiklandi, chunki Bosh vazirning fikricha, bu ularning orzusi edi va ular buni amalga oshirmoqchilar, chunki dunyoning hech bir xalqaro aeroportida uchala transport turi mavjud emas.
Mukofotlari
2017-yilda Hindiston fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi Kempegovda xalqaro aeroportini oʻz vaqtida uchish va qoʻnishlarni taʼminlashdagi xizmati uchun Mamlakatning eng punktual aeroporti deb topdi. 2020-yilda aeroport Xalqaro aeroportlar kengashi tomonidan yiliga 25-40 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi eng yaxshi aeroport deb topildi. 2022-yil dekabr oyida aeroport nafaqat Hindistonning eng punktual aeroporti deb topildi, balki aviatsiya maʼlumotlarini tahlil qilish bilan shugʻullanuvchi Cirium kompaniyasi tomonidan dunyodagi eng punktual aeroportlar top-20 ligiga kiritildi. 2023-yil mart oyida aeroport Xalqaro aeroportlar kengashi tomonidan 2022-yil uchun dunyo miqyosida oʻtkazilgan „Aeroportlar xizmati sifati“ (ASQ) soʻrovi boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org