Kechirmas bobo maqbarasi




Kechirmas bobo maqbarasi (yoki Kechirmas ota maqbarasi) — Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanidagi tarixiy yodgorlik. Maqbara XII—XIV va XVI—XIX asrlarga tegishli boʻlib, bugungi kunda Ellikqalʼa markazi boʻlgan Boʻston shahrida joylashgan. Maqbara Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi.

Maqbara tarixi va faoliyati



Kechirmas bobo qadimgi davrda bu hududda yashagan avliyolardan biri boʻlgan. Bu shaxsning Muhammad paygʻambar bilan zamondosh boʻlganligi taxmin qilinadi. Kechirmas bobo oʻz davrida odamlarni davolaganligi sababli vafotidan keyin bu shaxsning qabri yordamga muhtoj boʻlgan mahalliy aholi uchun ibodat va shifo maskaniga aylangan. Bugungi kunga kelib maqbara Qoraqalpogʻiston Respublikasining eng koʻp tashrif buyuriladigan ziyoratgoh manzillari qatoridan joy olgan. 2020-yil koronavirus pandemiyasi tufayli turistlar oqimi ancha kamaygan boʻlishiga qaramay Ellikqalʼa tumaniga ichki turizm yoʻnalishi boʻyicha „Kechirmas ota ziyoratgohi va shifo maskani“ va „Norinjon bobo“ arxeologik yodgorligi va tumandagi boshqa tarixiy obyektlarga 40 mingdan ortiq ziyoratchi tashrif buyurgani xabar qilingan.

Etimologiyasi



Mahalliy aholi Kechirmas boboning turli kasalliklar davosiga yoʻl ochib qoʻyganiga ishonib kelishadi. Bu kasalliklardan biriga yoʻliqqan kishi faqat qilgan xatolaridan tavba qilish orqali tuzalishi mumkinligi aytiladi. Shuningdek, agar bu odam davolangandan keyin ham xuddi shunday xatoga yoʻl qoʻysa, butun umri davomida kasal boʻlib qolishi mumkinligiga mahalliy aholi ishonib keladi. „Kechirmas bobo“ nomi shu sababli kelib chiqqani taʼkidlanadi.

Yana qarang



Sulton Uvays bobo maqbarasi

Shibliy ota maqbarasi

Yusuf Hamadoniy maqbarasi

Shamun-Nabi maqbarasi

Tugʻon Turk maqbarasi

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz