Karlovi-Vari




Karlovy Vary (chex. Karlovy Vary, Chexiya qiroli Karl I nomiga qoʻyilgan va vary — issiq buloqlar maʼnosini anglatadi; nemischada Karlsbad) — Chexiyadagi shahar, Ogrje daryosi vodiysida, 380 m balandlikda. Aholisi 54,1 ming kishi (2000). Shahar chetida chinni sanoati korxonalari ("Mozer" zavodi) bor, badiiy shisha buyumlar ishlab chiqariladi. Karlovy Varyda 1950-yildan boshlab Xalqaro kinofestivallar oʻtkazib turiladi.

Karlovy Vary — balneologik kurort. Bemorlar mineral suv bilan davolanadi. Kurortga 1347—1358-yillarda asos solingan. Iqlimi moʻtadil nam. Yiliga 620 mm yogʻin yogʻadi. Yozi salqin (iyulning oʻrtacha temperaturasi 17,3°), qishi iliq (yanvarning oʻrtacha temperaturasi —2°). Koʻplab issiq buloqlar boʻlib, suvining temperaturasi +41,2° dan +72,2°gacha. Eng kattasi — Vrjidlo. Uning suvidan Karlovy Vary tuzi olinadi. Sanatoriy va pansionatlar bor. Turizm rivojlangan.

Galereya




Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz