Kampeche





Kampeche — Meksikadagi shtat, Yukatan yarim orolning gʻarbida. Maydon 51,8 ming km. Aholisi 689,6 ming kishi (2000). Maʼmuriy markazi — Kampeche sh. Ohaktoshlardan tuzilgan pasttekislikda joylashgan, karst relyef shakllari rivojlangan, bu esa gidrografiya tarmoqlarining rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Iklimi tropik, nam iklim. Oʻrtacha oylik temperatura 22—27°. Yiliga oʻrtacha 2000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Doim yashil tropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Kampeche — agrar shtat. Kampecheda kichikroq oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati korxonalari bor. Kampecheda, asosan, kofe, shakarkamish, sitrus mevalar, makkajoʻxori yetishtiriladi. Asosiy qishloq xoʻjaligi rayoni— Champoton. Indeys qabilalari yashaydigan oʻrmon zonalarida daraxtlar kesilib, dehqonchilik qilinadi. Yoz oylarida chikle teriladi. Asalarichilik rivojlangan. Qimmatbaho yogʻochga ishlov beriladi. Baliqovlanadi. Dengiz mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar Kampeche shahrida joylashgan. Avtomobil va temir yo'llari orqali Meksikaning boshqa shtatlari bilan bogʻlangan.

Manbalar





uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz