Kamoliddin Oʻrinboyev
Kamoliddin Turdimurodovich Oʻrinboyev — Oʻzbekiston yoshlar simfonik orkestri asoschisi, badiiy rahbari va bosh dirijyori. 2020-yil 16-iyundan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori.
Biografiyasi
1985-yilda tug‘ilgan. Musiqiy taʼlimni Glier nomidagi musiqa akademik litseyida gʻijjak va skripka chalishni oʻrganishdan boshlagan. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining bakalavr bosqichini 2007-yilda, magistratura bosqichini 2009-yilda tugatgan. 2009-yili Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriyasining dirijyorlik fakultetiga oʻqishga kirdi. Sovet Ittifoqi xalq artisti Gennadiy Rojdestvenskiydan tahsil oldi.
Janubiy Koreyaning „Buyuk ipak yo‘li“ (koreyscha: 그레이트 실크로드), Rossiyaning „Yangi nomlar“ (ruscha: Новые имена), „Spivakov taklif qilmoqda“ (ruscha: Спиваков приглашает) tanlovlarida ishtirok etgan. Qozog‘istonda oʻtkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida qatnashgan. 1998-yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan Xalqaro musiqa festivali laureati, 2007-yilda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari 2-xalqaro tanlovida 1-darajali diplomga sazovor boʻlgan. 2009-yilda MDHga aʼzo davlatlar mumtoz musiqa ijrochilarining „Kreml yulduzlari“ (ruscha: Кремлёвские звёзды) xalqaro festivali laureati boʻlgan.
Rossiya Davlat akademik simfonik orkestri, Ukraina milliy simfonik orkestri, Katta simfonik orkestri, Ippolitov-Ivanov simfonik orkestri, Brandenburg simfonik orkestri, Oʻzbekiston milliy simfonik orkestriga dirijyorlik qilgan.
Opera dirijyori sifatida ham Katta teatrda chiqish qilgan. „Alisher Navoiy“ va „Fidelio“ operasiga dirijyorlik qilgan.
2014-yilda bir guruh yosh hamfikr musiqachilar bilan birgalikda O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestriga asos solgan. 2015-yil avgust oyida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi qarori bilan ushbu tashkilot qoshida orkestr rasman o‘z faoliyatini boshladi. 2020-yilda orkestr davlat rahbarining qarori bilan Madaniyat vazirligiga oʻtkazildi.
Mukofotlari
2014-yilda Kamoliddin O‘rinboyev „Oʻzbekiston belgisi“ ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shu yil dekabr oyida Prezident Islom Karimovning Farmoni bilan „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ unvoni berildi.
2022-yil 31-avgustda Ozarbayjonning "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlandi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org