Kamoliddin Husayniy
Kamoliddin Husayniy (15-asr, Hirot) – musiqashunos, sozanda, bastakor. Alisher Navoiy uni bolaligidan tarbiyalab, homiylik qilgan. Soz chalishni Mahmud Husayniy, Mavlono Alishoh, Mir Murtoz, musiqa nazariyasini Xoja Abulvafo Xorazmiy, Xoja Shahobuddin Marvarid kabi oʻz davrining mashhur sozanda va musiqashunoslaridan oʻrgangan. Ud, qonun va tanbur chalishda mohir boʻlgan. Xondamir uning “ovozi ud ovoziga nihoyatda mos tushadi, ustodlik ishlari va naqshu amalni yod biladi”, deb yozadi. Shuning uchun ham Ustod Husayn nomi bilan mashhur boʻlgan. “Buzruk”, “Navo”, “Ushshoq”, “Husayniy” maqomlari vaznida “Naqsh”, “Peshrav”, “Amal” silsilalarini yaratgan. “Naqshi Husayniy”, “Amaloti Husayniy” kabi kuylar uning mashhur musiqalaridan hisoblanadi.
Manba
uz.wikipedia.org