Józef Piłsudski
Józef Klemens Piłsudski (polakcha: ˈjuzɛf piwˈsutski ( tinglang), 5-dekabr 1867 – 12-may 1935) Polsha davlat arbobi, prezidenti (1918–22), marshali (1920-yildan) boʻlgan. Birinchi jahon urushi oʻrtalaridan u Polsha siyosatiga katta taʼsir koʻrsatib, Yevropa siyosiy sahnasining muhim shaxslaridan biri boʻlgan. U 1918-yili Ikkinchi Polsha Respublikasi yaratilishiga masʼul boʻlgan. Żeligowski isyonidan keyin Polsha Piłsudski boshchiligida Vilnusni bosib oldi, biroq Litvaning katta qismini yangi Polsha davlatiga qoʻsha olmadi.
Faoliyati boshida Piłsudski Polsha sotsialist partiyasi rahnamosi boʻlgan. Biroq Polsha mustaqilligi uchun nafaqat siyosiy, balki harbiy kurash ham olib borish kerakligini tushungani tufayli Polsha legionlarini tuzgan. 1914-yili u Yevropa urushi boshlanishini, Rossiya Imperiyasining Markaziy davlatlar tomonidan, Markaziy davlatlarning esa gʻarb kuchlari tomonidan yengilishini kutgan edi. Birinchi jahon urushi boshlanganida u va uning legionlari Avstriya-Mojariston va Olmon Imperiyasi tomonida Rossiyaga qarshi jang qildi. 1917-yili Markaziy davlatlarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatdi.
1918-yil noyabrida Polsha mustaqil boʻlganidan to 1922-yilgacha Piłsudski Davlat Raisi (polyakcha: Naczelnik Państwa) boʻlgan. 1919–21-yillarda u Polsha qoʻshinlarini Polsha-Sovet urushida boshqardi. 1923-yili Polsha hukumatida Milliy demokratlar boshliq muxolifatlar yigʻilishi bilan u faol siyosatdan chiqdi. Uch yil oʻtib, 1926-yil mayidagi toʻntarilish ketidan yana mansabga oʻtirdi va de facto Polsha yetakchisiga aylandi. Varshavadagi Italiya elchisi unga „qadimgi ritsarlar kiyimidagi liberal demokrat“ deb baho bergan. Shundan soʻng Piłsudski vafotigacha (1935) asosan harbiy va tashqi siyosiy ishlar bilan shugʻullangan.
Oʻlimiga qadar oʻttiz yil davomida Piłsudski bir-birini toʻldiruvchi ikki strategiya: "Prometeizm", Rossiya Imperiyasi va Sovet Ittifoqini parchalashga harakat; hamda Polsha va qoʻshni mamlakatlardan iborat Dengizlararo federatsiya qurishga intilish bilan ish olib borgan. Ayrim siyosiy amallari ziddiyatlarga sabab boʻlgan esa-da, Piłsudski xotirasi Polsha vatanparvarlari tomonidan qadrlanib keladi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org