Juma Namozov




Juma Namozovich Namozov (1922—2003) — iqtisodchi olim va tashkiotchi rahbar. Iqtisod fanlari nomzodi (1962), professor. Xalq maorifi a’lochisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi. Buxoro davlat universiteti rektori (1961—1978).

Tarjimayi holi



Juma Namozov 1922-yil 12-noyabrda hozirgi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Vang‘ozi qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1939-yilda o‘rta maktabni tugatib, o‘zi o‘qigan maktabda tarix-geografiya fanlari o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Shu yilning avgustida harbiy xizmatga chaqirilgan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida bo‘linma komandiri, harbiy qism siyosiy ishlari tashkilotchisi sifatida Rossiya, Ukraina, Boltiqbo‘yi, Polsha yerlarini bosqinchilardan ozod etishda kurash olib bordi. Ikki marta „Qizil yulduz“ ordeni, „Jasorati uchun“, „Jangovarligi uchun“ medallari va „Birinchi darajali Vatan urushi“ ordeni  va ko‘plab medallar, faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Urushdan so‘ng Qiziltepa tumani hamda Buxoro viloyati rahbariy idoralarida faoliyat olib bordi. 1957—1961-yillarda Buxoro viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishladi. G‘o‘za barglarini zaharli vositalar bilan to‘kish jarayonida zaxarlanib, uzoq vaqt davolandi.

Juma Namozov 1958-yilda aspiranturaning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, 1962-yilda iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. U 1962-yildan umrining oxiriga qadar Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Iqtisod nazariyasi  kafedrasi mudiri, kafedra professori lavozimlarida ishlagan. Juma Namozov 1961-yildan 1978-yilgacha Buxoro davlat universitetining rektori vazifasida faoliyat yuritgan.

Juma Namozov o‘z mehnat faoliyati davida „Mehnat Qizil Bayroq“ va „Hurmat Belgisi“ ordenlari, bir qator medallar bilan mukofotlangan.

Juma Namozov 2003-yil 6-dekabrda 81 yoshida vafot etgan.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz