Joʻybori Kalon madrasasi
Joʻybori Kalon madrasasi (
Joʻybor madrasasi ,
Madrasai Joʻybor ,
Xoʻja Joʻybori Kalon madrasasi ,
Oyposhsha oyim madrasasi ) — Buxoro madrasasi. Oʻzbek hukmdori Abdulazizxon (1645—1681) davrida uning onasi Podshoh oyim donatorligida xonlik poytaxtidagi Joʻybor mavzeining Havzi nav guzarida bunyod etilgan. Buxorodagi eng nufuzli va dovruqli madrasalardan boʻlgan.
Tarixiy manbalarda Joʻybori Kalon madrasasiga oid koʻplab maʼlumotlar berilgan. Bir qavatli madrasada 29 ta hujra va katta kutubxona joylashgan boʻlgan.
Vaqfnomasi
Joʻybori Kalon madrasasining bir necha nusxadan iborat vaqf hujjatlari saqlanib qolgan. Ulardan biri asl, qolgan ikkitasi Amir Shohmurod davrida koʻchirilgan nusxalardir. Ularning orasida deyarli farq yoʻq. 1671-yil yanvar—fevral oylarida tuzilgan asl vaqfnomada Podshoh oyim binti Abdurahimxojaning tuzilishi tuxum shaklida yasalgan va xonlar muhrini eslatadigan muhri bor.
Voqif vaqfnomaga: "Agar imoratning birorta gʻishti siniq holda qolarkan, vazifadorlarning hech biriga bir chaqayam berilmasin!" — deb buyruq yoʻsinida qatʼiy shart qoʻygan. Hujjatda mutavalli oʻquv dargohi tarkibidagi masjid uchun har ikki yilda 10 ta kigiz, har yili yangi boʻyra sotib olishi lozim boʻlgan.
Madrasaning yillik vaqf mablagʻi 130 ming tangani tashkil qilgan. Madrasa mudarrislari va talabalarining taʼminoti vaqfnomada koʻrsatilgan vaqf mablagʻining madrasa taʼmiri uchun ketgan sarf-xarajatdan qolgan qismidan ajratilgan, uning ulushi miqdori vaqf hujjatida aniq qilib belgilangan. Hujjatga asosan mudarrislarning umumiy ulushi 500 tillani va talabalar uchun ajratilgan ulush 20 tillani tashkil etgan.
Joʻybori Kalon madrasasida 13—16 nafar mudarris taʼlim berishgan boʻlib, madrasadagi mudarrislarning umumiy soni va toifasiga qarab 35—50/55 tilla maosh olishgan. Mudarrislar turli toifaga mansub boʻlganidan, ularning maoshi ham bir-birinikidan farq qilgan.
Tarixi
Tarixiy manbalarda Joʻybori Kalon madrasasiga oid koʻplab maʼlumotlar bor. Muhammad Sharif maxdum uni malika Oyposhsho oyim qurdirgani toʻgʻrisida maʼlumot bergan. Buxorodagi eng nufuzli va dovruqli madrasalardan boʻlgan. Uning kutubxonasida 8 ming jilddan ortiq kitoblar saqlangan.
Joʻybori Kalon madrasasi oʻzbek hukmdori Abdulazizxon (1645—1681) davrida uning onasi Podshoh oyim donatorligida xonlik poytaxtidagi Joʻybor mavzeining Havzi nav guzarida bunyod etilgan va malikaning nasliga ishora sifatida „Joʻybor“ nomi bilan atalgan.
Ayrim tadqiqotchilar asossiz ravishda bu madrasani Podshoh oyim qurdirganiga shubha bilan qarashgan. Masalan, L. Asrorovaga koʻra, Joʻybori Kalon madrasasi oʻzbek hukmdori Subhonqulixon (1680—1702) davrida Buxoro hokimi Abdulazizxon farmoni bilan barpo qilingan va madrasaning qurilishida Abdulazizxonning onasi Oyposhsha bibi bosh-qosh boʻlgan emish. Hattoki Joʻybori Kalon madrasasining rasmiy saytida ham oʻquv dargohi Subhonqulixon davrida bunyod etilgani yozilgan. Holbuki, madrasa qurilgan 1670—1671-yillarda Subhonqulixon hali hukmdor emas edi.
Tarixiy hujjatlarning biriga koʻra, Joʻybori Kalon madrasasidan bir hujra 18 tillaga ijaraga berilgan.
Sovetlar davrida madrasada talabalarga ilm berish faoliyati tugatilib, molxona, keyinchalik novvoyxona, soʻngra shisha idish qabul qiladigan maskanga aylantirilgan. Natijada madrasa tashlandiq holatga kelgan.
Madrasa faoliyati 1992-yil 1-sentabrdan qayta tiklangan. Endi u Joʻybori Kalon ayol-qizlar islom oʻrta-maxsus bilim yurti sifatida hozirga qadar faoliyat koʻrsatib kelyapti. Unda talabalar dars jarayonida diniy va dunyoviy fanlarni oʻzlashtirishyapti.
Arxitekturasi
Joʻybori Kalon madrasasining qurilishida azaliy anʼanaga rioya qilgan. Hashamatli peshtoq ichidagi darvoza orqali miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroydan chap qoʻlda masjid, oʻng qoʻlda tomga chiqiladigan pillapoya va hujralar tizilmasi joylashgan. Madrasa bir qavatli — 21 hujrasi bor. Ravoqlari keng. Hujralar bir-biri bilan tom usti gumbazlari orqali tutashtirilgan. Koʻcha va sahna tomonga qaratilgan yorugʻkirar gumbazlari orqali tutashtirilgan. Koʻcha va sahna tomonga qaratilgan yorugʻlik kiruvchi girehlar panjaralari mavjud. Madrasa ichkari hovlisining devori bezaksiz. Hujralar yuza qismi, eshiklar ustiga obi gʻisht kesmalari bilan zeb berilgan. Hovli oʻrtasida obrav — chiqindi suvlari tushib ketadigan yoʻl mavjud. Peshtoq chap qanot devorida tashqaridan uchta hujra bor. Devorlarning koʻcha tomon yuziga arkalar bilan bezak berilgan. Peshtoq ikki tomonida guldasta, guldastada koʻshk yoʻq. Madrasani bezaklari gulnoriy (bahor gullari rangiday bezak berish sanʼati) rangda koshin bilan parchinkoriy qilingan. Peshtoq kitobasida yozuvlar boʻlgan. Bugungi kunda yozuvlardan bironta soʻz qolmagan. Peshtoqning yuza qismida koshinkoriydan namunalar mavjud.
Manbalar
Havolalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org