Josuslik
Josuslik — davlat xavfsizligiga qarshi jinoyat; shaxsning davlat siri hisoblanadigan maʼlumotlarni chet davlat yoki uning agenturasiga yetkazish, bunday maʼlumotlarni yetkazish maqsadida qoʻlga kiritish yoki toʻplash. Davlat siri hisoblanadigan maʼlumotlar ijtimoiy, iqtisodiy yoki harbiy xususiyatga ega boʻlishi mumkin. J. oʻta ogʻir jinoyat hisoblanib, juda koʻp mamlakatlarda bunday jinoyat uchun uzoq muddatga ozodlikdan maxrum etish yoki oʻlim jazosi belgilangan. Uz.R da qonunga koʻra, J. respublika suvereniteti, hududiy daxlsizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati yoki iqtisodiyotiga zarar yetkazgan holda qasddan sodir etilgan qilmish hisoblanib, u davlatga xoinlik qilish deb baholanadi. Bu xildagi jinoyat uchun 10 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan maxrum etish yoki oʻlim jazosi belgilangan. Chet el razvedkasi bilan hamkorlik qilishta jalb etilgan shaxs, basharti oʻziga yuklatilgan topshiriqni bajarish yuzasidan hech qanday harakat sodir etmasdan, bu haqida oʻz ixtiyori bilan hokimiyat organlariga xabar bersa, javobgarlikdan; oʻzining jinoiy faoliyatini ixtiyoriy ravishda toʻxtatgan va qilmishi haqida hokimiyat organlariga maʼlum qilib, jinoyat ochilishiga faol yordam bergan shaxs, basharti, davlat uchun kelib chiqishi mumkin boʻlgan ogʻir oqibatlarning oldi olingan boʻlsa, jazodan ozod etiladi (Oʻzbekiston Respublikasi JK, 160-modda).
Manbalar
uz.wikipedia.org