Joʻraxon Rahmonov
Joʻraxon Rahmonberdiyevich Rahmonov (1917—1977) — sovet sanʼatkori, Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining asoschilaridan biri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1974), Qirg'iziston madaniyati va sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan.
Hayot yoʻli
Joʻraxon Rahmonberdiyevich Rahmonov 1917-yilda Oʻsh shahrining „Shayxlar“ mahallasida tugʻildi. Otasi Qirgʻizistonda teatr harakatining asoschisi, Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining asoschisi va birinchi direktori, badiiy rahbari va rejissori Oʻshda taniqli arbob Rahmonberdi Madazimov boʻlgan. Joʻraxon Rahmonov 20 yoshga toʻlganda, otasi tashkil etgan Oʻsh oʻzbek drama teatrida ijodiy faoliyatini 1937-yildan boshladi. 1938-yili Sovet armiyasi safiga chaqirildi. Fin va Ikkinchi Jahon Urushilarida va Leningrad qamalida ishtirok etgan. 2-Belorus frontining 9-tank korpusi 95-tank brigadasida katta serjant lavozimida xizmat qilgan. Rossiyani, Ukrainani, Bellorussiyani, Polshani, Germaniyani, Berlin va Reyxstagni ozod etishda qatnashgan. SSSR mudofaa vaziri, Sovet Ittifoqi marshali A. Grechko Joʻraxon Rahmonov nomiga Gʻalaba kuni bilan yozma tabriknoma joʻnatgan. Kommunistik partiya va Sovet hukumati Joʻraxon Rahmonovning Ikkinchi Jahon Urushidagi jasoratlarini yuksak baholab, urush davridagi koʻrsatgan qahramonliklari uchun 2-darajali "Vatan urushi" ordeni (buyruq 9-TK № 015/p 23-avgust 1943-yil) va koʻplab medallar bilan taqdirlangan.
Pochchasi Izzatullo Sultonov Yangiyoʻl tumaniga koʻchib ketadi va Shuralisoy qishloq kengashini tuzib, maʼsul kotibi, soʻng raisi lavozimlarida ishlaydi va yangi yerlar oʻzlashtirishda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda faol ishtirok etadi. Ulugʻ Vatan urushi tugagach, Shuralisoyda yangi teatr ochib, unga jiyani Joʻraxon Rahmonovni chaqirtiradi va u umr yoʻldoshi Oyimxon bilan keladi. Joʻraxon Rahmonov teatrni asoschisi va badiiy rahbari boʻlgan. U teatrda qarindoshlari Zulfiya, Karomat opalar, pochchasi Toshkentboy naychilar ishlashgan.
Shuralisoydagi teatrni ijodiy faoliyatini yoʻlga qoʻygandan soʻng Joʻraxon Oʻsh drama teatriga qaytib keladi. Ijodiy jamoaning va Joʻraxon Rahmonovning kamolotga erishuvida Ch. Aytmatovning „Momo yer“, K.Yashinning va M. Muhamedovning „Dilorom“, V. Shekspirning „Otello“ asarlarini sahnalashtirilishi alohida bosqich boʻldi. Teatr ellikinchi-olmishinchi yillarga kelib mustamlaka va qaram mamlakatlarda milliy ozodlik harakatining avj olishi, mazlum xalqlarning ozodlik, demokratiya uchun kurashi mavzuiga, aniqrogʻi xorijiy Sharq yozuvchilarning shu mavzudagi asarlariga murojaat etdi. Yozuvchi Sohib Jamolning „Guli siyoh“, „Afsonaviy shaxs“ asarlari asosida ishlangan musiqali dramani tomoshabinlar mamnuniyat bilan kutib oldilar.
Ijodiy jamoa va uning safida Joʻraxon Rahmonov kamolot pillapoyalaridan dadil koʻtarilib borib, jahon va rus adabiyoti klassiklarining asarlariga murojaat qila boshladi. Birdaniga uchta klassik asar: N. Gogolning „Revizor“ va „Uylanish“, Karlo Gotssining „Malika Turandot“ sahnaga qoʻyildi va Joʻraxon Rahmonov ularda bosh rollarni ijro etdi. Keyingi yillarda Sh. Rashidovning „Qudratli toʻlqin“, K. Trenyovning „Lyubov Yarovaya“, „Qizil galstuk“, F. Shillerning „Makr va Muhabbat“, K. Goldonining „Ikki xoʻjayinning bir quli“, A. Ostrovskiyning „Momaqaldiroq“, N. Boytemirovning „Urqiya“, „Toʻy oldidan toʻpolon“, „Sevgi, jaz va shayton“ asarlarida Joʻraxon Rahmonov bosh rollarni muvaffaqiyatli oʻynadi. Joʻraxon Rahmonov qirgʻiz tilini aʼlo darajada bilgani uchun Oʻsh shahrida qirgʻiz drama teatri (1974 yili qurilgan) tuzilguncha qirgʻiz yozuvchilarining klassik va zamonaviy dramalarini Bobur nomli teatrida sahnalashtirishida faol qatnashgan. Joʻraxon Rahmonov qirgʻiz dramaturglari pesalaridagi rollarni sof qirgʻiz tilida ijro etgan. Bu bilan u mustaqil Qirgʻiziston tuzilguncha qirgʻiz tilini teatr sahnasida targʻibot-tashviqot qilgan. 1957 yili Qirgʻiziston SSR madaniyat vazirligining faxriy yorligʻi bilan mukofotlandi. 14-25-oktabr 1958 yili Joʻraxon Rahmonov teatr jamoasi bilan birga Moskva shahrida Qirgʻiziston sanʼati va adabiyoti ikkinchi dekadasida qatnashdi. 20-fevral 1961 yili Qirgʻiziston teatr jamiyati 1 sʼezdida qatnashdi. 1967 yili teatr safida Joʻraxon Rahmonov qardosh Tojikistonda gastrolda boʻldi. Gastrol muvaffaqiyatli oʻtganligi uchun jamoa Tojikiston SSR madaniyat vazirligining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. 11-17-iyul 1967 yili Moskvada Qirgʻiziston madaniyati va sanʼati kunlarida qatnashdi. 4-14-sentabr 1969 yili Oʻzbekistonda Qirgʻiziston adabiyoti va sanʼati dekadasida qatnashdi. 2-10-aprel 1970 yili V.Lenin 100-yilligiga bagʻishlangan SSSR xalqlari sanʼati bayramida qatnashdi. 1-10-iyun 1974 yili Qirgʻiziston SSR va Qirgʻiziston Kompartiyasi 50-yilligiga bagʻishlangan SSSR xalqlari sanʼati „Olatogʻ bahori“ 5-festivalida qatnashdi.
Teatr jamoasi 1974 yili qardosh Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda gastrolda boʻldi. Teatr jamoasi ilgari bir necha marta Oʻzbekiston poytaxtida gastrolda boʻlsa-da, bu safargisi dastur koʻlami jihatidan birinchi katta gastrol edi. Toshkentlik sahna muxlislariga toʻrt spektakl — Sharof Rashidovning „Qudratli toʻlqin“ musiqali dramasi, Joʻra Mahmudovning „Sohibjamol“ lirik fojiasi, Qosimali Jontoʻshevning „Moʻylovli qiz“ musiqali komediyasi va Umarjon Ismoilovning „Rustam“ musiqali dramasi hamda katta konsert dasturi namoyish etildi. Tomoshabinlar har bir spektakl va konsertni mamnuniyat bilan kutib oldilar. Safar davomida teatr jamoasi sanʼatni targʻib qilishda muxim rol oʻynagan gastrollarni Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli oʻtkazganligi uchun Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi rayosatining faxriy yorligʻi bilan mukofotlandi. Hamma oʻynagan bosh rollari yuksak baholanib, teatrning yetakchi aktyori Joʻraxon Rahmonovga Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi rayosatining 5-iyul 1974 yildagi 164 sonli qaroriga asosan „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Ushbu faxriy unvonni qirgʻizistonlik faqat ikkita artistgina olgan.
1977 yili teatrda quvonchli voqea yuz berdi. Teatr 1977 yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha Butunittifoq sotsialistik musobaqasida Ittifoq teatrlari ichida ikkinchi oʻrinni egalladi. Teatr nomiga KPSS Markaziy Qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzoligiga nomzod, SSSR madaniyat vaziri P.N. Demichev va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari MQ raisi M. Pashkovdan tabrik telegrammasi keldi va teatr diplom va fahriy yorliq bilan taqdirlandi. 1992 yili avvalgi Kirov nomi oʻrniga teatrga Z.M. Bobur nomi berildi.
Joʻraxon Rahmonov teatr sahnasida 100 dan oshiq rollarni ijro etgan komik, tragik, lirik va dramatik aktyor boʻlgan. Uning teatrdagi koʻplab komik luqmalarini, hazil-mutoyibalarini va askiyalarini dramaturg Abdugʻani Abdugʻafurov „Mushtum“ jurnalida, 2000 yilda nashr etilgan „Oʻshning oqil farzandlari“ kitobining 129-130 betlarida yozilgan. Abdugʻani Abdugʻafurovning 1980-yili va fevral 2010 yilda nashr etilgan „Oʻshning akademik teatri“ kitobining 6, 45 betlarida Joʻraxon Rahmonovning Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining faoliyat koʻrsatishdagi xizmatlari aks ettirilgan, 41 betda Joʻraxon Rahmonovning teatr jamoasi bilan birga tushgan rasmi chiqqan. Joʻraxon Rahmonovning Qirgʻiziston madaniyati va sanʼati rivojlanishiga qoʻshgan hissasi yuksak baholanib, Qirgʻiziston SSR Oliy Kengashi rayosatining ikki marta (№ 44880 10-fevral 1968-yil va № 52654 28-avgust 1974-yil) fahriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Qirgʻiziston boʻyicha ushbu fahriy yorliq bilan ikki marta mukofotlangan arboblar sanoqli boʻlgan. 28-yanvar 1976 yili 9-besh yillik golibi medali bilan mukofotlandi.
1977 yil 7-aprel kuni Joʻraxon Rahmonov kasallikdan soʻng vafot etdi. Juma kuni, uni qabrga qoʻyish marosimida Oʻsh viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, keyinchalik respublika vazirlar kengashi raisi Sulton Ibraimov, Oʻsh shahar ijroiya qoʻmitasi rahbarlari Sultanov, Sidorov va boshqa rasmiylar qatnashgan. Ular oʻzining xayrlashuv soʻzlarida Joʻraxon Rahmonov xaqida iliq soʻzlar aytishgan. Joʻraxon Rahmonov vafot etgandan soʻng, qarindoshlarini Oʻsh shahar ijroiya qoʻmitasi raisi chaqirdi va vafot etgan teatr artistini xotirasini abadiylashtirish kerakligini va u tugʻilib oʻsgan va yashagan Alebastrova koʻchasini uni sharafiga nomlash kerakligini taklifini aytgan. Shuningdek Oʻsh viloyati madaniyat boshqarmasi shunday taklif bilan chiqqan. Lekin qarindoshlari azada edi, hech qayerga borishmadi va murojaat etishmadi. Shuning uchun boʻlsa kerak oʻsha paytda Oʻsh shahar ijroiya qoʻmitasi Joʻraxon Rahmonov nomiga koʻchani nomlamadi. Qarindoshlari esa soddaligi, tortinchoqligi va jiddiyligi tufayli oʻzlari ushbu masalani boshqa koʻtarmadi va yelib-yugurmadi. Lekin koʻp yillar oʻtgandan soʻng, tushunib yetyapmizki, Qirgʻiziston madaniyati va sanʼati rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan arboblarni xotirasini abadiylashtiribgina, biz oʻsib kelayotgan avlodda Qirgʻiziston xalqlarining madaniyatini hurmat qilish hissini tarbiyalay olamiz. Joʻraxon Rahmonov yettita farzandni tarbiyalagan. Uyida hamisha pokizalikni talab qilgan. Joʻraxon Rahmonovning toza, ajoyib, maʼnaviy barkamol, insonparvar, yorqin siymosi bizning xotiramizda va qalbimizda abadiy saqlanib qoladi.
Joʻraxon Rahmonov Oʻsh viloyati, Oʻsh shahar, Qorasuv tumani kengashlari deputati boʻlib saylangan.
Oʻynagan rollari
Filmografiya
Artist
Joʻraxon Rahmonovning Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrida ijodiy faoliyati 1937-1977 yillarda. Yuzlab rollar ijro etgan, koʻplab konsert dasturlarida ishtirok etgan. Tomoshabinlarga quyidagi oʻynagan bosh va epizodik rollari yoqqan:
„Boy ila xizmatchi“dagi batrak, „Toʻqtagʻul“dagi Toʻqtagʻul, „Revizor“dagi shahar hokimi, „Uylanish“dagi pristav, M.Rahmonning „Botir va Raʼno“, „Ravshan va Zulxumor“dagi Aynoq botir, „Momaqaldiroq“dagi Dikoy, „Toshbolta oshiq“dagi Toshbolta, „Tohir va Zuhra“dagi Boboxon, „Farhod va Shirin“dagi Yosuman, „Vatan ishqi“dagi Mavlon, „Besh soʻmlik kelin“dagi ota, „Fargʻona tong otguncha“dagi Qodirqul mingboshi, Ch.Aytmatovning „Birinchi oʻqituvchi“, F.G.Litvinskaya, M.Azizovning „Qonli kunlar“, Sohib Jamolning „Ajoyib shaxs“, „Orzigul“dagi shoh, M.Karimovning „Notanish tanishginam“dagi Jengish ogʻa, Nemis ofitseri roli, A.Qodiriyning „Oʻtgan kunlar“, „Nodira“, „Surmaxon“, „Aziz qizlar“, A.Abdugʻafurovning „Qizgʻanchiqlik“, „Aldangan qiz“, Sh.Rashidovning „Boʻrondan kuchli“ va boshqa koʻplab rollari tanqidchilarning tahsinlarini olgan va tomoshabinlarni esida koʻp yillar davomida hanuzgacha qoldi. Shuningdek koʻplab konsert dasturlarida ishtirok etgan.
Joʻraxon Rahmonovning Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatri sahnasida rollar ijro etgan asarlar roʻyxati
Bundan tashqari, teatr sahnasida koʻplab konsert dasturlarida ishtirok etgan.
Olgan mukofotlari
Oilasi
Adabiyotlar
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org