Jo‘ra Saidov (1909-1999)



Saidov Jo‘ra Kamolovich (1909, Qo‘qon shahri — 1999.9.4, Toshkent) — botanik olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1968), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1977), biologiya fanlari doktori (1960), professor (1967).

Samarqanddagi O‘zbekiston pedagogika akademiyasini tugatgan (1932). Qo‘qon shahri paxtachilik instituti botanika kafedrasi assistenti (1932—35), Samarqand qishloq xo‘jalik instituti botanika kafedrasida dotsent va mudir (1941—43), institut direktori (1943—52), botanika va o‘simliklar fiziologiyasi kafedrasi mudiri (1952—60), O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi Fanlar Akademiyasi akademigi-kotib (1960—61), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutida o‘simliklar morfologiyasi, anatomiyasi va embriologiyasi laboratoriya mudiri (1962— 88), institut direktori (1964-86), 1988 yildan bosh ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.

Ilmiy ishlari o‘simliklar anatomiyasi, morfologiyasi va fiziologiyasiga oid. Jo‘ra Saidov karbonat va magniyli, xlorid va sulfatli tuzlar bilan sho‘rlangan tuproqning g‘o‘za va makkajo‘xori anatomiyasi hamda fiziologiyasiga ta’sirini tadqiq qilgan. O‘rgimchakkana bilan zararlangan g‘o‘za bargining anatomiya va morfologiyasidagi o‘zgarishlarni o‘rgangan. O‘zbekiston foydali yovvoyi o‘simliklari anatomiyasi, tsitoembriologiyasi va cho‘l yaylovlarining fitomelioratsiyasi maktabi asoschisi.

Jo‘ra Saidov rahbarligida 12 jildli «Foydali o‘simliklar morfobiologiyasi» (T., 1964—93) nashr etilgan.



Uzpedia.uz