Jonuzoqov To‘raqul




Toʻraqul Jonuzoqov (1893-yil, Jambul viloyati (Avliyoota) — 1921-yil 18-noyabr, Fargʻona viloyati (Rossiya imperiyasi) Fargʻona vodiysi) — Turkiston ASSR MIK raisi oʻrinbosari (1920), istiqlolchilik harakati gʻoyaviy rahbarlaridan biri.

Biografiyasi



Toʻraqul Jonuzoqov 1893-yilda Talas vodiysining yuqori qismida joylashganToldi-Buloq (hozirgi Talas viloyati Talas tumani) qishlogʻida tavallud topgan.

Toʻraqul Jonuzoqov dastlabki taʼlimini rus-tuzem maktabida olgan. Maktabning eng yaxshi bitiruvchisi sifatida mehnat faoliyatini 1909-yilda Turkiston o‘lkasi general-gubernatorligi boshqarmasida tarjimon sifatida boshlagan. Sovet maʼmuriyatida faoliyat yuritib, ilgʻor rus ziyolilari, Rossiyaning eng oʻqimishli kishilari bilan koʻp marotaba suhbatlar olib boradi, shuningdek, xizmat faoliyati davomida uning nomzodi Rossiya Davlat Dumasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

Siyosiy faoliyati



Turkiston ASSR harbiy-siyosiy rahbariyati oʻrtasida koʻp masalalarda qarama-qarshiliklar mavjud boʻlgan. Ayniqsa, bosmachilar harakatining dastlabki ikki yilida hukumat aʼzolari oʻrtasida aniq kelishuv mavjud boʻlmagan. Siyosiy rahbariyat Turkistondagi bosmachilarga qarshi kurashda yoʻl qoʻyilgan xatolar va ularga haddan tashqari zulmkorona munosabatda boʻlgan harbiylarni tanqid ostiga olish uchun ruxsat bera boshlaydi. Hukumat tomonidan bundan koʻzlangan maqsad bosmachilar harakati, koʻplab oʻzboshimchalik va zoʻravonlik holatlari, oddiy xalqqa nisbatan uyushtirilgan terrorchilik ishlariga qarshi kurash masalasini kuch bilan hal qilishdan iborat edi.

Oʻlkada sovet tuzumi oʻrnatilgach, Jonuzoqov dastlab shoʻro idoralarida mehnat yuritadi. Boku shahrida oʻtkazilgan Sharq xalqlari 1-qurultoyida (1920-yil 1—7-sentyabr) ishtirok etib, Sergey Kirov, G. Zinovyev, Grigoriy Orjonikidze kabi koʻzga koʻringan bolshevik arboblarini oʻz ichiga olgan ushbu qurultoyning targʻibot va harakat boshqaruv kengashiga Jonuzoqov rahbar etib saylanadi. Qurultoydan soʻng sovet tuzumidan norozi boʻlib, bolsheviklar partiyasiga qarshi kurash eʼlon qilgan 40 nafar delegat safida Toʻraqul Jonuzoqov ham bor edi. 1920-yilning kuziga kelib, Jonuzoqov istiqlolchilar tomoniga oʻtadi. Shermuhammadbek boshliq istiqlolchilar qarorgohida boʻlib, uning harbiy shtabi mafkuraviy ishlariga raxbarlik qiladi. Jonuzoqov tayyorlagan maxsus varaqa va murojaatnomalar Fargʻona vodiysi aholisi hamda istiqlolchilar oʻrtasida tarqatiladi.

1920—1921-yillarda Jonuzoqov Fargʻona vodiysidagi eng yirik qoʻrboshilardan hisoblangan Parpi qoʻrboshi guruhiga qoʻshilib, Qirgʻizistonning Jalolobod viloyati hozirgi Novken, Bozorqoʻrgʻon va Suzoq tumanlari va Oʻzbekistonning Andijon viloyatiga tutash viloyatlari hududlarida faoliyat olib boradi.

1921-yil iyunida Andijon uyezdiga borib, Isroil qoʻrboshi guruhiga qoʻshiladi va guruhning tashkiliy va gʻoyaviy ishlari boʻyicha yordam koʻrsatadi. Kanayev taxallusi ostida Qizil armiya jangchilari orasida istiqlolchilik harakatining asl mohiyatini tushuntirish borasida ish olib boradi, natijada koʻpgina rus zobitlari va askarlari bosqinchi Qizil armiyani tashlab ketishga majbur boʻlgan boʻlsa, ayrimlari istiqlolchilar tomoniga oʻtadi.

Jonuzoqov Samarqandda Turkiston Milliy birligi 6-kongressini (1921-yil 5—7-sentyabr) tashkil etish va uni oʻtkazishda faol ishtirok etadi. Validiy va Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli bilan birga Turkiston Milliy birligining bayrogʻini tayyorlaydi.

Vafoti



1921-yilning 18-noyabr sanasida Jonuzoqov Qizil armiya askarlari bilan boʻlgan toʻqnashuvlarning birida oʻldiriladi.

Xotira



1980-yilda D. Furmanovning „Myatej“ („Isyon“) romani asosida Maksim Gorkiy nomidagi Moskva badiiy teatri „Ekran“ ijodiy uyushmasi tomonidan Toʻraqul Jonuzoqov xotirasiga bagʻishlangan film-spektakl suratga olinadi. Unda Jonuzoqov rolini RSFSRda xizmat koʻrsatgan artist Vitaliy Belyakov ijro etadi.

Adabiyot




Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz