Jomasho'y
Jomashoʻy — Namangan viloyatidagi shaharcha (1972 y.gacha Katta Jomashoʻy qishlogʻi). Mingbuloq tumani markazi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Oqtoshdan 12 km. Viloyat markazi — Namangandan 29 km. 383 m balandlikda. Aholisi 10,1 ming kishi (2000). Dastlab 1952 yilda choʻlda tashkil etilgan Jomashoʻy tumanining markazi boʻlgan. J. nomi jamansha urugʻi nomidan degan taxmin mavjud. J.da 3 umumiy taʼlim maktabi, markaziy kutubxona, markaziy kasalxona, maishiy xizmat uyi, savdo markazi, sanʼat saroyi, aloqa uyi, dehqon bozori va b. bor.
Jomashoʻy — shaharcha ilgari Katta Jomashoʻy qishlogʻi, deb atalgan. Qishloqqa oʻtgan asrning saksoninchi yillarida rasmiy ravishda shaharcha maqomi berilgan. Shaharcha shimoldan Sirdaryo orqali Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Gulqishloq, gʻarbdan Momoxon, sharqdan Dovduq, janubidan Oltinkoʻl shaharchasi bilan chegaradosh. Mahalliy havaskor tadqiqotchi Karimjon Qobulovning fikricha, Jomashoʻy nomi kelib chiqishi aholining etnik taraqqiyoti bilan bogʻliq. Maʻlumki, qishloqning tub joy aholisi Fargʻona qoraqalpoqlari boʻlgan. Tarix fanlari nomzodi L.S.Tolstova “Fargʻona vodiysi qoraqalpoqlari” degan tarixiy-etnografik ocherk kitobi (Qoraqalpogʻiston davlat arxivi, Nukus-1959 yil, 19-21 bet)da tadqiqotlarga asoslanib, qoraqalpoqlarning asosiy qismi XVIII asrning toʻrtinchi choragida, Norboʻtabiy hukmronligi davrida Fargʻona vodiysiga koʻchib kelganligini yozadi. Ular Qoʻqon yaqinidagi Ganji-Ravon degan joydan to Oʻsh tomondagi Buvagʻozi degan qishloqqacha boʻlgan oraliqda daryo boʻylariga manzillar qurishgan. Qoraqalpoqlarning jamansha urugʻi vakillari hozirgi Jomashoʻy oʻrnidagi qoʻriq biyobonga joylashgan. Shundan qishloq nomi kelib chiqqan boʻlishi kerak. “Jomansha” soʻzi keyinchalik Jamansh-Jamasho-Jamashov tarzida oʻzgarib ketgan, degan asosli taxmin bor. Tubjoy aholi tilida bu joy hozir ham Jomashov deb ataladi. Sovet davrida barcha sohalar qatori joy nomlari ham ostun-ustun boʻlib ketdi. “Jomashov” ruscha talaffuzga moslashtirilib, “Djumashoʻy” deb ataladi. Tayyor nom turib, ruschadan oʻzbekchaga “Jomashoʻy deb neppo-nozin tarjima qilinadi.
Shunday qilib asli oʻzagidan yiroq yangi nom paydo boʻldi. Jomashoʻyning “Joma” – kiyim-bosh, libos, “shoʻy” – yuvmoq yaʻni “libos yuvilgan joy” maʻnosida izohlovchilar ham bor.
Adabiyotlar
1. Mamasoli Abdurahmonov. "Choʻllar chaman ochdilar", Namangan nashriyoti. 2017.
Manbalar
uz.wikipedia.org